E'lonlar

Aziz va yagonasan, jonajon O’zbekistonim!

on . Posted in E'lonlar

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati O’zbekiston Respubliikasi Mustaqilligining 27 yillik shodiyonalariga keng ko’lamda tayyorgarlik ko’rib, uni o’ziga xos mehnat zafarlari bilan kutib olmoqda.

29 avgust kuni

Soat 16.00 da “Metallurg” MSda mehnat faxriylari, ishlab chiqarish ilg’orlari, yoshlar ishtirokida xalqimizning eng ulug’, eng aziz bayrami Mustaqilligimizning 27 yilligiga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tadi.

Shu kuni o’zining fidoiy mehnatlari bilan hamkasblariga ibrat bo’lib kelayotgan konchi-metallurglar “Konchilik shuhrati” ko’krak nishoni, Faxriy yorliq va qimmatbaho esdalik sovg’alar bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, “Metallurg” MSning ijodiy dastalari tomonidan tayyorlangan maxsus kontsert dasturi va xalqimizning sevimli san’atkorlari, xizmat ko’rsatgan artistlar Abdurashid Yo’ldoshev, Umar Shamsiev, “Iste’dod” guruhi va qiziqchi Shukurullo Isroilov ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etiladi.

30 avgust kuni

Soat 9.00 da karnay-surnay sadolari ostida xalq sayli boshlanadi. “Metallurg” MS yon-atrofida olmaliqlik konchi-metallurglarning ko’rgazmasi namoyish etiladi. Shuningdek, yoshlar bog’ida “Metallurg” SK sportchilarining bellashuvi va konsert bo’lib o’tadi.

Soat 12.00 da Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan ulkan doshqozonda besh tonnalik osh damlanadi. Mohir oshpazlar tomonidan tayyorlangan o’zbek palovi kombinat tasarrufidagi mehribonlik va saxovat uylariga, maktab-internatlarga, kombinat korxona, sex va bo’limlariga, shahar korxona-tashkilotlariga, mahallalarga, ya’ni ishchi-xodimlarga va aholiga “Istiqlol palovi” sifatida tarqatiladi.

Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilari, mehnat faxriylari bo’lgan nuroniylarga “Zafar” to’yxonasida to’kin dasturxon yozilib, osh tortiladi.

Soat 18.30 Mustaqillikning 27 yillik bayram tantanalari Toshkent viloyati ahli ishtirokida “OKMK” sport majmuasida katta shodiyonalar bilan o’tkaziladi.

Toshkent viloyati bayramining konsert dasturlari shu kuni “Olmaliq” telekanali orqali to’g’ridan-to’g’ri efirga uzatiladi va “Metallurg” MS hovlisiga o’rnatiladigan katta ekranda ham to’g’ridan-to’g’ri namoyish etiladi.

 OZIQ-OVQAT YARMARKASI

Joriy yilning 28 avgustidan boshlab “Metallurg” MS hududida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mirishkorlari tomonidan yetishtirilgan mevalar, sabzavotlar, sut va go’sht mahsulotlarini arzonlashtirilgan narxlarda aholiga sotish yo’lga qo’yildi.

Shahrimiz aholisi va mehmonlarini ushbu yarmarkaga taklif etamiz!

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech