http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Kasaba uyushmasi xabarlari

“Bizning mahalla”

on .

Xabaringiz bor, “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati hamda kombinat xodimlar Kasaba uyushmasi Kengashi hamkorligida muhtasham “Metallurg” madaniyat saroyida kombinat ishchi-xodimlari hamda shahrimiz aholisi uchun bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. 30 yanvar kuni hamshaharlarimiz uchun yana bir ajoyib madaniy-ma’rifiy tadbir tuhfa etildi.

O’zbekiston davlat musiqali komediya(operetta) teatri tomonidan “Bizning mahalla” spektakl-konserti shahrimiz tomoshabinlari e’tiboriga havola etildi. Rejissyor Gulrux Najidova tomonidan sahnalashtirilgan ushbu musiqiy spektaklda voqealar rivoji shahrimizdagi mahallalarning biridagi choyxona atrofida kechadi. Spektaklda choyxonachi Alijon va uning qizi Go’zalning hayot mazmuniga aylangan, umrining eng baxtli damlari kechgan choyxonani biznesmen Davronboy sotib olmoqchi bo’ladi. Mahalla ahli ham o’zlari uchun ardoqli bo’lib qolgan choyxonaning sotilishiga qarshilik ko’rsatadi. Badiiy asar g’oyasi baxt boylikda emasligini, insoniy tuyg’ular, mehr-oqibat va odamiylik kabi hislatlarning bebaho ekanligini, dunyoda boylikdan ham aziz narsalar borligini tomoshabinga yetkazishga harakat qiladi.

Spektaklda rollarni O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Sur’at Artikov, Dildora Toshmatova, Sherxon Narushev, Oybek Sotkulov, Sarvar Soliyevlar zo’r mahorat bilan ijro etishdi.

Mazkur spektakl-konserti tomoshasi taassurotlari haqida hamshahrimiz mehnat faxriysi Anzirat Xudoyqulova shunday dedi: - Spektakl menda katta taassurot qoldirdi. Tomoshaning keksalar hamda yoshlar uchun foydali jihatlari ko’p. Biz mehnat faxriylari uchun bir-biridan ajoyib madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkillashtirayotgan kombinat rahbariyati hamda Kasaba uyushmasi Kengashiga o’z minnatdorchiligimni bildiraman.

O’zbekiston davlat musiqali komediya(operetta) teatri faoliyati bilan qiziqib teatr direktori Abdusaid G’aniyev fikrlariga quloq tutamiz.

- Mana bugun Olmaliqqa ijodiy safar uyushtirdik. Teatrimiz asosan operetta janrida faoliyat yuritadigan O’rta Osiyoda yagona operetta teatri hisoblanadi. Asosan 4 xil yo’nalishda – klassik, zamonaviy, milliy hamda ertak spektakllarni tomoshabinlarga taqdim etamiz. Bugun olmaliqlik muxlislarimizga repertuarimizdagi “Bizning mahalla” spektakl-konserti namoyish etildi. Ushbu spektakl-konserti barcha yosh qatlamlariga mo’ljallangan. Tomoshada O’zbekiston xalq artistlari Botir Zokirov hamda Farrux Zokirovlarning qo’shiqlari ijro etildi. O’ylaymanki, milliy qadriyatlarimizni tarannum etgan “Bizning mahalla” spektakl-konserti tomoshabinlarga manzur bo’ldi.

 “Bizning mahalla” spektakl-konserti hamshaharlarimizda katta taassurot qoldirgani shubhasiz.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech