http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Kasaba uyushmasi xabarlari

“Gulzor” oromgohi

on .

Shinam, salqin hamda zamonaviy bularning barchasi “Gulzor” oromgohida mavjud.

Mana yozning jazirama kunlari ham boshlanib, odatda bu kunlarda ta’tilga chiqqan farzandlarimiz yurtimizning bahavo, so’lim go’shalarida joylashgan sog’lomlashtirish oromgohlariga otlanishadi. Musaffo havosi bilan hatto xorijlik sayyohlarni ham o’ziga chorlayotgan so’lim Bo’stonliq tumanida joylashgan “Olmaliq KMK” AJ Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasi tasarrufidagi “Metallurg” bolalar sog’lomlashtirish oromgohi safiga o’tgan yildan boshlab yana bitta oromgoh qo’shildi, ya’ni bu “Gulzor” oromgohi. Ijodiy guruhimiz bilan ushbu oromgoh faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida so’lim Bo’stonliq tumaniga yo’l oldik.

Chotqol tog’i etaklaridan obi hayotni olib kelayotgan “Oqsoq ota” soyi bo’yida joylashgan “Gulzor” BSO 10 gektardan ziyod hududda bunyod etilgan bo’lib, hudud to’laligicha turli xil mevali va manzarali daraxtlar bilan burkangan. So’nggi bor 2001 yilda bolajonlarni qabul qilgan “Gulzor” oromgohi 2018 yildan boshlab yana o’z faoliyatini qayta tikladi. Oromgoh direktori Muzaffar Ma’murjonovning ma’lumotiga ko’ra, o’tgan qisqa vaqt mobaynida oromgoh “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti hamda Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasi tomonidan ta’mirlanib, mavsumga shay holatga keltirildi. Oromgoh oshxonasi hamda kir yuvish xonalari zamonaviy jihozlar bilan to’liq ta’minlandi.

BSO shtabi boshlig’i Malika Miraxmetovaning ma’lum qilishicha, bu yilgi birinchi mavsum 11 iyunda boshlangan bo’lib, oromgoh 330 nafar o’g’il-qizlarni qabul qilgan. Ular 13 ta otryadga bo’lingan holda dam olishmoqda. Yana bir e’tiborli jihat - bu yil har bir mavsum 16 kundan tashkil etilib, bu ham kombinat ishchi-xodimlarining farzandlariga yaratilgan imtiyozdir. Oromgohda dam olayotan bolajonlarning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli xil to’garaklar malakali pedagoglar tomonidan o’z faoliyatlarini amalga oshirimoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan muhim 5 ta tashabbus bo’yicha tashkil etilgan to’garaklar faoliyatiga nazar tashlaymiz. Axborot-texnologiya yo’nalishida o’qituvchi Mavluda Saidmurodova bolajonlar uchun kompyuter texnologiyalari sir-asrorlarini o’rgatib kelmoqda. “Sog’ tanda sog’lom aql”. Ushbu maqolga o’qituvchi Muyassar Dushaeva amal qilib, sport yo’nalishida bolajonlarni jismonan chiniqtirishga harakat qilib kelayapti. Musiqa inson qalbiga bir zum bo’lsada sokinlik olib kirib, unga ruhiy quvvat bag’ishlashi bor gap. Ayniqsa, yosh avlodni musiqaga bo’lgan e’tiborini kuchaytirish, ularni musiqaga oshno qilish har tomonlama foydali ekanligini musiqa yo’nalishi rahbari Muazzam Abdumahkamova yaxshi anglaydi. Til bilgan el biladi, deydi dono xalqimiz. Toshkent davlat jahon tillari universtiteti talabasi Buvaysha Normirzaeva ham xorijiy tilni yaxshi bilganidan Xitoy davlatida bir yil o’qish imkoniyatini maxsus grant loyihasi g’olibi bo’lib qo’lga kiritdi. Buvaysha rahbarligida ingliz tili yo’nalishi bo’yicha bolajonlar o’z bilimlarini oshirib borishayapti. Bola yoshligidan bir buyum yoki predmetni o’zi qo’lda yasasa, mehnatdan qochmaydigan, kelajakda yaratuvchanlik hissi bilan ulg’ayishini “Mohir qo’llar” yo’nalishi rahbari Saodat Isoqova bot-bot takrorlashdan charchamaydi. Vinsent Van Gog, Rafael, Kamoliddin Behzod kabi buyuk rassomlar tomonidan yaratilgan asarlar asrlar o’tsada qiymatini yo’qotmay, bahosi oshib boraveradi. Rassomchilik yo’nalishida sur’at chizish sirlarini bolajonlarga o’rgatib kelayotgan o’qituvchi Zuhra Sulaymonova o’tmishda o’tgan buyuk rassomlar ham yosh bola bo’lganligini, tinimsiz mashqlar ularni buyuk shaxslar darajasiga yetkazganligini jajji o’g’il-qizlarga tushuntirib boradi.

Qo’li shirin oshpaz Feruza Yunusalieva tayyorlayotgan mazali taomlar bolajonlarga manzur bo’lmoqda.

- Bolajonlar uchun 3 mahal issiq ovqat, alvon choy hamda ikkinchi kechki ovqat tashkil etilgan, - deydi oromgoh diet hamshirasi Dilnoza Tojiboeva. - Tayyorlanayotgan ovqatlarning sifati hamshira tomonidan doimo nazoratda. Bolajonlarning sog’lom bo’lib o’sishlari uchun taomlarning kaloriyaliligiga, vitaminlarga boyligiga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda.

BSO ish rejasiga ko’ra, har kuni 2 mahaldan madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari o’tkazib borilayapti. Shuningdek, bir kun bolalar uchun filmlar namoyish etilsa, ikkinchi kun diskoteka tashkillashtiriladi.

Tibbiyot punkti shifokori Mashhura Rahmatullaeva esa o’g’il-qizlarning salomatligiga mas’ul.

Bugun mamlakatimiz bo’ylab kitobxonlikni ommaviylashtirish, bolajonlarni kitobga bo’lgan qiziqishini oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Oromgohda ham bu borada quvonarli ishlar bajarilgan. Xususan, oromgoh qoshidagi kutubxonada o’g’il-qizlar har kuni soat 10:00dan 12:00gacha hamda 16:00dan 17:00gacha 1439 dona turli adabiyotlarni mutolaa qilish imkoniyatiga egalar.

Yozning jaziramasida cho’milish havzasida cho’milganga nima yetsin? Buning uchun oromgohda barcha sharoitlar yaratilgan bo’lib, cho’milish havzasi bolajonlarga muntazir. Faqatgina kunning biroz iliqroq kelishi(tog’ havosi) va hozircha suv harorati cho’milish me’yorlariga mos emasligi bois shifokorlar cho’milishga ruxsat berishmagan.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, bolalikning shirin lahzalarini  boshidan o’tkazayotgan o’g’il-qizlarimiz so’lim va betakror maskanda yangi kuch va g’ayratga to’lib, bir olam taassurotlar bilan qaytishi shubhasiz.

Sherzod TILOVBERDIEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech