http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Kasaba uyushmasi xabarlari

Sermazmun sayyohat va ziyorat

on .

O’tgan shanba va yakshanba kunlari 100 nafarga yaqin kombinat ishchi-xodimlari ochiq osmon ostidagi muzey, zamin sayqali, deya e’tirof etiluvchi qadim va navqiron Samarqandda sayohatda bo'lishib, uning muqaddas qadamjolarini ziyorat qilib qaytishdi.

Ochiq osmon ostidagi muzey, zamin sayqali, deya e’tirof etiluvchi qadim va navqiron Samarqandga sayohat, uning muqaddas qadamjolarini ziyorat qilish nafaqat xorijlik sayyohlar, balki yurtdoshlarimiz uchun ham ezgu orzu-istak hisoblanadi. Yillar o’tgani sari bag’oyat qadrlanib borishda davom etayotgan qo’hna Samarqandga sayohat Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari uchun bardavom an’anaga aylangan. O’tgan shanba va yakshanba kunlari 100 nafarga yaqin kombinat ishchi-xodimlarining qadim kentga tashrifi umuman o’zgacha mazmun va mohiyat kasb etdi.

OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan “Sardoba karvon” sayyohlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkillashtirgan sayohati har tomonlama mazmunli va samarali bo’ldi, deb baholash mumkin. Eng zamonaviy rusumdagi, salqinlashtiruvchi qurilmalar va axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan avtobuslar, bilim doirasi keng va xushmuomala gidlarning xizmati, nonushta, tushlik, kechki ovqatlanishlar, mehmonxona ta’minoti barcha-barchasi yuqori tashkilotchilikda tashkil etilganidan dalolat beradi.

Islom dunyosida mashhur bo’lgan muqaddas, ulug’ olim Imom Al-Buxoriy dafn etilgan Chelak tumani Xartang qishlog’idagi kompleksga tashrif bilan sayohat boshlandi. Buxoro xoni Abdullaxon tomonidan qurilgan masjid hamda Imom Al-Buxoriyning qabrlarini o’zida mujassam etgan ziyoratgoh o’ziga xos tarixga ega. 1974 yilda Imom al-Buxoriyning tavalludiga 1200 yil to’lishi munosabati bilan tashlandiq holatga kelib qolgan joyda maqbara tiklanishiga kirishiladi. Shundan so’ng, bu tabarruk ziyoratgohda katta obodonchilik ishlari bajarildi. Hozirda Imom Al-Buxoriyning qabri O’zbekistonga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun tabarruk ziyoratgohga aylangan. O’zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi va ko’rsatmasi bilan Xartang qishlog’ida ulkan, hashamatli Imom al-Buxoriy majmuasi bunyod etildi. Shu o’rinda ulug’ bobomiz Imom al Buxoriy o’n olti yil davomida olti yuz ming hadisni ajratib, ularni tartibga solib “Al-Jome, As-Sahih” nomli ulkan asarini yaratgani va “Sahihi Al- Buxoriy” nomi bilan mashhur bu asar islom olamida g’oyat ahamiyatli asar ekanligini ta’kidlab o’tish zarur. Mazkur yodgorlik majmuining bosh rejasini tuzishda an’anaviy milliy me’moriy yechimlar (peshtoq, ravoq, gumbaz, ayvon va boshqa) asosida barpo etilgan binolar (maqbara, masjid, ma’muriy va boshqa inshootlar) kishini rom etmasdan qolmaydi.

Yana bir ulug’ ajdodimiz Mirzo Ulug’bek 1409 yilda Temuriylar davlati taxtiga kelib shaharni yanada obodonlashtirilishi Movarounnahrning ilmiy va madaniy markazi bo’lib qolishini ta’minladi. U matematika, astronomiya fanining eng ilg’or olimlarini Samarqandga chorladi, rasadxona qurishga farmon berdi. Bobur Mirzoning yozishicha, rasadxona uch oshiyonlik bino bo’lib, to’garak shaklida bo’lgan, binoning devorlari sirli koshinlar bilan qoplangan. Tarixchi olim Abdurazzoq Samarqandiy o’z asarlaridan birida bu nodir obidaning ichki qismini shunday tasvirlaydi: “Binoning ichki qismi jahonda tengi yo’q rang-barang naqshlar bilan bezatilib, devor va shiftlarida osmon gradus (darajalari) daqiqalari, hatto soniyalarigacha hisoblanib, yetti sayyora hamda “harakatsiz” (sobita) yulduzlar, shuningdek, yer kurrasi, yetti iqlim, tog’u sahrolar va daryo-yu dengizlar hamda ummonlargacha tasvirlangan”. Rasadxona silindr shaklida uch qavatli, balandligi 30 metrdan iborat ulkan bino bo’lib, unda radiusi 41 metrli gigant kvadrant bo’lgan. Kvadrantning janubiy qismi yer ostida joylashgan bo’lib, qolgan qismi shimol tomonda yer sathidan 30 metr balandlikda bo’lgan. 1417 yilda Mirzo Ulug’bek falakiyotshunoslarni chorlab, astronomik jadval tuzish va rasadxona qurish haqidagi rejalarni muhokama qiladi. Kuzatuvlar shu yili boshlanib, 30 yildan so’ng ya’ni 1447 yilda tugaydi. Barcha planetalarning quyosh atrofida aylanishi kuzatiladi. Bu davrga kelib “Ziji” asari ham yozib tugatiladi.

Nurobod tumanidagi Oqtog’ va hazrati Dovud tog’lari o’rtasidagi darada joylashgan Hazrati Dovud ziyoratgohi ham shunday qutlug’ maskanlardan biridir. Rivoyatlarga ko’ra, Zarafshon tog’ tizmasininig shimoliy etagida, dengiz sathidan qariyb 1250 metr balandlikda joylashgan g’or uch din vakillari tomonidan Payg’ambar, deb tan olingan Hazrati Dovud alayhissalom nomi bilan bog’lanadi. Ushbu g’orga chiqib borish va pastga qaytib tushish mashaqqatlari kishiga huzur-halovat, ruhiy kuch baxsh etadi.

Xoja Doniyor maqbarasi Samarqanddagi eng mo’tabar va mashhur ziyoratgohlardan hisoblanadi. Doniyor, Daniil, Daniel - musulmon, nasroniy va yahudiy adabiyotlaridagi aziz avliyoning nomidir. Doniyor Quddusda eramizdan avvalgi 603 yilda tug’ilgan bo’lib, shoh Dovud va Sulaymon(Solomon)larning avlodiga mansubdir. Rivoyatlarga ko’ra, Amir Temur o’zining (1397-1404 yillar) Kichik Osiyoga yetti yillik yurishi vaqtida Suza shahridagi avliyo Doniyorning tabarruk qo’nimgohidan bir qism xokini o’rnatilgan tartib-qoidalar talabini amalga oshirib, Samarqandga olib kelgan.

Samarqand hokimi Yalangto’sh Bahodir tomonidan 1619-1636 yillari Mirzo Ulug’bek xonaqohi o’rniga qurdirgan Registon majmuasiga kiruvchi Sherdor madrasasi, Ulug’bek madrasasi, tilladan ishlov berilgan “Tillaqori” madrasasi, Bibixonim maqbarasi, Shohi-zinda kompleksidagi qirqdan ziyod maqbara va tarixiy obidalar, Hazrati Hizr ziyoratgohi, Amir Temur maqbarasi, mustaqil O’zbekiston davlatchiligining asoschisi O’zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov qabri, tug’ilib o’sgan uyi, uning nomi bilan ataluvchi xiyobon markaziga o’rnatilgan haykal poyida kombinat ishchi-xodimlari o’z hurmat va ehtiromlarini bildirish imkoniga ega bo’lishdi. Qadim Samarqandda barpo qilingan bu ulug’vor obidalar haqida juda ko’p yozilgan. Ne-ne sayyohlar uning salobati va ulug’vorligi oldida lol qolmagan deysiz. Chodak kon boshqarmasi, Angrenlik konchilar, metallurglar va boyituvchilar mazmunli sayohat va ziyorat uchun kombinat rahbariyati va xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi hamda “Sardoba karvon” MCHJ rahbari Aziz Rahimov, uning yordamchisi Sanjar Orolov, tafakkur va bilim doirasi keng bo’lgan gidlar Umid Mullajonov, To’lqin Bo’riyevlarga samimiy tashakkurlarini bildirib qolishdi. O’zbek davlatchiligining qudratini o’zida namoyon etuvchi qo’hna Samarqandga tashrif kombinat ishchi-xodimlari xotirasida uzoq vaqt saqlanib qolishi shubhasiz.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech