Kasaba uyushmasi xabarlari

Jamoa shartnomasi -  ishchilarning ijtimoiy va huquqiy himoyasi kafolati

on .

Xuddi shu mavzuda 9 iyul kuni “Olmaliq KMK” AJ Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida seminar-trening tashkil etildi.

Kombinat xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi tarkibidagi boshlang’ich tashkilotlar rahbarlari, yo’nalishlar bo’yicha komissiya a’zolari va yosh kasaba uyushmasi faollari uchun tashkil etilgan seminar avvalida ishtirokchilarning MTMZning har bir sex va bo’limlariga sayohati uyushtirildi. Sayohat davomida tadbir ishtirokchilari zavoddagi kechayotgan texnologik ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.

Ushbu seminar bejiz MTMZda o’tkazilgani yo’q. Sababi, “Olmaliq KMK” AJ korxonalari kasaba uyushmasi qo’mitalari o’rtasida o’tkazilgan “Eng namunali boshlang’ich tashkilot” tanlovida MTMZ kasaba uyushmasi qo’mitasi g’oliblikni qo’lga kiritdi. Aynan ushbu korxonaning kasaba uyushmasi qo’mitasi faoliyati seminar davomida o’rganilib, boshqa kasaba uyushmasi qo’mitalariga namuna sifatida ko’rsatildi. Tadbir davomida MTMZ kasaba uyushmasi qo’mitasini taqdirlash marosimi ham bo’lib o’tdi. G’olib jamoaga sovg’a sifatida zavodning barcha sexlari ko’rgazmali qurollar, ya’ni mehnat muhofazasi, kasaba uyushmasi va “Ma’naviyat-ma’rifat” burchaklari yangi ko’rinishdagi bannerlar bilan ta’minlanib, maxsus diplom va ikki dona sovutgich taqdim etildi.

Seminarda so’z olgan kombinat xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdirashid Haydarov shunday dedi: - Hozirgi kunda kombinat ishchilari uchun bir qator imtiyozlar yaratilgan bo’lib, jumladan, ular yurtimizning so’lim go’shalarida joylashgan 10dan ortiq sanatoriylarda hamda Rossiya Federatsiyasining Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi “O’zbekiston” sanatoriysida o’z sog’liklarini tiklash imkoniyatiga egalar. Kombinat ishchilarining farzandlari yozgi mavsumda tasarrufimizdagi bolalar sog’lomlashtirish oromgohlarida dam olishayapti. Kombinatimiz rahbariyatining tashabbusi bilan bu yilgi mavsumda qo’shni Piskent tumanidagi “Tong” BSO qayta o’z faoliyatini boshladi.

Erishilayotgan yutuqlar qatori kamchiliklar ham bor. Ishchilar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat muhofazasi, maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlash borasida kamchiliklar ko’p. Har bir kasaba uyushmasi qo’mitasi raisidan shuni so’rab qolardim, har kuni ishchiga yaratilgan shart-sharoitlarni yaxshilash uchun harakat qiling. Oshxonaning ahvoli, ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik masalalari har doim diqqat markazingizda bo’lsin.

Seminarda ishtirokchilarning mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’yicha bilimlarini sinab ko’rish maqsadida interfaol o’yinlar ham tashkil etildi. 1 mln. so’m mukofot e’lon qilingan interfaol o’yinda MM va XT bo’yicha savolga to’g’ri javob bergan MTMZ Avtotransport vositalari va maxsus texnikalarni ta’mirlash sexi tokari Dilafro’z Mamatqulova g’olib bo’ldi.

Tadbir davomida OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashining mehnat muhofazasi bo’yicha yetakchi mutaxassisi Sherali Kucharov “Ishlab chiqarishda jarohat olish ta’sir omillari” mavzusida, huquqshunos Mirshohid Mavlyanov “Mening huquqim - mening kafolatim” mavzusida, “Ish yuritish va ijro intizomi” mavzusida murojaatlar va ijro nazorati bo’yicha mutaxassis Zamira Ikramova, “Turizmni, sportni va ma’naviy ma’rifatni rivojlantirishda kasaba uyushmalarining ishtiroki” mavzusida sport va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha yetakchi mutaxassis Abduvohid Shodiyev, “Kasaba uyushmalarining yosh mutaxassislari o’rtasida davlat siyosatining roli va uni mustahkamlash” mavzusida Kengashning yoshlar masalalari bo’yicha maslahatchisi Bahodir Miralimov, “Ijtimoiy qo’llab-quvvatlashning turlari va muvofiqlashtirilishi, kasaba uyushmasi faollarini mukofoti, moddiy yordam, dam olish va sog’lomlashtirish. Rasmiylashtirish tartibi” mavzusida yetakchi hisobchi Akrom Mirzaqulovlarning ma’ruzalari tinglandi.

- “Olmaliq KMK” AJ Jamoa shartnomasida kombinat ishchilari uchun imtiyozlar belgilab qo’yilgan, - deydi “Jamoa shartnomasining roli” mavzusida ma’ruza qilgan ijtimoiy himoya bo’yicha mutaxassis Feruza Bazarova. - Bu yo’nalishda har yili muntazam Jamoa shartnomasiga kombinat boshqaruvi raisi hamda Kasaba uyushmasi Kengashi raisi o’rtasida qabul qilinadigan qo’shma qaror asosida qo’shimchalar kiritib borilayapti. Masalan, 2017 yil may oyida JSHning 8.28 bandiga o’zgartirish kiritildi. Unga ko’ra, ish joyida baxtsiz hodisa sabab olamdan o’tgan xodimning oilasiga sug’urta pulidan tashqari, yillik ish haqi miqdorida bir marotabalik moddiy yordam ham berilishi belgilandi. Yana bir o’zgarish 2019 yilda amalga oshirildi. Unda JSHning 9.13 bandiga qo’shimcha kiritildi. Unga ko’ra, kombinatda 1-, 2- guruh nogironligini olgan shaxslar garchi kombinatdan ishdan bo’shasada, ular uchun kombinat tasarrufidagi bog’chalarga farzandlari uchun to’lovda imtiyozlar saqlab qolindi.

Tadbir davomida MTMZ mas’ullari ham o’z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Ayniqsa, MTMZ Avtotransport vositalari va maxsus texnikalarni ta’mirlash sexining  QVZ jamoasi ishtirokidagi ko’ngilochar chiqishlar barchaga xushkayfiyat bag’ishladi.

Shuningdek seminar-trening ishtirokchilariga kasaba uyushmalari ishini rejalashtirish, targ’ibot-tashviqot ishlarini talab darajasida olib borish, boshlang’ich tashkilotlar faoliyatini OAV orqali keng yoritish kabi masalalar bo’yicha ham tavsiyalar berildi.

Umida DJALILOVA,

OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi

Kengashining tashkiliy ishlar bo’yicha yetakchi mutaxassisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech