http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Kasaba uyushmasi xabarlari

Musiqa bizni birlashtiradi

on .

Xabaringiz bor, joriy yilda “Olmaliq KMK” AJ tashkil topganligining 70 yilligi nishonlanadi. Ushbu qutlug’ sana munosabati bilan kombinat korxonalari tomonidan bir qator tadbirlar o’tkazib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri “Musiqa bizni birlashtiradi” nomi ostida bo’lib o’tib, unda shahrimiz hamda qo’shni tuman va shaharlardan havaskor xonanda, raqqosalar, raqs jamoalari g’oliblik uchun bahs olib borishdi.

Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasi hamda kombinat xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur tanlovda raqs va qo’shiq yo’nalishlarida ishtirokchilar o’z mahoratlarini sinovdan o’tkazishdi. 7 yoshdan 70 yoshgacha barcha havaskor san’atkorlar ishtirok etgan tanlovning 20 avgust kuni saralash bosqichi o’tkazildi. Unda shahrimiz va qo’shni tumanlardan ham kelgan ishtirokchilar yakka va jamoaviy tarzda milliy raqs, zamonaviy raqs yo’nalishlari bo’yicha kuch sinashgan bo’lishsa, vokalda esa milliy, estrada va zamonaviy yo’nalishlarda bellashdilar. E’tiborlisi, tanlovda barcha qo’shiqlar jonli ijroda yangradi.

Saralash bosqichida 43 nafar nomzodlardan 12 nafari vokal ijrochilari, 8 nafar xoreograflar final bosqichiga yo’llanma olgan edi. Tanlov yakunlariga ko’ra, vokalda milliy yo’nalishda Yodgor Xoldorov uchinchi, Bunyod Boirov ikkinchi, Ohangaronning “Iloq” folklor jamoasi a’zosi Ulug’oy Omonova birinchi o’rinni qo’lga kiritishdi

Mazakir ota Yo’ldoshev hamda Yelena Andreevalar ham xalq og’zaki ijodi bo’yicha qatnashib, Gran-pri sohibiga aylanishdi.

Zamonaviy va jahon estradasi yo’nalishida Sevara Mirzaahmedova, Navro’za Muhammadjonovalar e’tirof etildi.

Yakkaxon raqs yo’nalishida Markaziy ta’mirlash mexanika zavodidan Nasiba Mamazoitova, Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasidan Feruza Matmuratova, Rux zavodidan Shahnoza Allamurodovalar g’oliblik nashidasini surishdi.

Jamoaviy raqs yo’nalishida esa Fotima Usmonova rahbarligidagi “Shodiyona” raqs dastasi uchinchi o’rinni egalladi. Xip-xop uslubida raqs tushgan Li Veronika rahbarligidagi “Semper Fi” hamda Regena Sharofiddinova rahbarligidagi “Feyrverk” raqs jamoalari birinchi o’ringa loyiq deb topildi.

G’oliblarga OKMK AJ rahbariyati va kombinat xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan esdalik sovg’alari taqdim etildi.

Abduvohid SHODIYEV,

OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi mutaxassisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech