http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Kasaba uyushmasi xabarlari

Ruhan tetiklik his etdik

on .

Yurtimiz muqaddas qadamjo va ziyoratlarga boy. Xalqimiz “Ming marta eshitgandan bir mart ko’rgan afzal” deb bejizga aytmaydi.

Bugun kombinatimiz rahbariyati va OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan ichki turizmni rivojlantirish va ishchi-xodimlar uchun ana shunday ko’hna shaharlarga sayohatlarni tashkillashtirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, “Sardoba karvon yo’li” MCHJ bilan hamkorlikda Samarqand, Buxoro, Xorazm shaharlariga imtiyozli narxlarda sayohatlar uyushtirilmoqda.

Ushbu imkoniyatlardan foydalangan holda Qalmoqqir kon boshqarmasi konchilari ham dam olish kunlari shahri azim Samarqandga sayohatni amalga oshirishdi. Dastlab ziyoratimiz hadislar sultoni bo’lgan Imom al-Buxoriy maqbarasidan boshlanib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning mangu qo’nim topgan Hazrati Xizr majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Bibixonim masjidi va Ulug’bek rasadxonasi kabi ko’plab muqaddas va tarixiy manzillarda davom etdi. Bu joylarda buyuklarimizning haqqiga Qur’on tilovat qildik. O’tmish va kelajak uyg’unlashgan obod va ko’rkam maskanlarni tomosha qilib, ma’naviy ozuqa oldik, ziyoratlardan esa ruhiy tetiklik his qildik. Ajdodlarimizdan bizga meros bo’lib kelayotgan ochiq osmon ostidagi muzeylar olam-olam taassurotlar qoldirdi. Sayohatimiz davomida yo’lboshchi gid, zamonaviy sharoitlarga ega bo’lgan mehmonxona xizmatlaridan ham bahramand bo’ldik. Bizga hamrohlik qilgan “Sardoba karvon yo’li” MCHJ gidi Gulhayo Rahimovadan butun Samarqandning o’tmishi va bugungi kuni, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov hamda yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevlar rahnamoligida bu yerda amalga oshirilgan va oshirilayotgan keng ko’lamli bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari haqida atroflicha ma’lumotlar oldik.

Unutilmas taassurotlar bilan zamin sayqali Samarqanddan qaytar ekanmiz, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, totuvlik, osoyishtalik va shu osuda mamlakatda muqaddas zaminlarga qadamimiz yetganiga shukronalar keltirib, bundan keyin yurtimizning boshqa shaharlari va diqqatga sazovor joylariga ham sayohat qilishni rejalashtirdik.

Shu o’rinda mehnatkashlarning dam olish kunlarini maroqli o’tkazish va mazmunli sayohatlarni tashkillashtirishga bosh-qosh bo’lib kelayotgan kombinatimiz rahbariyatiga, OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi hamda boshqarmamiz kasaba uyushmasi qo’mitasiga o’z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz.

Mengliboy ANORBOYEV,

Qalmoqqir KB Ustki qatlam karyeri

ekskavator mashinisti

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech