http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Kasaba uyushmasi xabarlari

Ularning mehnat yo’li - ibrat maktabi

on .

“Olmaliq KMK” AJ Loyiha ishlari boshqarmasining uch nafar xodimlari o’zlarining tabarruk yoshlarini qarshi olishdi.

Jumladan, loyiha ishlari va hujjatlari bo’yicha muhandislar Ahmadjon Xalilov hamda Abduvali Sulaymonovlar 60 yoshga, loyihalar bo’yicha bosh arxitektor Odilxon Abdulqosimov 50 yoshga to’ldi.

Ularni qutlash uchun OKMK ijro apparati kasaba uyushmasi qo’mitasi raisi, yoshlar bilan ishlash komissiyasi raisi, LIB rahbariyati hamda jamoa a’zolari jamuljam bo’lishib, samimiy tabriklashdi.

O’z tilaklarini bildirar ekan boshqarma boshlig’i Sobir Yasoveev, muhandis Ra’no Djo’rayevalar, bu insonlarning uzoq yillik mehnatlari bugun nafaqat boshqarma jamoasi uchun balki kombinat uchun ham katta tajriba maktabini o’tayotganini ta’kidlashib, korxona rivojiga qo’shgan beminnat hissalari uchun tashakkur aytishdi. Jamoa ahli ham fidoyi, jonkuyar, dilkash hamkasb-ustozlarini qutlug’ yoshlari bilan muborakbod etishdi, bergan saboqlari va mehnatlari uchun minnatdor ekanliklarini bildirishdi. Shundan so’ng yubilyarlarga zarbof to’n kiydirilib, esdalik sovg’alari tuhfa etildi.

Ahmadjon Xalilov 18 yildirki kombinatning qurilish va bunyodkorlik sohasida o’zining munosib o’rnini egallab kelmoqda. U mehnat faoliyati davomida dastlab, “Olmaliqmetallurgqurilish” trestida ish boshqaruvchi, uchastka boshlig’i, bosh muhandis, boshliq lavozimlarida ishlagan bo’lsa, 2012 yildan to bugungi kungacha Loyiha ishlari boshqarmasida loyiha ishlari bo’yicha bosh muhandis vazifasini sidqidildan ado etib kelayapti.

Ahmadjon Zuxurovich kasbi ortidan erishgan hurmat, e’tibor va shu kunlarga yorug’ yuz bilan yetib kelishida eng avvalo padari buzrukvori va volidai muhataramasini, ustozlari O. Turg’unov, M. Koptev, B. Yadgarov, T. Jumayevlarni sababchi deb biladi. Ularning duo, o’git va saboqlari mehnat va hayoti yo’lida doimo yo’lchi yulduz bo’lganini alqaydi.

- Yaqin 40 yillik ish faoliyatimda juda ko’p ustozlardan kasb sirlarini o’rgandim, - deydi Ahmadjon Xalilov. - Vaqti kelib o’zim ham ustoz darajasiga yetganimda o’z bilganlarimni atrofimdagi yoshlarga erinmay, chin yurakdan o’rgatib keldim. Bugun ko’plab shogirdlarim ustoz deya e’tirof etishlaridan ko’nglim tog’dek ko’tariladi.

Inson 60 yoshida deyarli ko’p past-balandliklarni ko’rgan, oq-qorani tanigan, mehnatda yuqori tajribaga ega bo’lgan payti bo’larkan. Shuning uchun endilikda ham o’zimdagi bor kuch-g’ayratimni, bilimimni, hayotiy tajribamni jonajon korxonamning yanada ravnaq topishiga bag’ishlayman.  

- O’tgan yillar davomida ko’proq bilim olish va o’rganishga intildim, - deydi yana bir tavallud kunini nishonlayotgan - Loyiha ishlari boshqarmasining loyiha-smeta hujjatlari muhandisi Abduvali Sulaymonov. - Mehnat faoliyatim davomida shu narsaga amin bo’ldimki, inson qancha ko’p bilim va tajribaga ega bo’lsa yutuq va muvaffaqiyatlarga erishar ekan. Mening ish va hayotimda ham bu ikki narsa juda katta rolь o’ynadi. O’z bilganlarimni yoshlarga o’rgatishdan charchamayman, aksincha o’zim uchun faxr deb bilaman. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy aytganlaridek, “Bilimni saqlabon netkumdir oxir, olib tufroqqami ketgumdir axir”.

50 yosh ostonasiga qadam qo’ygan Odilxon Abdulqosimov ham salkam 20 yildirki boshqarmada o’z mehnat yo’lini davom ettirib kelmoqda. Bugun uning o’nlab shogirdlari ustoz izidan borib, qurilish va bunyodkorlikning asosini yaratishda mustaqil faoliyat yuritishayapti. Ulardagi jo’shqinlik va intiluvchanlikni ko’rib Odilxon Nodirxonovich, hamisha ko’ksida faxr tuyg’usini tuyadi. Malakali mutaxassis, mehribon ustoz, oilaparvar bu insonni jamoasining yuragi, desak ham mubolag’a bo’lmaydi. Uning munosib mehnat yo’li jamoasiga yana uzoq yillar ibrat maktabini o’tab boraveradi.

Dilorom USANOVA,

OKMK ijro apparati kasba uyushmasi qo’mitasi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech