http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Kasaba uyushmasi xabarlari

Jamoa shartnomasi qoniqarli bajarilgan

on .

Joriy yil 8 yanvar kuni Mis eritish zavodida 2019 yilda korxonada jamoa shartnomasining bajarilishi bo’yicha hisobot konfrentsiyasi bo’lib o’tdi.

Unda MEZ direktori v.v.b Islom Umaraliyev, Kasaba uyushmasi qo’mitasi raisi Sherali Umaraliyev, mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo’yicha vakillar, Kasaba uyushmasi faollari ishtirok etishdi.

- 2019 yil mehnat jamoamiz uchun har tomonlama muvaffaqiyatli yil bo’ldi, - deydi konferensiyada so’zga chiqqan I.Umaraliyev. - Xomaki mis, anod misi, katod misi, sulfat kislotasi, mis kuporosi, affinajlangan oltin va kumush, texnik tellur, texnik selen, yarim tayyor molibden kuyindisi, molibden, ammoniy perranat, reniy, emallangan mis simlar ishlab chiqarish bo’ycha belgilangan rejalarni muddatidan oldin ortig’i bilan amalga oshirdik. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar solishtirma narxlarining o’sish sur’ati 2018 yilga nisbatan 120,4%ni tashkil etdi. 2019 yilda yana bir tarixiy rekord aynan mehnat jamoamiz tomonidan qayd etildi. O’tgan yilning sentyabr oyidayoq 100 ming tonna katod misi ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, yoqilg’i energetika resurslarini iqtisod qilish bo’yicha ko’rsatkichlarimiz ham quvonarli. Raqamlarga murojaat etadigan bo’lsak, o’tgan yilning 11 oyi davomida 96,898 ming kVt/soat elektr energiyasi, 39516 ming m3 yoqilg’i, 76861 Gkal bug’ tejamkorligiga erishilib, ishlab chiqarish tannarxi iqtisodi bo’yicha 336 mlrd. so’m mablag’ tejaldi. O’ylaymanki, bunday yuksak natijalarga erishishda kombinat rahbariyati tomonidan qaratilayotgan e’tibor muhim omil bo’ldi. 2020 yilda ham oldimizga ulkan marralarni qo’yganmiz.

“Yoshlik I” konining o’zlashtirilishi natijasida bizning ishlab chiqarish quvvatlarimiz ham ortadi. Bular yiliga 120 000 tonna xomaki mis ishlab chiqarish quvvatiga ega eritish agregati - ikkinchi Vanyukov pechini qurish, amaldagi konverterlarni rekonstruksiya qilish va qo’shimcha yana bitta konverterni qurish, Anod bo’limini rekonstruksiya qilish, qo’shimcha anod pechini barpo etish, ishlab chiqarish quvvati yiliga 300 000 tonna mis ishlab chiqaruvchi avtomatlashtirilgan zamonaviy misni elektroliz qilish tsexini bunyod etish, yillik ishlab chiqarish quvvati 600 000 tonna bo’lgan zamonaviy avtomatlashtirilgan sulfat kislotasiini qurish, ishlab chiqarish quvvati soatiga 25 ming m3dan 40 ming m3gacha kislorod ishlab chiqaruvchi energiyasamarador ikkita qo’shimcha zamonaviy kislorod blokini qurish rejalarimizdan o’rin olgan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning tannarxini tushirish, majburiy ta’mir ishlari jadvaliga asosan asosiy agregatlar mukammal ta’mirlanadi.

- MEZ kasaba uyushmasi qo’mitasi 14 ta tsex tashkilotlarini o’z ichiga olib, 2706 nafar a’zoga ega, - deydi Sh. Umaraliyev o’z chiqishida. - 2019 yilda MEZ kasaba uyushmasiga ishchilar tomonidan 35 ta murojaat bo’lib, barcha murojaatlar o’rnatilgan tartibda ko’rib chiqildi. Mehnat nizolari bo’yicha komissiyaga 1 ta ariza bildirilib, ushbu murojaat arizachi foydasiga hal qilib berilgan. Ish beruvchining tashabbusiga ko’ra 3 nafar ishchi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. 235 nafar ishchiga 43 650 000 so’m, 6 nafar ishlamaydigan penisonerlarga 1 200 000 so’m miqdorida moddiy yordam ajratilgan. “Gulzor”, “Metallurg”, “Istiqlol”, “Tong” bolalar sog’lomlashtirish oromgohlarida ishchilarning farzandlarini yozgi ta’til mavsumida sog’lomlashtirish uchun 311 ta yo’llanma ajratildi. Shulardan 23 tasi bepul ekanligini ta’kidlash joiz. Shuningdek, 165 nafar ishchimiz mamlakatimiz sihatgohlarida, 2 nafari “Yalta” sanatoriysida, 8 nafari “Kislovodsk” sanatoriysida o’z sog’liklarini tiklashdi. 703 nafar ishchi-xodim “Oltin olma” pansionatida, 85 nafari “Avtomobilist” va 81 nafari “Moviy tog’lar” dam olish maskanlarida hordiq chiqarishdi. 195 nafar ishchiga esa kombinat OKMK sanatoriy-profilaktoriysiga yo’llanma ajratildi. 241 ta ommaviy sport va jismoniy sog’lomlashtirish tadbirlari o’tkazilib, 2038 nafar ishchi-xodimlar qamrab olingan.

Har bir bayram arafasida korxonamizga biriktirilgan pensionerlar, boquvchisini yo’qotganlar, baynalmilal jangchilar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga muntazam yordam ko’rsatib kelinmoqda.

Konferensiya davomida mehnatga haq to’lash bo’limi boshlig’i Irina Pan so’z olib, ishchilarning ish haqi, mukofotlar haqida batafsil ma’lumot berar ekan, 2019 yilda MEZda o’rtacha ish haqi 4 649 806  so’mni tashkil etganligini ta’kidlab o’tdi.

Shuningdek, tadbir mobaynida zavod kasaba uyushmasi qo’mitasining Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi komissiyasi katta vakili Mirzamurod Jo’raev, Yoshlar ittifoqi raisi Murodjon Karimovlar ham o’z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Konferentsiyada jamoa shartnomasi bo’yicha takliflar bildirildi. Va konferentsiya kun tartibida ko’rilgan masalalar bo’yicha tegishli qaror qabul qilindi. Shu jumladan, zavoddan ishtirok etadigan vakillar ham saylab olindi. 2019 yilda MEZda jamoa shartnomasi bajarilishi bir ovozdan qoniqarli deb topildi.

Sanobar NORINBOYEVA,

MEZ kasaba uyushmasi qo’mitasi raisi o’rinbosari

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech