http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Press-konferensiya

OKMK xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

on .

Bugungi kunda Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar amalga oshrilayotgan bo’lib, ular, avvalambor, inson manfaatlari, uning huquq va erkinligini ta’minlashga yo’naltirilgandir.

Mamlakatimizning yetakchi korxonalaridan biri, xalqaro miqyosda ham o’z o’rniga ega bo’lgan Olmaliq  kon-metallurgiya kombinati jamoasi ham respublika iqtisodiyotini rivojlantirishga o’z hissasini qo’shib kelmoqda.

Hozirgi vaqtda “Olmaliq KMK” AJda ishlab chiqarishning har bir bosqichida - foydali qazilmalarni qazib olishdan boshlab ulardan tayyor mahsulot olishgacha bo’lgan jarayonda, umuman olganda, butun korxonaning faoliyat yuritish jarayoniga yanada malakali yondashuv talab etilgani bois kadrlar tayyorlash masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning tashabbusi bilan respublika konchilik va metallurgiya sanoatini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida joriy yilda Rossiya Federatsiyasi “Moskva po’lat va qotishmalar instituti” Milliy tadqiqot texnologik universitetining (“MPQI” MTTU) Olmaliq shahridagi filiali o’z faoliyatini boshladi. Mazkur o’quv maskanining Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putinning O’zbekiston Respublikasiga yaqinda qilgan davlat tashrifi doirasida ochilishi ikki mamlakat o’rtasida ko’pqirrali hamkorlikning jadal  rivojlanayotganligi tasdig’idir.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan “SFI Management Group” kompaniyasiga “Olmaliq KMK” AJdagi davlat ulushi  ishonchli boshqaruvga berildi. Xuddi shu kabi boshqaruv bugunga kelib respublikada muvaffaqiyatli tajriba orttirgan, ya’ni boshqaruvning ilg’or uslublari joriy etilgan, qo’shimcha sarmoyalar kiritish evaziga qisqa muddatda  ishlab chiqarish hajmining o’sishi, mahsulot turlarining kengayishi va sifatining ortishi, ishchilar ish haqi miqdori va turmush darajasining oshishi ta’minlangan “O’zmetkombinat” AJda o’z aksini topgan va bu boshqaruv, shubhasiz, davlat-xususiy hamkorligining yorqin ifodasidir.

Mazkur ishonchli boshqaruv kompaniyasi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishlab chiqarishining mavjud holatini o’rganish va uning ish faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida tarkibi yetakchi xorijiy olimlar va ekspertlardan iborat bo’lgan xalqaro maslahat guruhi jalb etildi.

Natijada 2019-2022 yillarda “Olmaliq KMK” AJ asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish bo’yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar Dasturi ishlab chiqilib, mamlakatimiz Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlandi. Ushbu dastur bilan birga strategik ahamiyatga ega muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 2022 yilgacha bo’lgan davrda 2 mlrd. dollardan ortiq investitsiyalarni jalb etish ko’zda tutilgan.

Rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish natijasida rangli va qimmatbaho metallar va boshqa mahsulot turlarini ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, tarkibiy bo’linmalarning bir maromda barqaror faoliyat yuritishi hamda mehnat sharoitlari va ekologik muhitning yaxshilanishi ta’minlanadi.

2018 yilning 12 dekabr kuni  modernizatsiya va ishlab chiqarish jarayonlariga fan integratsiyalashuvini yanada tezlashtirish maqsadida “Olmaliq KMK” AJ va “SFI Management Group” ishonchli boshqaruv kompaniyasi tomonlaridan Moskva po’lat va qotishmalar institutining Olmaliq filialida “Vanyukov jarayoni muammolari, ularni hal etish yo’llari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Yig’ilishni “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi A.X.Xursanov va “SFI Management Group” ishonchli boshqaruv kompaniyasi direktorlari kuzatuv kengashi a’zosi K.K.Shodievlar ochib, ushbu nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bilan konferensiya ishtirokchilarini samimiy qutlashdi.

Taniqli rossiyalik olim A.V.Vanyukov tomonidan o’tgan asrning 40-yillaridayoq tabiiy xom-ashyoni yuqori samarali uzluksiz pirometallurgiya usuli bilan qayta ishlash hamda undan suyuq va gazsimon mahsulotlarni olish jarayoni ishlab chiqilgan bo’lib, keyinchalik u olimning nomi bilan atalgan edi. Mazkur texnologiya nafaqat mis metallurgiyasi, balki qo’rg’oshin, po’lat  metallurgiyasi sohasida va hatto maishiy chiqindilarni utilizatsiyalash sohasida ham qo’llanila boshlandi. Olim va mutaxassislarning fikriga ko’ra Vanyukov jarayonini qo’llash hanuzgacha metallurgiya sohasida dolzarb hisoblanib, hatto uzoq muddatli istiqbolda ham shunday bo’lib qolaveradi.

Shuni ta’kidlash joizki, Vanyukov jarayoni bugungi kunda “Olmaliq KMK” AJning mis eritish zavodida muvaffaqiyatli qo’llanib kelinmoqda. 2016 yildan boshlab metallurgiya sexining yallig’ qaytaruvchi pechi Vanyukov pechiga almashtirildi. Ushbu jarayonni takomillashtirish va maqbullashtirish maqsadida ilk bor jarayonni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi qo’llanildi.

Konferensiya ishida Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Germaniya, Finlyandiya va Qozog’iston davlatlaridan 38 nafar olim va mutaxassislar, 40 nafar yurtimiz ilm-fan vakillari hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mutaxassislari va “MISiS” MTTU Olmaliq filiali talabalari ishtirok etdilar.

Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o’ziga xos sermazmun davom etib, munozara va muhokamalar, savol-javoblarga boy bo’ldi. Pirovardida, Vanyukov jarayoni rivojlanishi darajasining bugungi holati va istiqbollariga jiddiy nazar solinib, “Olmaliq KMK” AJ mis eritish zavodini yanada rivojlantirish masalalari ko’rib chiqildi.

Hech bir mubolag’asiz shuni ta’kidlash joizki, mazkur tadbir Vanyukov jarayonini yanada takomillashtirishga, istiqbolda mamlakatimiz fan va sanoati rivojlanishi hamda uning jipslashishiga xizmat qiladi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech