Press-konferensiya

OKMK: 2019 yilda erishilgan yutuqlar va istiqbolli rejalar

on .

Avval xabar berganimizdek, bugun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Olmaliq KMK” AJ mutasaddilari ishtirokida  “OKMK: 2019 yilda erishilgan yutuqlar va istiqbolli rejalar” mavzusida matbuot anjumani bo’lib o’tdi.

Unda Respublika OAV vakillari hamda kombinat boshqaruvi raisining xodimlari bo’yicha o’rinbosari Azim Mirzajonov, mahalliylashtirish bo’limi boshlig’i Kozim Jumaboev, texnik bo’lim mutaxassisi Bobur G’ayratovlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida kombinat faoliyatini aks ettiruvchi videofilm namoyish etildi.

-  Xabaringiz bor, 2018 yil avgust oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati davlat-xususiy sheriklik asosida “SFI Management Group” xorijiy kompaniyasining ishonchli boshqaruviga o’tkazildi, - deydi Azim Mirzajonov. -  Kombinat rahbariyati va “SFI Management Group” tomonidan OKMKda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida kombinat mutaxassislari bilan birgalikda, mamlakatimizdagi Fanlar akademiyasidan, shuningdek, xorijdan olimlar, ekspertlar jalb qilinib, tarkibiy bo’linmalarning ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish Dasturi ishlab chiqildi.

Ushbu dastur ijrosi bugun o’z natijasini berishni boshladi. Joriy yilda erishgan natijalarimiz haqida gapiradigan bo’lsak, shu yilning 11 oyi mobaynida biz o’tgan yilga nisbatan 30 tonna ko’p katod misi ishlab chiqarishga erishdik. E’tiborlisi, ruda qazish va qayta ishlash 2 mln. tonnaga kamaytirilgan holda, faqat mis bo’yicha olingan qo’shimcha daromad 2 trln. so’mni tashkil etdi. Bunday natijaga erishishning asosiy sababi oqilona va qat’iy tartibda texnologik tizimga rioya qilish hamda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarining samarali amalga oshirilishidadir.

O’tgan yilning 11 oyiga nisbatan 2019 yilda katod misi ishlab chiqarish sur’atlari 128,6%ni, metalli rux 125,1%ni, sulfat kislota 110,5%, oltin 107,6%ni, kumush 158,9%ni tashkil etdi, sement ishlab chiqarish esa 2 barobarga ko’paydi, eksport 900 ming. AQSH dolllarini tashkil etib, o’sish sur’ati ham 120,8%ga ko’tarildi.

2019 yil yakunida 148 ming tonna mis, 90 ming tonna rux, 16 172 kg oltin, 154 225 kg kumush, 2 mln. tonna sement ishlab chiqarish kutilmoqda. Umumiy mahsulot ishlab chiqarish 17,7 trln so’mni tashkil etib, daromad 2,3 trln so’mni tashkil etishi ko’zlangan. Tannarxni kamaytirish bo’yicha bajarilgan kompleks choralar ortidan ko’zlangan natija 446,3 mlrd. so’mni tashkil etadi.

Kelgusi yillarga mo’ljallangan keng ko’lamli rejalarimizga to’xtaladigan bo’lsak,  «Yoshlik-I» konini jadal sur’atlarda o’zlashtirib, 2023 yilga kelib ruda qazib olishni yiliga 60 mln. tonnaga yetkazish,“Qalmoqir” va «Yoshlik-1» konini birlashtirib, umumiy ruda qazib olishni yiliga 100mln. tonnaga yetkazish.

Bundan tashqari 3-MBFni qurilishi boshlandi. Yillik quvvati 60 mln. tonnani qayta ishlashga mo’ljallangan bu yangi fabrika, MDH davlatlari orasidagi eng yirik korxona bo’ladi.

Metallurgiya bo’limining ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga qaratilgan ishlar ham jadallik bilan olib boriladi. Bularga yangi Vanyukov pechi qurilishi, yangi kislorod stantsiyasi, anod va konverter bo’linmalarida rekonstruktsiya ishlari, misni elektroliz qilish sexi, yangi ikkita sulfat kislota sexlarni bunyod qilish kiradi.

 Bir so’z bilan aytganda, 2,5 yilda biz yana bitta yangi kombinatni bunyod etish niyatidamiz.

Bu ishlarning barchasi kombinatning ishlab chiqarish quvvatini ikki hissaga oshishini ta’minlab, mis ishlab chiqarishni 250 ming tonnaga, rux ishlab chiqarishni 120 ming tonnaga, oltinni 30 tonnaga, kumush ishlab chiqarishni esa 15 tonna ko’paytirishga imkon yaratadi.

Bu loyihalarning tatbiq etilishiga 3,5 mlrd. dollar investitsiyalar jalb etildi.

 Muhimi, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining qurilishi, Olmaliqni yanada taraqqiy etishini ta’minlaydi va 6000 yangi ish o’rinlari ochiladi.

Tadbir davomida kombinat tomonidan mahalliylashtirish dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham to’liq ma’lumotlar berildi.

OAV vakillari o’zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarga batafsil javob olishdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech