Press-konferensiya

OKMK: Investitsiya loyihalarining ijrosi yo’lida

on .

Bugun OKMK Axborot xizmati tomonidan yurtimiz OAV vakillari uchun "Olmaliq KMK" AJda Investitsion loyihalar amalda” mavzusida press tur tashkil etildi.

Dastlab OAV vakillari uchun “Metallurg” MSda kombinat boshqaruvi raisining lokalizatsiya, kooperatsion aloqalarni kengaytirish va axborot kommunikatsiyalari bo’yicha birinchi muovini v.b. Otabek Isroilov hamda Investitsiyalar departamenti boshlig’i Kamoliddin Salimovlar ishtirokida yig’ilish bo’lib o’tdi. Unda mas’ullar  tomonidan jurnalistlarga hozirgi kunda kombinatda amalga oshirilayotgan yirik Investitsion loyihalar xususida batafsil ma’lumot berildi.

“Olmaliq KMK” AJni 2019-2023 yillargacha  rivojlantirish  dasturi doirasida umumiy qiymati 4,5  mlrd dollar bo’lgan beshta asosiy investitsion loyihalar amalga oshirilishi belgilangan. Hozirda mazkur loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan, -deydi K.Salimov. -O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kon-metallurgiya tarmog’i korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-4124-sonli qaroriga muvofiq, 2026 yilgacha “Olmaliq KMK” AJga 2,9 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb etish va 2023 yilgacha mis ishlab chiqarish hajmini 28 foizga, rux ishlab chiqarish hajmini 75 foizga oshirish ko’zda tutilgan.

Bugungi kunga kelib korxonaning shakllangan investitsiya Dasturi doirasida umumiy qiymati 3 milliard 349,8 million AQSH dollari bo’lgan 5 ta metallurgiya sanoatini rivojlantirish nazarda tutilgan yirik loyihalarni amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, “Yoshlik I” konini o’zlashtirish” loyihasini amalga oshirish hisobiga 2 milliard 676,2 million AQSH dollari miqdorida investitsiya o’zlashtiriladi. Mazkur loyihaning ishga tushirilishi natijasida yiliga, 74 million tonna ruda qazib olish quvvatiga ega bo’lgan kon, 60 million tonna ruda qayta ishlash imkoniyatga ega bo’lgan yangi 3-sonli Mis boyitish fabrikasi, 275 ming tonna mis ishlab chiqarish quvvtiga ega mis elektrolizi sexi, 1 200 ming tonna sulьfat kislotasi ishlab chiqarish sexi, 55 ming kub metr kislorod ishlab chiqarish quvvatlari quriladi.

Bundan tashqari, yangi 2-sonli eritish (Vanyukov) pechi qurilishi, anod va konvertor bo’limlarining rekonstruktsiyasi va kengaytirilishi amalga oshiriladi  hamda 6 000 dan ziyod yangi ishchi o’rni yaratiladi.

Bugungi kunda mazkur loyiha doirasida 272,5 million AQSH dollaridan ziyod qiymatidagi yuqori unumli tog’-kon texnikasi import qilinib, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 55,4 milliard so’mdan ortiq qiymatdagi texnika, shuningdek 36 dona 5,0 milliard so’mlik elektr asbob-uskunalar yetkazib berildi.

Ob’ektda qurilish-montaj, tog’-kon va qazish ishlari olib borilmoqda. Loyiha boshlanganidan buyon jami 39,0 mln.kub.m.dan ziyod hajmda qazish ishlari bajarildi. Agar 2017 yilda 3,2 mln.kub.m. va 2018 yilda 13,0 mln.kub.m. 2019 yilda 20 mln.kub.metr qazish ishlari amalga oshirilgan bo’lsa, 2020 yilda bajariladigan ishlar hajmi 25 mln.kub.metrni tashkil etadi.

Yil yakuniga qadar ushbu loyiha doirasida o’zlashtiriladigan investitsiyalarning umumiy hajmi 225,2 million AQSH dollariga teng bo’lishi kutilmoqda.

Qizil-olma koni bazasida “Samarchuk” yer osti koni qurilishi loyihasi doirasida umumiy qiymati 71,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya o’zlashtirilishi hamda loyihani amalga oshirish hisobiga yiliga tarkibi oltinga boy 100 ming tonna ruda qazib olishni tashkil etish va 269 ta yangi ish o’rni yaratish belgilangan. Hozirgi kunda yer usti ishlari tugallanib, shaxtada konchilik ishlari davom etmoqda. Joriy yilda shaxtada kon ishlari olib borish uchun zarur bo’lgan uskuna va jihozlarni o’rnatish ishlarini boshlash ko’zda tutilgan.

“Xom-ashyoni qayta ishlash bo’yicha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” loyihasini amalga oshirilishi hisobiga 124,6 million AQSH dollari miqdoridagi mablag’lar o’zlashtiriladi. SHuningdek Qalmoqqir va Saricho’qqi konlaridan ruda qazib olish hajmlari 3,1 million tonnaga oshiriladi. Asosiy texnologik uskunalarni yetkazib berish ishlari davom etmoqda. Agar mazkur kondan 2017 yilda haqiqatda 37,2 mln. tonna ruda qazib olingan, bo’lsa, 2021 yilda loyiha ishga tushganidan so’ng uning quvvati yiliga  40,3 mln. tonnaga yetkaziladi.

“Asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruktsiya qilish va stabillashtirish Dasturi” doirasida 2019-2022 yillarda mis boyitish fabrikasi, mis eritish va rux zavodlari quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilash ko’zda tutilgan. Loyihani amalga oshirilishi natijasida 357,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya o’zlashtirish bilan bir qatorda korxonaning nafaqat joriy ishlab chiqish quvvatlari modernizatsiya qilinadi, balki atrof - muhitga chiqarilayotgan chiqindilar hamda zaharli gazlar miqdori sezilarli darajada kamayishiga erishiladi, ishchi va xizmatchilar uchun yetarli xavfsizlik choralari ko’rilgan ishlash va dam olish sharoitlari yaratiladi. Hozirgi kunda ob’ektlarda ta’mirlash va tiklash, qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Korxona tomonidan Qizil-olma koni bazasida “Mejdureche” yer osti koni qurilishi loyihasining amalga oshirilishi hisobiga umumiy qiymati 120,0 million AQSH dollari miqdorida investitsiya o’zlashtirilgani holda yiliga tarkibi oltinga boy 120 ming tonna ruda qazib olishni tashkil etish va Angren shaxrida mavjud bo’lgan ish o’rinlarini saqlab qolinishiga erishiladi.

Yuqorida qayd etilgan 5ta yirik loyiha doirasida 2019-2022 yillarda jami 1 milliard 455,8 million AQSH dollari miqdoridagi mablag’lar o’zlashtiriladi. Loyihalarni amalga oshirilishi natijasida 6 000 dan ziyod yangi ish o’rinlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, rudani qazib olish quvvatlarini 3 baravarga, rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarilishini qariyib 2 baravarga, eksport hajmini 1,6 martaga va byudjetga tushumlar 1,3 martaga oshirilishiga erishiladi.

Shundan so’ng, press tur yo’nalishi bo’yicha OAV vakillari dunyodagi eng katta konlardan biri hisoblangan “Qalmoqqir” koniga borishdi. Qalmoqqir KB ishlab chiqarish bo’limi boshlig’i A’zam Asqarov konda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi. OAV vakillari kombinat ishlab chiqarish texnologik zanjirining ilk nuqtasi bo’lgan konda kechayotgan jarayonni yaqindan kuzatishdi.

So’ngra, jurnalistlar navbatdagi manzil – Yoshlik koniga tashrif buyurishdi. Yangi o’zlashtirilayotgan kon haqidagi ma’lumotlar bilan kon direktsiyasi 1-toifali geologi Zahriddin Omondullayev  jurnalislarni xabardor qildi.

Press tur doirasida OAV vakillari Rux zavodida ham bo’lishib,  rux va kadmiy metallini ishlab chiqarish jarayonini kuzatishdi.

Investitsion loyiha asosida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi press turning so’nggi manzili bo’ldi.

Kombinatda amalga oshrilayotgan investitsion loyihalar press tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Press turdan fotolavhalar:

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech