http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Press-konferensiya

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yoshlar siyosati

on .

25 iyun kuni O'zbekiston milliy matbuot markazida "Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yoshlar siyosati" mavzusida “Yoshlar kuni”ga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Matbuot anjumanida “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisining xodimlar masalalari bo’yicha o'rinbosari Azim Mirzajonov, yoshlar masalalari bo'yicha boshqaruv raisi maslahatchisi Behzod Salimov O'zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillariga yoshlar siyosati doirasida kombinatda olib borilayotgan ishlar haqida so'zlab berdilar.

Tadbirda ta’kidlanganidek, "Olmaliq KMK" AJda yoshlar siyosatiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, 2017-yil iyul oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida Yoshlar ittifoqi tashkil etildi va uning Kengashi a'zolari, rais va o'rinbosarlari saylandi. 33 ta boshlang'ich tashkilot tashkil etildi, ularning 18 nafar yetakchisi asosiy ishlaridan ozod etildi, ayni paytda Ittifoq safida 13 ming kishi bor.

OKMK Yoshlar ittifoqining asosiy maqsadi kombinat yoshlari manfaatlarini himoya qilish, ularning iste'dod va qobiliyatlarini aniqlash, shuningdek, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish va shakllantirishdan iborat. Bu borada kombinat Yoshlar ittifoqi tomonidan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kombinat Yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlarning intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish uchun  Texnik Kengashlar - Yosh Texnologlar Kengashi va Yosh konchilar Kengashi hamda yosh mutaxassislar klublari: “Konchilar klubi”, "Metallurglar klubi", “Boyituvchilar klubi”, “Mexaniklar klubi” va “Energetiklar klubi” tashkil etilib, hozirda  ular o’z faoliyatini samarali olib bormoqda.

OKMKda yoshlarning kasbiy malakasini oshirish maqsadida kasb mahorati tanlovlari tizimli o’tkazib kelinadi.

Kombinat yoshlarining intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularning bo’sh vaqtlarini sermazmun o’tkazishni ko’zda tutuvchi o’zida 40ga yaqin jamoani birlashtirgan “Quvnoqlar va Zukkolar”, 40 dan ortiq jamoalar ishtirok etadigan “Bilimdonlar maydoni (Zakovat) klubi" hamda "Eng yaxshi kitobxon" tanlovlari muntazam o’tkazib kelinadi.

Kombinatda  “Ustoz-shogird” an’analari ham bardavom.  Har bir korxona va bo’linmalarda "Yilning eng yaxshi yosh murabbiyi" tanlovi o’tkazib kelinadi.

Kombinatda Yoshlar ittifoqi Kengashi Iltimosnomasi asosida iqtidorli ishchi yoshlarga oliy o’quv yurtlarining sirtqi va kechki bo’limlariga qabul qilish bo’yicha tavsiyalar berish amaliyoti joriy qilingan.

Mehnat faxriylari, ishlab chiqarish ilg'orlari, shuningdek, kasb faoliyatida muvaffaqiyat qozongan taniqli insonlar bilan uchrashuvlar, suhbatlar, o'quv seminarlari va treninglar muntazam o'tkazilmoqda.

Yoshlarni kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida kombinatning barcha bo'linmalarida dunyodagi 100 ta eng ommabop va qiziqarli kitoblar ro'yxati tuzildi va yoshlar orasida targ’iboti yo’lga qo’yildi.

Sportni ommalashtirish maqsadida "Yoshlar – kelajak bunyodkorlari" shiori ostida 3 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgan piyoda, yugurish va velomarafonlar, yengil atletika bo'yicha musobaqalar tashkil etildi. Shuningdek, har yili sportning 5 turi – voleybol, shashka, stol tennisi, suzish va futzal bo'yicha yoshlar spartakiadasi o'tkazilmoqda.

Kombinatda ham yoshlar bandligini ta'minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi kunda oliy ta'lim muassasalarining 137 nafar va kollejlarning 500 nafar 2019 yilgi bitiruvchilarining bandligi ta'minlandi.

Bundan tashqari, yurtimizning 17ta va 8ta chet eldagi oliy ta’lim muassasalarining 700-800 nafar talabalari hamda kombinat bilan hamkorlik qiladigan kasb-hunar kollejlarining 2 mingdan ortiq talabalari o’zlarining amaliy bilim va ko’nikmalarini oshirish maqsadida imzolangan shartnomalarga muvofiq, yil davomida kombinat ishlab chiqarish ob’yektlarida diplom oldi va ishlab chiqarish amaliyotini o’tashadi.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasida o’tgan yillar mobaynida 9 nafar iqtidorli yosh mutaxassislar ta’lim olishgan bo’lib, hozirda yana 2 nafari kombinat mablag’lari hisobidan tahsil olishmoqda.  Bugungi kunda kombinat talabnomasiga asosan, MTTU MISiSning kunduzgi va sirtqi bo’limlarida 13ta mutaxassislik bo’yicha 112 nafar talaba hamda kombinat mablag’lari hisobidan respublikamizning oliy ta’lim muassasalarida 6ta mutaxassislik bo’yicha 316 nafar kombinat ishchi-xodimlari tahsil olishmoqda.

Shuningdek, matbuot anjumani doirasida Rossiya Federatsiyasining MTTU “MISiS” talabalari bilan "Zoom" platformasi orqali onlayn muloqot tashkil etildi. Ushbu muloqotda shuningdek, MTTU “MISiS” bakalavriatini tamomlagan, ayni paytda Ispaniya oliy ta'lim muassasasining magistranti bo'lgan hamyurtimiz ham ishtirok etdi.

Matbuot anjumani davomida OAV vakillari o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech