A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Barchasi o’z qo’limizda

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Aleksandr Farmanov Yangi yil arafasida an’anaga muvofiq Axborot xizmati muxbirlariga 2016 yil yakunlari borasida intervyu berdi.

- Aleksandr Kasimovich, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o’tayotgan yilda o’z oldiga qo’ygan maqsadlarga erisha oldimi?

- Respublikamizda juda katta o’zgarishlar amalga oshirildi. Buning barchasi davlatimizning gullab-yashnashi, fuqarolar farovonligini yanada oshirishga yo’naltirilganini bugungi kun isbotlab turibdi. Haqiqatdan ham davlatimiz hali yosh, ammo mustaqillik yillarida nihoyatda salmoqli ishlar bajarildi, ayniqsa sanoat istiqbollarini rivojlantirish borasida. Avvallari biz agrar respublika hisoblanar edik. Endilikda esa rivojlanishning ko’p qismi sanoat yo’nalishida borayapti. Hattoki qishloq xo’jaligida xom-ashyoni qayta ishlashga emas, balki tayyor mahsulotni ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratilayapti. Paxta ekin maydonlarining qisqartirilishi hisobiga bog’lar va sabzavotchilik kengayib borayapti, pirovardida qishloq xo’jaligi mahsulotlarining eksport qilinishi evaziga eksport turi ko’paymoqda. Bu yo’nalishlarning barchasi aholimiz farovonligi oshishiga xizmat qiladi. Albatta, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham bundan chetda qolmaydi, zero bizning ijobiy rivojlanish istiqbollarimiz yetarli. Biz 2016 yil boshida o’z oldimizga qo’ygan barcha maqsadlarimizga erishdik. Umuman olganda barcha bashorat ko’rsatkichlarimizni bajardik, ba’zi jihatlar bo’yicha uni ortig’i bilan amalga oshirishni ham uddaladik.

- Kombinatimiz rivojlanishi va taraqqiy etishida mahalliylashtirish va modernizasiyalash dasturining o’rnini qanday baholagan bo’lardingiz?

- Men 2016 yil oson keldi, deb aytmagan bo’lardim. Har jihatdan yil og’ir va murakkab bo’ldi. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayapti. Bugun raqobat bozorida faoliyat yuritish va ishlab chiqarishni rivojlantirish nihoyatda qiyin. Shunga qaramay, biz o’tgan yilda 7 ta yangi ob’ektlarni ishga tushirdik. Xizmat vazifalari doirasida men ko’plab xorij firmalari va kompaniyalari rahbarlari bilan muloqotda bo’laman, ular bunday vaziyatda yangi bunyodkorlik ishlari bilan shug’ullanayotganimizdan hayratga tushishlarini bildirishadi. Buning ustiga bu bizning kombinat sohasiga xos emas.

Joriy yilda biz Jizzaxdagi sement zavodini qayta jihozlashni yakuniga yetkazib, uning yillik ishlab chiqarish quvvatini 760 ming tonnadan 1,0 mln. tonnagacha oshirishga muvaffaq bo’ldik. Korxona yaxshi daromad bermoqda, respublikamiz bozori bizning mahsulotimiz hisobiga to’lib borayapti, shu bois ham qurilish arzonlashayapti. Kombinat tomonidan yakunlangan, qo’shimcha ravishda yiliga 4 mln. tonna rudani qayta ishlash imkonini beradigan yirik, qimmatbaho bo’lgan ob’ekt "Qalmoqqir koni balansorti rudalarini qayta ishlashga jalb etish" loyihasi, mis eritish zavodida yangi pechning qurilishi va boshqalar - bularning barchasi keng ko’lamli bo’lib, amalga oshirilgan ishlarga turli sohalardan ko’plab mutaxassislar jalb qilindi. Ularning aksarilari hozirda sozlash ishlarini davom ettirishmoqda.   Masalan, suyuq eritish pechini olaylik, u o’ziga xos yangi zavod hisoblanadi yoki balansorti rudalarini qayta ishlash - bu butun boshli konchilik-qayta ishlash majmuasidir... Yilni sarhisob qilar ekanmiz, Investision dasturlar amalda bajarildi, bu masalada kombinat ko’p natijalarga erisha oldi.

Yana bir bor ta’kidlab o’tishim joiz, bugun bizga bog’liq bo’lmagan bir qator qiyinchiliklarga to’qnash kelayapmiz. Masalan, dunyo bozorida muhimlik yo’q - qaysidir mahsulotning narxi o’sib borayapti, yana qay birining narxi pasaymoqda. Qiyinchiliklar bor albatta, lekin kombinat o’z oldiga qo’ygan vazifalarni bajara oldi. Har qanday korxona uchun muhim bo’lgan xususiyat bu - sof foyda, biz esa uni ola bildik. Buning uchun yangi ob’ektlarni barpo etdik, mavjud quvvatlarni oshirib va kengaytirib, kelgusidagi istiqbolli maqsadlarimizni  rejalashtirib oldik.

Mahalliylashtirish keng ko’lamli rivojlanishga yo’naltirilgan bo’lib, bu boradagi ishlab chiqarishda markaziy ta’mirlash mexanika zavodi alohida o’ringa ega. Mis eritish zavodida Germaniya texnologiyalari asosida yuqori sifatli mis simlarini ishlab chiqaramiz. Biz o’z mis quvurlarimiz, ya’ni turli diametrdagi mis quvurlari bilan nafaqat butun respublikani ta’minlab kelayapmiz, shu bilan birga uni eksportga jo’natishni ham uddalab bormoqdamiz. "Sino" va "Artel" kabi respublikamizdagi yirik kompaniyalar o’z ishlab chiqarishlarida ulardan foydalanmoqda. Bu ham mahalliylashtirish, ya’ni o’z xom-ashyomizdan mahalliy mahsulot! Bunga yana shuni qo’shimcha qilish joizki, biz bu mahsulotlarni narxga qo’shilgan qiymatda sotmoqdamiz.

- Korporativ boshqaruv uslubi aksiyadorlik jamiyatiga tatbiq etilishi bilan kombinatda nimalar o’zgardi?

- Mazmunan olib qaraganda kombinatda korporativ boshqaruv amalda ham mavjud edi. Biz azaldan aksiyadorlar hisoblanamiz. Bu borada bir qator hujjatlar qabul qilingan, o’zgarishlar bor va kelgusida ham kiritiladi. Ayni vaqtga kelib ko’pchilik buning mohiyatini anglab yetganicha yo’q. Korporativ boshqaruv bu - ochiq ko’rinishdagi boshqaruvdir. Bashorat ko’rsatkichlari har bir korxonaning rahbari bilan birgalikda muhokama qilinadi. Barcha savollar majlislar va tezkor yig’ilishlarda ko’rib chiqiladi. Qarorni bir kishi qabul qilmaydi. Bu yangilik bois, ko’plab funksional majburiyatlarda o’zgarishlar bo’ldi. Xususan, bosh direktor o’rinbosari o’rniga direktor lavozimi belgilandi va bu mutlaq boshqa daraja, mas’uliyat... Albatta, bular - tashkilot, tizim va kombinatni boshqarish foydasiga xizmat qiladi.

O’z vakolatlarimiz doirasiga kirmaydigan ko’plab masalalar Kuzatuv Kengashiga ko’rib chiqish uchun taqdim etiladi. Biz mehnatkashlarimiz farovon turmush kechirishlarini, o’z vaqtida ish haqlarini olishlari va ish joylarida talabga muvofiq sharoitlar yaratilishini  istaymiz. Shuningdek, shaharda ham yaxshi shart-sharoitlarni vujudga keltirish zarur. Respublikamiz rahbariyati buni yaxshi tushunadi va bizni qo’llab-quvvatlab keladi.

Men yuqorida ta’kidlab o’tganimdek, biz aksiyadorlarmiz, lekin nazorat paketi davlatning ixtiyorida. Va buni men to’g’ri qaror deb hisoblayman, chunki OKMK - muhim strategik korxonadir.

Xulosa qiladigan bo’lsak, korporativ boshqaruv bilan bog’liq o’zgarishlar faqat ijobiy tomonga yuz burmoqda va bu endilikda ham davom etadi.

- 2017 yil Prezidentimiz tomonidan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e’lon qilindi. Mazkur yil doirasidagi davlat dasturini bajarishda kombinat uchun eng asosiy jihatlar nimalar bo’lib qoladi?

- Albatta, Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni shaksiz bajarib boramiz. Kombinatda korxonalar rahbarlari doimiy ravishda shaxsiy masalalar bo’yicha qabullarni o’tkazib borishadi. Ammo afsuski, hamma joyda ham shunday emas. Endilikda qabullar qonunlashtirildi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev, har bir fuqaro davlat rahbariga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo’lishi uchun o’z virtual qabulxonasini ochdi. Bu joylarda ham yo’lga qo’yiladi. Afsuski, fuqarolarning murojaatlariga e’tiborsiz bo’lgan byurokratlar hanuz uchrab turibdi. Endi esa har bir murojaat qiluvchiga aniq javob berish lozim bo’ladi. Biroq bu barcha murojaatlar ijobiy yechim topishini anglatmaydi. Umuman yechimini topishning imkoni bo’lmagan savollar ham mavjud. Biz barcha jabhada eng avvalo qonunlar va Konstitusiyaga amal qilamiz. Har birimiz shuni anglashimiz darkor - fuqarolarning huquqlari mavjud, ammo ularning burchlari ham bor.

OKMKga bu borada baho beradigan bo’lsak, ayni vaqtga kelib nihoyatda ko’p murojaatlar oqimiga egamiz. Ularning ko’pchiligi kombinatga ishga joylashish bilan bog’liq. Nega endi aynan bizga? Shaharda boshqa ko’plab korxonalar ham bor. Rahbar sifatida odamlar aynan bizga tomon talpinayotgani meni quvontiradi, bir vaqtlar ko’pchilik ishdan bo’shab ketishni ma’qul ko’rgani menga ma’lum, albatta. Hozir esa, aksincha. Bu ishlab chiqarishning barqarorligi, yuksak intizomdan dalolat beradi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishni yo’qotgandan so’ng yana qayta bu yerga ishga kirish mumkin emasligini odamlar tushunishadi. Biroq biz barchani qabul qilish imkoniga ega emasmiz. Bizning ezgu maqsadlarimiz, ya’ni, yangi ish o’rinli yangi ishlab chiqarishlarni ochish yuzasidan 2030 yilgacha mo’ljallangan rivojlanish bo’yicha dasturli istiqbollarimiz bor. Bular qo’rg’oshin zavodini qurish, "Uzoq" konini ochish va boshqalar. Lekin bu - biz barchani ish o’rinlari bilan ta’minlay olishimizni anglatmaydi.

Kombinatga ishga joylashish masalalari bilan maxsus komissiya shug’ullanadi. Biroq yana bir bor ta’kidlab o’tmoqchiman, barcha xohlovchilarni biz kombinatga ishga joylashtira olmaymiz. Shu bilan bir qatorda biz o’quv muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlab kelmoqdamiz. Bu davlat siyosatida nazarda tutilgan.

Yuqorida ta’kidlab o’tilganlardan xulosa qilib shuni aytishim joizki, har kim yuqori davlat lavozimlarini egallab o’tirgan va xalq uchun xizmat qilishi shart bo’lgan mansabdorlarga murojaat qila olsin. Bizning xalqimiz kamtarin, ular haddan ortiq talablarni qo’yishmaydi, so’rashmaydi. Oddiy inson uchun ma’lum bir masalalarni yechish butun bir muammoga aylanadi, davlat arbobi uchun esa bu aksincha, kichik bir masala hisoblanadi. Endilikda, hokimliklar va huquqni muhofaza qilish idoralari murojaatlarga  e’tibor qaratishlari zarur bo’ladi. Men bu fikrlarni OKMKning bosh direktori sifatida emas, balki senator sifatida aytib o’tayapman.

Prezidentimiz fuqarolarning murojaatlariga katta e’tibor qaratmoqda. Bu yo’nalishga mas’ul etib O’zbekiston Respublikasi Prezidentining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo’yicha Davlat maslahatchisi lavozimini tayinladi. Bu nihoyatda to’g’ri. Men insonlar hayotini yaxshilashga qaratilgan bunday qarorni qo’llab-quvvatlayman. 2017 yilga qaratilgan yo’nalish juda dolzarb, aminmanki, juda ko’p xayrli ishlar amalga oshiriladi va fuqarolar duch kelayotgan ko’plab masalalarni hal etishda ijobiy natijalarga erishiladi. Bizning kombinatimiz ham bunday ezgu harakatlardan chetda qolmaydi.

Kirib kelgan Yangi yil bilan olmaliqliklarni va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlarini tabriklayman! Ularga, shuningdek, yaqinlari va qadrdonlariga salomatlik, muvaffaqiyat tilayman. Kombinatimizda hamma ishlarimiz yurishib ketsin, biz bundan keyin ham ishonch bilan olg’a qadam tashlashda, ishlab chiqarishimiz yuksalishida davom etaveraylik. 2017 yilni 2016 yildan ham yaxshi ko’rsatkichlar bilan yakunlaylik! Barchasi o’z qo’limizda!

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech