http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Ezgulik, saxovat va yangilanish ayyomi muborak bo’lsin!

on .

Qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, olmaliqliklar!

Hammamiz uchun sevimli bo’lgan Navro’z bayrami yaqinlashib kelmoqda. U bilan hamohang bahorni qarshi olamiz, tabiatning uyg’onishidan shodlanamiz, barchamizni oldinda kutib turgan yangilik va yaxshiliklarga uyg’unlashamiz.

Aynan mustaqillik yillari davomida xalqimizning eng noyob qadriyatlari va ajoyib an’analarini, ajdodlarimizning ezgu niyatlari va intilishlarini o’zida jo qilib kelayotgan bu qadim meros va qadriyatimiz sanalmish ushbu betakror hamda o’ziga xos bayram  millatimiz, tilimiz va dinimizdan qat’iy nazar, har birimiz intiqib kutadigan  chin ma’nodagi umumxalq bayramiga aylandi.

Tabiat yangilanishi bilan biz ham yangilanamiz. Ammo ko’p asrlik an’analarimiz va xalqimizga xos bo’lgan mehnatsevarlik, mehmondo’stlik, yaqinlariga yordam berish istagi bizni - mamlakatimizni, xalqimizni farovonlik va gullab-yashnash tomon olib borayotgan umumiy ulkan ishlar sari yetaklaydi va yanada yangi yutuqlarga intilish xislatlari o’zgarmay qolaveradi.   

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati jamoasi ham respublikamiz iqtisodiyotiga, uning sanoat qudratini mustahkamlashga o’zining salmoqli hissasini qo’shib kelmoqda. Oldimizda esa, mavjud bazalarni mustahkamlash, chiqarilayotgan mahsulotlarning turlarini kengaytirish imkoniyatini beradigan bir qator investitsion loyihalarni amalga oshirish bo’yicha yirik miqyosli vazifalar turibdi. Ulardan biri aytishga arzigulikdir. Ya’ni, joriy  yilda biz “Dalnee” konini o’zlashtirishga kirishdik, buning ortida esa, mohiyati bo’yicha o’zining kareri, boyitish fabrikasi va barcha infratuzilmalariga ega bo’lgan, yangi ish o’rinlari yaratish va shu orqali taxminan olti ming nafar odamni ishga joylashtirish imkoniyatini beruvchi yana bir kombinat qurilishi turibdi. Bu esa bugungi kunda mamlakatimizdagi eng katta ahamiyatga ega bo’lgan ulkan miqyosdagi loyiha hisoblanadi. Shu o’rinda men, ko’p ming sonli jamoamiz nomidan mamlakatimiz rahbariyatiga va shaxsan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevga bizning kuchimiz, bilimimiz va tajribamizga bo’lgan ulkan ishonchi va bizga ko’rsatilayotgan yordami uchun alohida minnatdorchilik bildirib qolaman.

Navro’z - bu alohida ruhiyat va falsafa, ya’ni  keksa avlod vakillari haqida g’amxo’rlik qilish va ularga har tomonlama e’tibor qaratish, o’zgalar ko’makka muhtoj bo’lgan barcha odamlarga beg’araz yordam ko’rsatishga yo’naltirilgan ezgulik va saxovat, do’stlik va hamjihatlik g’oyalarini o’zida mujassamlashtirgan xayr-saxovat tadbirlari bilan yanada boyigan ayyomdir. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hech qachon ezgulik ishlaridan chetda qolib ketmagan. Maktablarga, bolalar bog’chalariga, mahallalarga har tomonlama ko’rsatilayotgan yordamlar, shahrimiz yanada chiroyliroq va ko’rkam, obod bo’lishi uchun doimiy ravishda olib borilayotgan obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlari, urush va mehnat fronti ishtirokchilarini, yolg’iz pensionerlarni va kam ta’minlangan oilalarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash - bularning hammasi kombinat mehnatkashlari tomonidan ezgulik yo’lida amalga oshirilayotgan ishlar majmuasidir.

Navro’z bayrami nishonlanayotgan mana shunday kunlarda, biz ham maxsus maktab-internatlarda, “Saxovat”, “Mehribonlik”, “Muruvvat” uylarida xayr-saxovat tadbirlarini o’tkazamiz. Ushbu kunning quvonchini ishlab chiqarishimizdagi faxriylar bilan ham bo’lishamiz.

Har birimiz mana shunday kunlarda o’z qalbimizni faqat ezgu ishlar va muruvvat ko’rsatish uchun ochaylik. Hech bir nuroniy bizning e’tiborimizdan chetda qolib ketmasin: qarindoshlaringizni, qo’shnilaringizni, sobiq hamkasblaringizni yo’qlab boring, ularga qo’ldan kelgancha ma’naviy yordam ko’rsating, e’tibor qarating - axir ularga hurmat-ehtirom bajo keltirish, ta’zim qilish ularning ulkan xizmatlari oldida qo’limizdan keladigan arzimas ishlar sanaladi.

Sharqiy taqvim bo’yicha yangi  yil boshlanishining ramziy belgisi, tabiatning uyg’onishi bilan bog’liq bo’lgan ushbu umumxalq bayrami bilan tabriklar ekanman, barchangizga chin dildan sog’lik, tinchlik, ko’ngil charog’onligi va iliqligi, osuda osmon, tabassum va bahoriy kayfiyat tilayman.

Mana shunday bayram kunlarida boshlagan barcha ezgu ishlaringizda sizlarga zafar yor bo’lsin, mehnatsevarlik va omad esa ko’nglingiz tubidagi orzularingizni amalga oshirish garovi bo’lib qolsin!

Har bir oilaga barqarorlik va farovonlik,  saxiy va mehmondo’st Vatanimizning yanada gullab-yashnashini tilab qolaman!

Aleksandr FARMANOV,

“Olmaliq KMK” AJ Bosh direktori,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech