http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

OKMK: yuksalish uchun istiqbollar mavjud!

on .

2014 yil Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasining yodida qoldi, qanday ahamiyatga ega bo’ldi va kelgusi yilda qanday marralarni zabt etish haqida "Olmaliq KMK" AJ bosh direktori Aleksandr Farmanovning Axborot xizmati xodimlari bilan bo’lib o’tgan suhbati.

- Aleksandr Kasimovich, o’tgan yilning dekabr oyida mamlakatimizda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashlariga saylovlar bo’lib o’tdi. Bundan tashqari, 2014 yil mamlakatimizning siyosiy hayotida hal qiluvchi yil bo’ldi. Senator sifatida Sizning nazaringizda fuqarolik jamiyatimiz oldinda turgan saylovlarga qay darajada tayyor?

- Mustaqillik yillarida jamiyatimizda katta demokratlashtirish jarayoni sodir bo’ldi va har galgi saylovlarda biz elektorat qanchalik yetilganligini tushunib yetamiz. Mamlakatimizda o’z dasturi, o’z platformasi, o’z nomzodlarini deputatlikka qo’ya olayotgan siyosiy partiyalarimiz bor va biz ularga davlatimizning taqdirini, ona-Vatanimizning kelajagini ishonib topshiramiz. Deputatlikka nomzod sifatida shuni ayta olaman-ki, saylovoldi kampaniyasi yuqori tashkilotchilik darajasida o’tdi, kurash haqqoniy bo’ldi. Bu esa odamlarimiz nafaqat bahslashishda ishtirok eta olishini, balki o’zlarining yuksak madaniyatlarini ham namoyish etishganini ko’rsatdi. Avvallari nomzodlar o’z dasturlarida maishiy-xo’jalik qismiga ko’proq tayangan bo’lsalar, bu galgi saylovlarda respublikamiz istiqboli, jamiyatimiz ertasini rivojlantirish masalalari nomzodlar dasturlarida aks etdi.

Albatta, barcha partiyalar respublikamiz ravnaqini istaydi, biroq ularda muammolarni hal qilish yo’llari va usullari har xil. Barchaga ma'lumki, bahslarda haqiqat yuzaga chiqadi. O’zbekiston xalqi ham saylovlarda tanlash huquqiga ega bo’ldi: odamlar kimga ko’proq ishonsalar, o’shalarga ovoz berishdi. Bu saylovchilarimizning yuqori yetukligidan dalolatdir. Deputatlikka nomzodlar darajasi juda nufuzli bo’ldi, deb ayta olaman, ular orasida o’z ishining mohir ustalari, mintaqalarni, o’z partiyasi dasturlarini yaxshi biladiganlar, mamlakatning istiqbolli rivojlanishini ko’ra oladiganlari juda ko’p bo’ldi. Bir so’z bilan aytganda, bugunga kelib fuqarolik jamiyatimiz demokratik va siyosiy jihatdan ancha yetilgan.

Joriy yilda oldimizda ulkan siyosiy voqealar turibdi: mamlakatimiz Prezidenti saylovi. Bugungi kunda respublikamiz avvalgi va hozirgi mavjud inqirozlarga ham qaramasdan, ildam qadamlar bilan olg’a bormoqda. Davlatimiz rahbari Islom Abdug’anievich Karimov rahnamoligida oqilona siyosat yurgizilayotgani bois bizning istiqbolli dasturimiz mavjud va ularning amalga oshirilishi mamlakatimizda har yili ichki yalpi mahsulot ishlab chiqarishni 108%ga ortig’i bilan bajarish imkonini berayapti. Ushbu mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturi 2019 yilgacha, ya'ni yaqin 5 yilga mo’ljallangan. Mamlakatimiz boshqa davlatlardan farqli o’laroq, ularga iqtisodiy jihatdan tobe bo’lib qolmaslik uchun eng yuqori darajada o’zini-o’zi ta'minlashga harakat qiladi. Bizning maqsadimiz yagona - xalq farovonligi. Yurtimiz aholisi ham shunga yarasha ortib bormoqda: Hozirgi vaqtda O’zbekistonda 30 milliondan ortiq xalq istiqomat qilmoqda. Albatta, muammolarimiz ham mavjud. Biroq, muhtaram Prezidentimiz iqtisodiy inqirozga yo’l qo’ymaslik uchun ularni hal qilish yo’llarini qidirmoqda. O’zbekiston - hamkorlar uchun yopiq davlat emas, balki u ochiq, shu jumladan, iqtisodiy jihatdan ham ochiq davlat hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchi sifatida shuni aytmoqchiman-ki, respublikamizda maqsadli dastur ishlab chiqilgan bo’lib, u aynan iqtisodiyotni rivojlantirishga yo’naltirilgan,  eng muhimi - u moliyaviy jihatdan qo’llab-quvvatlangan. Bizga banklar, O’zbekiston Respublikasi rekonstruksiyalash va rivojlantirish jamg’armasi tomonidan kreditlar ajratilmoqda. Kreditlarsiz bugungi kunda deyarli hech kim faoliyat yuritmaydi. Bu bozor iqtisodiyotida xo’jalik yuritishning eng maqbul yo’llaridan biridir: kredit olasan, qurasan, so’ng daromad olasan va uni qaytarib berasan, so’ngra ishlab chiqarish bardavomiyligi uchun yana qo’shimcha daromad olasan.

O’ylaymanki, O’zbekiston Prezidentini saylashga mamlakatimiz fuqarolarining barchasi tayyor va bu saylov ham xalq deputatlari saylovlari kabi yuqori darajada o’tadi.

- An'anaga ko’ra, har bir korxona yil davomida amalga oshirilgan ishlarning sarhisobini qiladi. OKMK jamoasi ham 2014 yilda o’z oldiga qo’ygan vazifalarni bajara oldimi?

- Ha, 2014 yil bizning jamoamiz uchun muvaffaqiyatli yil bo’ldi: barcha istiqbolli rejalar bajarildi, barcha korxonalarimiz samarali mehnat qildi. Har qanday korxona o’z kelajagini yaratish uchun ma'lum zahiraga ega bo’lishi kerak. Bizning kombinatda ham shunday zahiralar mavjud: moddiy zahira, quvvat zahiralari va  eng asosiysi - kadrlar. Jamiki jamoalar namunali mehnat qilishmoqda.

Bundan tashqari, daromadlar olib keladigan investision loyihalarning ma'lum qismi tugatildi. Bular sirasiga MEZdagi Sulfat kislotasi sexini kiritish mumkin. U yerda ayni damda montaj ishlari tugatilib, foydalanishga topshirishga tayyorlash vazifalari izchil olib borilmoqda. Shuningdek, MEZdagi havo taqsimlash bloki, kon-shaxta ishlari uchun uskunalarni ishlab chiqarishni tashkil etish, Jizzaxdagi sement zavodi ham shular jumlasidandir. Sement zavodining mahsulotlari talabgir mahsulotga aylanishga ulgurdi: o’tgan yili taxminan 155 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi. Yangi ishlab chiqarishlar esa - bu yangi ish joylarini yaratishdir.

- Bu yil Ishlab chiqarishni modernizasiyalash, texnik va texnologik qayta qurollantirish dasturi doirasida "Olmaliq KMK" AJda qanday investision loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Nimalarga ko’proq e'tibor  qaratiladi?

- 2015 yilda kombinat ko’plab investision loyihalarni amalga oshirishga kirishadi. Birinchi galda ularning orasida mis eritish pechining qurilishi turibdi, chunki uning ishga tushirilishi natijasida bir qator muammolar hal bo’ladi: ishlab chiqarish quvvati oshadi, yiliga 43 million kubometr gaz tejaladi va albatta, ekologik muhit yaxshilanadi. Mazkur loyihani 2016 yilda yakunlash rejalashtirilgan. Yana bir muhim loyihalardan biri bu - Qalmoqqir kon boshqarmasining balansorti chiqindi rudalarini qayta ishlashga safarbar etishdir. Bu loyiha ham 2015 yilda boshlanib, 2016 yilda yakunlanadi. Uning amalga oshirilishi shu yilning o’zida qo’shimcha ravishda 4 million tonna rudani qayta ishlash imkonini beradi. Bu ham o’z navbatida yangi ish o’rinlarining yaratilishi va kombinatning ishlab chiqarish quvvatini oshishiga omil bo’ladi. Angrenda yangi Samarchuq konida ham ish boshlaymiz. 2015 yilda yana sement zavodini rekonstruksiyalash ishlarini ham ko’zlaganmiz, bu uning quvvati 1 million tonnagacha oshirilishini ta'minlaydi.

Bir qator investision loyihalar yordamchi ishlab chiqarish bilan bog’liq. Bunga turli jihozlar va ehtiyot qismlar importini qisqartirish imkonini beruvchi MTMZning quyish ishlab chiqarishini rekonstruksiyalash kiradi.

Ko’rib turganingizdek, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va quvvatlarini oshirishga yo’naltirilgan loyihalar hamda yoqilg’i-energetika resurslari, pul mablag’larini tejash imkonini beradigan loyihalar ham mavjud. Bu loyihalarning amaliyotga tadbiq etilishi mahsulot tannarxini tushirish va daromadni oshirishga olib keladi.

- Kombinat ko’magi ostida so’nggi yillarda shahrimizning markaziy ko’chalari  tashqi qiyofasi sezilarli darajada o’zgardi. Hamshaharlarimiz kvartallarning ichki hudud yo’llari rekonstruksiyasi bilan qiziqishmoqda. Bular xususida nima degan bo’lardingiz?

- OKMK zimmasiga olgan mas'uliyat aslida kombinatga xos emas. Biroq, biz har yili deyarli 2 ming tonna bitum sotib olamiz, shuningdek asfalt zavodimiz ham mavjud. Aytishim joizki, yo’llar  juda  katta harajatlarni talab etadi. Buning uchun esa mablag’ topish zarur. Hammaga ayonki, biz ishni markaziy ko’chalarni asfaltlashdan boshladik, hozir esa yana davom ettirmoqdamiz. Mis ishlab chiqarish hamda yangi sport majmualariga elituvchi yo’llar qurdik.  Bu ishlar joriy yilda ham olib boriladi. Lekin qaysi mavzelarga qarab yo’l solamiz? Buni aniq ayta olmayman. Bir yilning o’zida barcha kvartal ichki yo’llarini asfaltlashtirishga jismonan ulgurolmaymiz. Biroq biz bu ishlar bilan bosqichma-bosqich shug’ullanamiz va shahrimizni obod etishni davom ettiramiz. Olmaliqda xushfe'l va xushro’y insonlar yashaydilar, shuning uchun shahrimiz ham ko’rkam va  obod bo’lishi lozim.

- Joriy yil "Keksalarni e'zozlash yili" deb e'lon qilindi. "Olmaliq KMK"  AJ nafaqadagi pensionerlar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylari uchun ham ko’plab xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. 2015 yilda bu borada qanday ishlar rejalashtirilgan?

- Qadimdan o’zbek xalqi qariyalarga hurmat va e'tiborda bo’lib kelgan. Bu halqimizga xos nihoyatda yaxshi, azaliy an'ana. Biz nafaqat faxriylarga,  kombinatning sobiq xodimlariga, balki avval boshqa korxonalarda mehnat qilgan barcha Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti ishtirokchilariga ham yordam ko’rsatmoqdamiz. Biz faxriylarni o’zimizniki yoki begonalar deb ajratmaymiz: o’sha og’ir davrlarda jamiki qiyinchiliklar barchaga baravar bo’lgan, shuning uchun ham kombinat faoliyati davom etar ekan, biz hech kimni  e'tibordan chetda qoldirmaymiz. Ayniqsa,  muxtaram Prezidentimiz Islom Abdug’anievich Karimov  tomonidan bu yilni "Keksalarni e'zozlash yili" deb e'lon qilinishida qariyalarimizga  yanada e'tiborliroq va g’amxo’rli bo’lish maqsadi mujassam. Bu juda to’g’ri, negaki aynan ushbu keksa avlod vakillari bizning bugungi  farovon hayotimiz uchun zamin yaratganlar, ularning qo’llari bilan shu zavod va fabrikalar bunyod etilgan, biz esa ular boshlagan ishlarni davom ettirib kelmoqdamiz. Shuning uchun biz bu insonlarni yodimizdan chiqarmasligimiz kerak. Keksa avlod bejizga mehnat qilmaganliklarini bilishlari va keksalik gashtini surishlari uchun ularga ko’mak berish bizning muqaddas burchimizdir.

- Yangi yil tilaklaringiz.

- Eng avvalo OKMK mehnat jamoasiga  mehnatlari uchun, amalga oshirilgan istiqbolli ko’rsatkichlar uchun minnatdorchilik bildiraman. Bunga erishish yo’lida ko’plab mehnatkashlarimiz dam olish kunlari va bayram kunlarida ham o’z ish joylarida bo’lishlari lozim bo’ldi. Bizning infrastrukturamiz nihoyatda yaxshi rivojlangan, qishloq xo’jaligi va turar-joy kommunal xo’jaligi, bolalar bog’chalari mavjud. Ko’pming sonli jamoaning har bir ishchi-xodimi umumiy ishimizga o’zlarining munosib hissalarini qo’shib kelmoqdalar.

Saylovlarda meni qo’llab-quvvatlagan olmaliqliklarga va OKMK mehnatkashlariga ham katta rahmat aytaman. O’z shahri uchun jon kuydirayotgan hamshaharlarimizga ham tashakkur. Ular ham xayrli ishlarga qo’l urib, hamjihatlikda harakat qilib kelmoqdalar: kimdir daraxt ekadi, kimdir tevarak-atrofni saranjom sarishtalaydi va yana kimdir boshqa yumushlarni bajaradi. Bularning hammasi ularning shahrimiz qiyofasini yanada ko’rkam va obod qilish yo’lidagi umumiy ishga qo’shayotgan hissalaridir. Men Olmaliqda qurib bitkazilgan OKMKning yangi sport majmuasida xalqaro va respublika sport musobaqalari o’tkazilayotganligidan faxrlanaman. Bir yildan ham qisqa fursat ichida ochilgan ushbu majmuada Ummon futbol jamoasi bilan xalqaro o’rtoqlik uchrashuvi o’tkazildi. Hamshaharlarmiz uni televizor orqali emas, balki to’g’ridan-to’g’ri ko’rish imkoniyatiga ega bo’lishdi. Bu - Olmaliq tarixidagi ilk tarixiy xodisadir! Bu yerda futbol bo’yicha O’zbekiston kubogi finali ham bo’lib o’tdi. Afsuski, bizning jamoamiz unda ishtirok eta olmadi, biroq  futbol ixlosmandlari uning bevosita ishtirokchilari bo’la oldilar. Sport majmuamiz qo’l to’pi, boks bo’yicha O’zbekiston chempionatlariga ham mezbonlik qildi. "Metallurg" madaniyat saroyimizda ham turli-tuman tadbirlar o’tkazilib kelinmoqda. Shunday qilib, Olmaliq endi oddiy shahar emas, balki u o’ziga xos madaniy-sport markaziga aylandi. Men Olmaliqqa viloyatimiz va respublikamizning ko’plab aholisi chin dildan tashrif buyurayotganlaridan  juda mamnunman.

Yangi yilda shahrimizning  yanada tarovatli bo’lishiga hissasini qo’shgan barcha fuqarolarga rahmat aytaman.  Har yili bezak beruvchilarning antiqa kashfiyotlarni o’ylab topishlari va iqtidorlari Oltin olma xiyobonini, kombinat boshqarmasi oldidagi va uning tarkibiy bo’linmalaridagi  hudud, maydonlarni yanada go’zal va ko’rkam holga keltirmoqda.

Barchangizni kirib kelgan Yangi yil bilan qutlayman! Hammaga sog’lik, barchaning oilasiga farovonlik, baxtli hayot tilayman, bor kuch-g’ayratlarini yurtimizning yanada gullab-yashnashiga baxsh etishlarini va vaqti kelib, 2015 yilga yakun yasayotganimizda shahrimizdagi har bir oila uchun yil muvaffaqiyatli kelganini ta'kidlashlarini tilab qolaman. Barcha oilalarga omad yor bo’lsin!

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech