http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Bahor va yangilanish ayyomi muborak bo’lsin!

on .

Qadim zamonlardan mehmondo’st, saxiy ona-diyorimiz O’zbekistonda  Navro’z bayrami zaminga yangi yil kirib kelishi sifatida nishonlanadi. Hozirda ham ushbu ayyom o’z dolzarbligini yo’qotmagan va haqli ravishda ko’pmillatli davlatning umumxalq va barcha sevgan ayyomidir.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari va olmaliqliklarni tabiat uyg’onishi, yangilanish, mehr va saxovat ayyomi bahor bilan chin qalbimdan tabriklayman! 

Bugungi kunimiz ko’p jihatdan go’zal azaliy bayramning mehr-muruvvat, xayr-saxovat, mehribonlik, saxiylik, yaqinlariga yordam berishga intilish va farovonlikni yanada oshirishga yo’naltirilgan ulkan mehnatsevarlik kabi alohida xususiyatlari bilan asosiy urf-odatlar va an'analarga uyg’unlashib ketadi. 

Biz - Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari ham ota-bobolarimizning o’gitlaridan chekinmagan holda, sevimli ona-Vatanimiz farovonligi, uning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash hamda hamyurtlarimiz va vatandoshlarimiz kelajagi yo’lida samarali, fidokorona mehnat qilayapmiz. Buning isboti bir necha yillar davomida ortig’i bilan bajarib kelinayotgan ishlab chiqarish istiqbolli ko’rsatkichlarida namoyondir. Joriy yil dastlabki oylarining natijalari ham bundan mustasno emas: ma'dan qazib olish, uni qayta ishlash va  mahsulot ishlab chiqarish majburiyatlari to’liq hajmlarda bajarildi. Ishlab chiqarishni modernizasiyalash, texnik  va texnologik qayta qurollantirish faol davom ettirilmoqda, deyarli barcha bo’g’inlarda avtomatlashtirish joriy etilmoqda, axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish kengaytirilmoqda. Hayot esa bir joyda turib qolmaydi, o’z oldimizga yangi marralarni qo’yib va ularga erishib,  har doim oldinga harakatlanamiz.

Biz sanoat zonalari, kombinatga biriktirilgan shahar ko’chalari va mahallalarida obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlarini olib borib, Navro’z bayramiga yaxshi tayyorgarlik ko’rdik. Shuni ta'kidlash joizki, obodlikni davom ettirgan holda, yashab turgan zaminimizni yashillikka burkab, turmushimizni yanada farovon va betakror qila olamiz. Biroq, ko’chatlarni nafaqat ekish, balki ularni parvarish qilish, asrab-avaylash va ulkan daraxtlarga aylanishi uchun yordam berish zarur. Men barcha hamshaharlarimizni "Sizlarni o’rab turgan atrof-muhitga befarq bo’lmang!" deya, ushbu  xayrli ishlarda ishtirok etishga chorlab qolaman. 

Navro’z kunlarida barcha O’zbekiston xalqi qatorida biz ham kombinatga biriktirilgan ijtimoiy muassasalarda xayriya tadbirlarini tashkil etib, savobli ishlarni amalga oshirayapmiz. Sex va tarkibiy bo’linmalarning vakillari muassasalarga sovg’alar bilan tashrif buyuradilar, yil davomida esa ko’plab xo’jalik masalalarida zarur yordam ko’rsatadilar, bunda urush va mehnat faxriylari ham nazardan chetda qolmaydilar.

Fursatdan foydalanib, barchaga shularni ta'kidlab o’tmoqchiman - Navro’z ochiq ko’ngil bilan kutib olinadi, bu kun barcha gina-qudratlar va kelishmovchiliklar unutiladi, har bir inson quvonchu shodlikni o’zgalar bilan baham ko’rishga intiladi. Shu bois o’z qarindosh-urug’laringiz, yaqinlaringiz va keksalarning holidan xabar olish, yordamingizga muhtoj bo’lgan qo’shnilaringizga e'tibor qaratish, sobiq hamkasblaringiz, urush va mehnat fronti qatnashchilari, mehnat faxriylarini e'tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Nuroniylarimiz -  bizning bugungi osoyishtaligimiz va farovonligimizga zamin yaratgan insonlardir, biz ularning oldida  bir umrga qarzdormiz. Buni barchamiz  hamisha yodda  tutgan holda, asrlar osha bizgacha yetib kelgan azaliy an'analarimizni davom ettirishimiz darkor. Bu, eng avvalo  yoshlarga taalluqli. Chunki bugungi  kun yoshlari ota-bobolarimizning o’lmas merosini davom ettirish, qo’lga kiritilgan yutuqlarni  mustahkamlash uchun mas'uldir. 

Tinchlik va do’stlik, totuvlik va hamjihatlik kabi fazilatlari bilan o’zbek xalqi har doim boshqa xalqlardan ajralib turgan. Bugungi kunda yer sharining turli mintaqalarida sodir bo’layotgan nizolarni kuzata turib, bu xislatlarning nechog’li qadrli va bebaho ekanligini yanada chuqur anglaymiz. Shunday musaffo va tiniq osmon ostida ko’pmillatli davlatning 130dan ortiq millat va elatlari go’zal va betakror xalq bayramlarini hamjihatlikda nishonlashi bizga ertangi hayotimizning barqaror va gullab-yashnashi yo’lida samarali va fidokorona ishlash imkonini beradi. 

Bizning ezgu niyatlarimiz va umidlarimiz, intilishlarimiz va maqsadlarimiz  yakdil va o’zaro mushtarakdir.

Shunday ekan, Navro’z barchamiz uchun orzularimiz ijobati bayrami bo’lib, hammamizga baxt, mehr-muhabbat va omad olib kelsin! Barcha orzularimiz ushalsin! 

Aleksandr FARMANOV,

"Olmaliq KMK" AJ Bosh direktori,

O’zbekiston Respublikasi  Oliy Majlisi senatori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech