Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Keksalari ulug'langan yurt

on .

Qadrli urush qatnashchilari va front orti mehnat faxriylari! Hurmatli keksa avlod vakillari va olmaliqliklar!

Ko’pming sonli bizning kombinat jamoasi nomidan barchangizni Xotira va Qadrlash kuni bilan samimiy qutlayman!

Bu yil ushbu bayram alohida tantana va ma'noga yo’g’rilgan - biz bir necha millionlab  insonlar hayotini olib ketgan, eng ko’p qon to’kilgan shafqatsiz Ikkinchi jahon urushida erishilgan g’alabaning 70 yilligini nishonlayapmiz. Keksa avlod vakillari Vatanimiz uzra musaffo osmonni saqlab qolish uchun qanday jasorat va qahramonlik ko’rsatganliklarini hamisha chuqur ehtirom bilan yodga olamiz.

O’zbekistonning 6,5 million aholisidan (1941 y.) urushda 1,5 million kishi ishtirok etgan bo’lsa, bu qo’liga qurol olishga layoqatli bo’lgan 3 millionli aholining 50% edi. Ular jangga kirib, fashistlarni Vatanimiz ostonasiga yaqin yo’latmaslik  uchun o’z hayotlarini qurbon qilganlar.  Deyarli 500 ming hamyurtlarimiz urushdan o’z uylariga qaytishmadi, 640 ming kishi yarador bo’ldi. 

Front ortida qolgan, o’zining fidokorona mehnati bilan front uchun zarur bo’lgan mahsulotlarni ishlab chiqargan O’zbekiston aholisining g’alabaga qo’shgan hissasi bebahodir. Fashistlar tomonidan ishg’ol etilgan hududlardan evakuasiya qilingan kishilarni qabul qilgan o’zbek oilalarining mehmondo’stligi hamda mehr-muruvvati o’sha yillardagi o’g’il bolalar va qizaloqlar xotirasidan qech qachon o’chmaydi. Bu yurtda ular nafaqat boshpana, balki, oxirgi bir burda nonini saxiylik ila  ular bilan baham ko’rgan o’zbekistonliklarning chinakam mehri, samimiyati, muhabbatini topdilar.

Ha, biz bularni yoddan chiqarishga haqqimiz yo’q. 70 yil muqaddam yakun topgan urush  - ota-bobolarimiz, onalarimiz va bolalik, o’smirlik davri urush yillariga to’g’ri kelgan bolalar boshidan kechirgan o’sha mudhish urush yillarining dahshati, shafqatsizliklarning takrorlanishiga endilikda hech qachon yo’l qo’ymaslik uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish zarur. Zero bu, bugungi va kelgusi avlod uchun katta saboqdir.

Hozirgi vaqtda dunyoda sodir bo’layotgan voqea-hodisalarni kuzata turib, mustaqil davlatimiz rahbari tanlagan - barcha masalalarni tinchlik yo’li bilan tartibga solish, O’zbekiston hududida g’arbiy bazalarni joylashtirishdan voz kechish, shu jumladan, mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash ila barqarorlikni ta'minlash kabi siyosatning naqadar to’g’ri ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz. Ammo qahramonlar - bu nafaqat olis urush yillari vakillarigina emas. Hozirgi kunda hayoti qahramonliklardan iborat insonlar ham kam emas, ular  davlatimiz xavfsizligini ta'minlash yoxud Vatan ravnaqi uchun fidokorona mehnat yo’lida qahramonlik ko’rsatayotgan vatandoshlarimizdir.

Darhaqiqat, inson o’zini Vatani va xalqiga xizmat qilishga bag’ishlashi uchun aniq fuqarolik pozisiyasiga ega bo’lishi, o’z ona-zaminini chin yurakdan sevishi zarur. O’zbekiston Prezidenti tomonidan yoshlarga, bizning o’rnimizni egallaydigan, respublikamizning shon-shuhrat topishini davom ettiradigan avlod tarbiyasiga katta ahamiyat berilayapti, bunda keksa avlodga hurmat va ehtiromga asoslangan o’zbek xalqining ko’p asrlik an'analariga tayanilmoqda. Shuning uchun ham bu yil mamlakatimizda "Keksalarni e'zozlash yili" deya e'tirof etildi. Bugungi kunda turli sohalarda erishayotgan yutuqlarimizda ota-onalarimiz, hurmatli faxriylarimizning bebaho hissasi borligini har doim yodda tutishimiz lozim. Biz ularning oldida qarzdormiz va ularning farovonligini ta'minlash hamda uzoq umr ko’rishlari uchun imkoni bo’lgan barcha  say'i-harakatlarni amalga oshirishimiz shart. 

Bu borada Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan salmoqli ishlar olib borilmoqda. Barcha urush qatnashchilari va front orti mehnat faxriylari, OKMK mehnat faxriylari, korxonaning sobiq ishchilari bo’lgan yolg’iz va yordamga muhtoj pensionerlar kombinatning diqqat-e'tiboridan chetda qolmaydi.  Lekin, shunga qaramasdan, bugungi kunda faxriylarga, har bir nuroniyga har tomonlama e'tibor qaratish va yordam ko’rsatish borasidagi ishlarimizni yanada  kuchaytirish, samaradorligini oshirish, biz uchun qadrli bo’lgan bu insonlarning hayotini boyitish, quvonch va mazmunga  to’ldirishimiz lozim. Necha-necha yillar o’tmasin, biz har doim ular oldida behisob qarzdormiz va qarzdor bo’lib qolaveramiz, zero, kelgusi avlod ham bugungi kunimiz  uchun  bizdan minnatdor bo’ladigani kabi.

Bugun biz, tinchlik-xotirjamlikda yashayotganimiz, erkinlik nashidasini his etayotganimiz uchun halok bo’lganlar va o’limga qasdma-qasd omon qolganlar oldida bosh egamiz. Sizlarni yod etamiz va sizlar bilan faxrlanamiz. Mardonavor qahramonligingiz uchun ta'zimimizni qabul eting!

Biz shu osuda kunlarimiz uchun jon fido etgan yoki har kuni o’z hayotini xavf ostida qoldirib, Vatanimiz mustaqilligini himoya qilayotgan, tinchlik-farovonlikni ta'minlayotgan insonlarni doimo xotirlaymiz va ularni qadrlaymiz. Erkin, mustaqil mamlakatda yashash baxtiga muyassar bo’lganligimiz uchun barchangizga rahmat! 

Sizlarga sog’lik, baxt-saodat, shodlik, tinchlik tilayman!

Aleksandr FARMANOV,

"Olmaliq KMK" AJ Bosh direktori, 

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori 

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech