Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Samarali dasturlar bilan istiqbollar sari

on .

Hurmatli hamkasblar! Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qadrli mehnatkashlari va faxriylari! 

Barchangizni O’zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni - kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Biz malakali, mehnatkash jamoamiz bilan har kungi vazifalarimizni bajara borib, goh to’xtab, goh yana yuzaga kelayotgan jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozi sharoitida eng qiyin vazifalarni ham bajara olishimizni  isbotlab kelmoqdamiz. Inqiroz tufayli yuzaga kelgan holatlarni yengib o’tish oson kechayapti, deb aytmagan bo’lardim. Birinchi galda kombinat uchun ta'luqli bo’lgan jahon bozorida rangli metallar narxini tushishi shular jumlasidandir. Lekin biz bunday og’ir sharoitlarda ishlashni - iqtisod qilish, zahira imkoniyatlarni topish va ishlab chiqarishni rivojlantirish hisobiga mahsulotlar salmog’ini oshirish va uning tannarxini tushirishni yaxshi o’zlashtirib oldik. Biz nafaqat sur'atlar tushib ketishining oldini oldik, balki bu ko’rsatkichlarni munosib darajada muntazam ushlab kelmoqdamiz. Birgina birinchi chorak yakunlariga ko’ra, mahsulotlar ishlab chiqarishning o’sish sur'ati 108% tashkil qildi. 

Modernizasiyalash, texnik va texnologik qayta qurollantirish dasturlarini amalga oshirish borasidagi ishlar izchil olib borilayapti. Yangi ishlab chiqarishlarni qurish davom ettirilmoqda, amalda faoliyat yuritayotganlarining quvvatlari oshib borayapti. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan 2015-2019 yillar davomida kombinatda umumiy bahosi 2,5 milliard dollarga yaqin 17 ta loyiha amalga oshirilishi ko’zda tutilmoqda.

Mazkur hujjatga asosan, amalda faoliyat yuritayotgan "Qizil olma" konining "Samarchuq" uchastkasida er osti konini qurish, o’tgan yili foydalanishga topshirilgan Jizzax sement zavodining quvvatlarini yiliga 1 million tonnagacha oshirish, MTMZning quyish va Mexanika-yig’uv sexlarini qayta jihozlash hisobiga import o’rnini bosish va mahalliylashtirish dasturiga yanayam faol kirishish, shu bilan birga nafaqat o’zimizning, boshqa turdosh korxonalarning ehtiyot va butlovchi qismlar importini keskin kamaytirib, katta miqdorda valuta mablag’larini iqtisod qilish yaqin davrdagi rejalarimizdan biridir. Keyingi ikki yilning o’zida mahalliylashtirish dasturi doirasida o’z imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda 10 xil turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni o’zlashtirdik, joriy yilda bu mahsulotlar nomi yana 17 taga ortadi, shunga qaramay ushbu ro’yxatni yanada kengaytirishning yangi imkoniyatlari ko’rib chiqilmoqda.

Har yili Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bir nechta dasturlar faoliyat yuritadi va bir qator loyihalar ijrosi ustida ish olib boriladi. Qay birida ishlar boshlang’ich nuqtasida bo’lsa, qaysidir biri tugallangan bo’ladi. Joriy yilda biz Mis eritish zavodidagi Sulfat kislotasi sexini foydalanishga topshirish, Jizzax viloyatidagi Sement zavodi texnologik qismini kengaytirish va yana bir qator vazifalarni rejalashtirganmiz, bular kombinatning iqtisodiy holatini yuksaltirish va ishchi-xodimlar farovonligini oshirish imkoniyatlarini yaratadi. Qo’rg’oshin zavodini qurish, turli diametrdagi mis simlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, rux oksidi, rux qoplamali metall listlari va profnastil uch qavatli panellarni "Angren" MIZda ishlab chiqarishni tashkil qilish va boshqalar uzoq davrga mo’ljallangan maqsadlarimizdir. 

Bularning barchasi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug’anievich Karimovning tashabbuslari va mamlakatimiz hukumatining yuksak darajadagi qo’llab-quvvatlashida aks etmoqda.

Ishlab chiqarishdagi qayta qurishlar bilan bir qatorda biz ijtimoiy yo’nalishlarda ham  faol ish olib bormoqdamiz. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga biriktirilgan o’quv muassasalariga yordam berishni davom ettirgan holda, yangi bog’-rog’lar va xiyobonlar bunyod etayapmiz. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat fronti ishtirokchilari va kombinatning ishlamayotgan faxriylari ham e'tibordan chetda qolishmayapti. "Keksalarni e'zozlash yili"da bu vazifaga e'tibor bizda yanayam kuchaygan, korxonalar va sexlarimiz ushbu yo’nalishdagi say'i-harakatlarni kengaytirib bormoqda. Men bir haqiqatni aytganman va uni yana takror aytaman - biz, bizning avlod va keyingi avlodlar bugungi kunimiz, farovon turmushimiz asosini qo’ygan insonlar oldida toabad qarzdormiz, shu sababli ham hech bir faxriy nuroniy inson o’z muammolari bilan yolg’iz qolmaydi. Kombinat tomonidan olib borilgan rekonstruksiya ishlaridan so’ng o’tgan haftada Olmaliq va Piskentda mardlik va jasorat timsoli - ikkinchi jahon urushida halok bo’lgan vatandoshlarimiz xotirasiga bag’ishlangan Xotira memoriallari ochildi.

Qadrli do’stlar! Sizlarni Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bilan muborakbod etar ekanman, kombinatning barcha mehnatkashlariga mardonavor mehnatlari uchun tashakkur bildiraman va bizning oldimizda zalvorli, murakkab, katta hajmdagi ulug’ ishlar turganini, bu vazifalarning bajarilishi har birimizning halol mehnatimizga bog’liq ekanligini, faoliyatimizning pirovard natijasi oilalarimiz farovonligi va mamlakatimiz iqtisodiyoti bundan ham mustahkamlanib borishining asosiy omili ekanligini ta'kidlab o’tmoqchiman. 

Barchangizga chin qalbdan salomatlik va baxt, oilaviy farovonlik va oldingizga qo’ygan orzular ro’yobga chiqishini tilayman. Ona-Vatanimiz gullab-yashnashi yo’lidagi mehnatingizda omad yor bo’lsin. 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qadrli mehnatkashlari - bayramingiz muborak bo’lsin!

Aleksandr FARMANOV,

"Olmaliq KMK" AJ Bosh direktori, 

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech