http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Vatanimizning yuksak ishonchini oqlaymiz!

on .

Qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari va ishlab chiqarish faxriylari!

Barchangizni - O’zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman! Bizning ko’p ming sonli mehnat jamoamiz ham sohamiz vakillari qatorida kasb bayramini kutib olmoqda,

O’zimizning kundalik mehnatimiz, oldimizga maqsadlar qo’yish va unga yetish, kelajak istiqbolini belgilay olish va ularga erishishni bilishimiz hamda hukumatimiz tomonidan qo’yilgan vazifalarni bajara olayotganligimiz bilan biz nafaqat mintaqamiz, balki butun mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati va xalqimizning turmush farovonligini oshirishda munosib ishtirok etib kelmoqdamiz. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining butun tarixi, ayniqsa, mustaqilligimiz qad rostlagan yillarda ona-Vatanga va o’z xalqiga cheksiz muhabbat bilan xizmat qilishning yorqin namunasi bo’laoldi.

Biz qo’lga kiritilgan muvaffaqiyatlar bilan kifoyalanib qolmaymiz, doimo ilgari qadam tashlashni o’z burchimiz deb bilamiz. Ishlab chiqarishni rekonstruktsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta qurollantirish dasturlarining bir necha bosqichlari bugun yakunlangan. Tarkibiy bo’linmalar kengaytirilmoqda, qazib olinadigan, qayta ishlov beriladigan ma’danlar va tayyor mahsulotlarning miqdori oshib borayapti. Shu bilan birga biz, ishlab chiqarishning o’sishini ta’minlagan holda, doimiy ravishda yoqilg’i-energetika manbalarini iqtisod qilish, mahsulotlar tannarxini pasaytirish va sifatini  oshirish ustida muntazam ravishda ishlab kelmoqdamiz. Ishlab chiqarishning o’sish sur’atini 103,4 foiz, mahsulot eksportini 121,9 foiz, mahsulot tannarxini tushirishni 139,9 foiz darajasida, bu ko’rsatkich 40,7 mlrd. so’mni tashkil etishini ta’minlagan holda barcha bashorat ko’rsatkichlarini bajarib, joriy yilning dastlabki to’rt oyini sharaf bilan yakunladik. 

Nimalar qilinganligi haqida ko’p gapirish mumkin, ammo biz anchadan buyon istiqbollar yo’lida mehnat qilayapmiz.

Mamlakatimiz rahbariyati va shaxsan yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan bizning jamoamizga investitsion loyihalarni amalga oshirish borasida yuksak ishonch bildirildi. Bu investitsion loyihalar nafaqat kombinatimiz taraqqiyoti, balki butun mamlakat istiqodiyotini mustahkamlashga yo’naltirilgan. Oldimizga qo’yilgan vazifalarni hal qilar ekanmiz, biz birgina xom-ashyo bazasini kengaytirib, ishlab chiqarishni va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning turlarini oshiribgina qolmay, balki keyinchalik boshlagan ishlarimizni hayotga tatbiq etib davom ettiradigan hamda kombinatimizni ishonib topshirishimiz lozim bo’lgan minglab yoshlarning kelajagi uchun ham poydevor qo’yib bormoqdamiz.

Bugungi kunga kelib muhim ahamiyatga molik bo’lgan to’rtta investitsion loyihalarni amalga oshirishni boshladik. Joriy yilda o’zlashtirilishi boshlangan «Dalnee» konida yiliga 23 million tonnagacha ma’dan qazib olinadi. “Qalmoqqir” konini kengaytirish, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yangi tsement zavodini bunyod etish, Olmaliqda qo’rg’oshin zavodining qurilishi ham katta ahamiyatga ega loyihalar sirasiga kiradi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi esa o’n mingga yaqin yangi ish o’rinlarini yaratish barobarida yanada ko’proq hamyurtlarimizning farovonligini oshirish imkonini beradi.

Shunday yuksak ishonchga sazovor bo’lgan mehnat jamoamiz bilan faxrlanaman, desam mubolag’a bo’lmaydi va biz belgilangan vazifalarni sharaf bilan bajarishimizga ishonchim komil.

OKMK mehnatkashlarining ustuvorligi nafaqat ishlab chiqarishda namoyon bo’lmoqda, balki ular Olmaliq shahri va tarkibiy bo’linmalarimiz joylashgan aholi punktlarini obodonlashtirish, keng miqyosli va har tomonlama xayriya yordamlarini ko’rsatish, faxriylar hayotida doimiy ishtirok etish, shahrimiz aholisining farovon turmush kechirishi va dam olishi uchun zaruriy sharoitlar yaratish kabi xayrli ishlarda muntazam ishtirok etmoqda. Bu sa’yi-harakatlar, albatta, katta mablag’larni talab qiladi.

Mamlakatimiz rahbariyatining madadi va g’amxo’rligi bois biz shunday mehnat qilmoqdamizki, endilikda ishlab chiqarishimiz bilan birga mehnatkashlar va faxriylarimizning farovonligini oshirishni ta’minlashimiz, maktablar, bolalar bog’chalari, kasb-hunar kollejlari hamda boshqa ko’plab ijtimoiy soha ob’ektlariga manzilli yordam ko’rsatish hamda qo’llab-quvvatlashni kengaytirib, ko’p sonli ijtimoiy loyihalarga mablag’lar ajratishimiz uchun ham imkoniyatlar  yuzaga kelmoqda.

Kadrlar tayyorlash masalasiga alohida to’xtalib o’tmoqchiman. Kombinatimizga biriktirilgan kasb-hunar kollejlari va mamlakatimizning oliy o’quv yurtlari bilan doimiy hamkorlik o’z natijasini berib kelayapti. So’nggi bir necha yillar davomida OKMK jamoasining safi mazkur o’quv yurtlarining minglab bitiruvchilari bilan yanada kengaydi. Ularning oldida biz boshlagan ishlarni davom ettirish vazifasi turibdi va shuning uchun ham biz ulardan o’zimizning munosib izdoshlarimizni tayyorlash, ishlashga, intizomga rioya qilishga o’rgatish, o’z kasbiga muhabbat va uning ortidan kamolotga yetish kabi tuyg’ularini ularda uyg’otishimiz zarur. Bunday ishlarni tarkibiy bo’linmalarimizda doimiy ravishda olib borayapmiz va davom ettiramiz. Ammo kombinatda ishlash istagida bo’lganlar o’z ishiga shunday ishtiyoq bilan, ya’ni halol, vijdonan, mahorat bilan yondoshishlari lozim.

Kasb bayramimizni nishonlayotgan mana shunday kunlarda, men o’zining halol, matonatli mehnati, boy tajribasi va yetuk bilimlari bilan korxonamiz sharafini mustahkamlab kelayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining barcha mehnatkashlariga chin yurakdan o’z minnatdorchiligimni bildiraman.

Biz duch kelayotgan ko’plab qiyinchiliklar, muammolarga qaramay, kombinatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlab, belgilangan marra sari dadil boramiz.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining barcha ko’p ming sonli mehnatkashlarini ayyom bilan qutlayman!

Barchangizga baxt, sog’lik, tinchlik, oilaviy farovonlik, boshlagan ezgu ishlaringizga barqarorlik va muvaffaqiyat tilab qolaman!

Aleksandr FARMANOV,

“Olmaliq KMK” AJ Bosh direktori,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech