http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Istiqbolni amalga oshira olamiz

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qadrli mehnatkashlari, ishlab chiqarishimiz faxriylari, olmaliqliklar!

Barchamiz uchun eng ulug’, eng aziz bayram - Vatanimiz mustaqilligi kuni yaqinlashib kelmoqda. Mamlakat taraqqiyotining bosib o’tilgan 26 yillik yo’liga xayolan nazar solar ekanmiz, zarhal xarflar bilan bitilajak bu istiqlol yillari tarixiy ahamiyatiga ko’ra asrlarga tatigulik ekanligiga iqror bo’lamiz.

Mustaqillikning e’lon qilinishi yangi davlatchilikning muvaffaqiyat va yutuqlari boshlanishiga, jahon hamjamiyatida ishonchli o’rin egallashiga, tanlagan tinchlik va bunyodkorlik yo’li bilan yuksak e’tirofga sazovor bo’lib, insonparvarlik va tinchliksevarlik qadriyatlariga mustahkam poydevor bo’ldi.

Mustaqillik O’zbekiston tarixida yangi sahifalarni ochdi, qadr-qimmatimiz, e’tiqodimizni qayta tiklash imkoniyati yaratildi va milliy o’zlikni anglash hissini uyg’otdi.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda yuksak texnologik tarmoqlar “nol”dan tashkil etildi - avtomobilsozlik, neftgazkimyo, neftgaz va temiryo’l mashinasozligi, zamonaviy texnika, maishiy elektronika ishlab chiqarish, shuningdek, oziq-ovqat, yengil, kimyo sanoatlari, qurilish materiallari industriyasi ham tubdan modernizatsiya qilindi. Qadamba-qadam agrar davlatdan iqtisodiyoti diversifikatsiya qilingan, rivojlanayotgan juda katta davlatga aylandik.

O’tgan mana shu yillar davomida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati jamoasi mamlakatning iqtisodiy salohiyati oshishiga, uning jadal sur’atlarda rivojlanishiga munosib hissa qo’shib kelmoqda.

Mustaqillikka erishilgach, ishlab chiqarishimizni rekonstruktsiya, modernizatsiya qilish bo’yicha ko’plab loyihalar amalga oshirildi, texnik va texnologik qayta qurollantirildi, pirovardida ma’danni qazib olish va qayta ishlashni yiliga 26 mln. tonnadan 37,5 mln. tonnagacha ko’paytirishga erishildi. Faqat keyingi bir necha yillarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida qiymati 1 mlrd. dollardan oshiq bo’lgan 25ta yirik investitsion loyihalar amalga oshirildi. Xususan, Jizzax viloyatidagi zamonaviy sement zavodi qurilishi, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi “Xonjiza” kon-boyitish majmuasining bunyod etilishi va o’zimizning rux metalini ishlab chiqarish uchun imkoniyat yaratildi. Angrenda mis quvurlari ishlab chiqarish zavodi qurilishi, Olmaliqdagi mis eritish zavodida yangi eritish pechi va sulfat kislotasi sexi qurilishi amalga oshirildi.

Mehnat jabhasida erishayotgan yutuqlarimiz, oldinga qo’yilgan vazifalarning bajarilishi ortida “Olmaliq KMK” AJ mehnat jamoasining zahmatli mehnati, barcha bashorat ko’rsatkichlarining barqaror bajarilishi va ishlab chiqarish hajmining yildan yilga oshib borishi turibdi. Buni joriy yilning so’nggi 8 oyi davomida OKMK tomonidan amalga oshirilgan faoliyat tasdiqlaydi.

Darhaqiqat, yil boshidan buyon 2,7 trillion so’mdan oshiq mahsulot ishlab chiqarildi, bashorat ko’rsatkichlari 101%ga bajarildi, mahsulot ishlab chiqarishdagi o’sish sur’atini o’tgan yilga qiyoslaganda 103,7%ni tashkil etdi. Eksport qilingan mahsulotlarimizning bashorat ko’rsatkichlari 103,3 foizga uddalandi.

Ishlab chiqarishni amalga oshirish natijasida ko’plab ijtimoiy loyihalar, xususan kombinat ishchi faxriylarini ham qo’llab-quvvatlash, aholi turar-joy infrastrukturasini ta’mirlash va rivojlantirish, obodonlashtirish bilan bog’liq masalani hal etish, sport va madaniyatni taraqqiy ettirish, yashash uchun munosib sharoitlarni yaratish kabi masalalar hayotga tatbiq etiladi.

Davlatimiz rahbarining poytaxt viloyatiga va bizning shahrimizga tashrifi Toshkent viloyati, shuningdek Olmaliqning kelajak taraqqiyotiga juda katta turtki bo’ldi, pirovardida “Olmaliq KMK” AJni kelgusida rivojlantirishning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qaror chiqdi.

2017 yilning 11 avgustida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoev Shavkat Miromonovich “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rivojlanishining ikkinchi bosqichi” investitsion loyiha ijrosiga start berdi. Bu kunni kombinat mehnatkashlari kombinatning ikkinchi tug’ilishi, deb aytishga haqli. “Yoshlik I” va “Yoshlik II” konlarining o’zlashtirilishi bilan 28 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega, zamonaviy va ilg’or texnologiyalar bilan jihozlangan yangi ishlab chiqarish tashkil etiladi va bu bilan mis ishlab chiqarish 1,5 baravarga, qimmatbaho metallar ishlab chiqarish 40 foizga oshadi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan kombinatni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Toshkent Texnika universitetining Olmaliq filiali ochildi hamda Rossiya Federatsiyasining ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti MISiS” filialini tashkil etish uchun tashkiliy komissiya tuzildi. Kombinat ravnaqi yo’lidagi mazkur islohotlar doirasida 10 mingdan ziyod ishchi o’rinlari yaratilishi kutilmoqda. Shahrimizda yangi kichik nohiya - ko’p qavatli uylar, bolalar bog’chasi, savdo markazi, madaniyat va istirohat bog’i qad rostlaydi, shu bilan birga zamonaviy ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirish ko’zda tutilgan bo’lib, sog’liqni saqlash ob’ektlari qayta ta’mirlanadi, qisqa aytganda, shahrimizni ikkinchi tug’ilishi va kelgusida uni rivojlantirishga erishiladi.

Shu o’rinda davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoevga bizga bo’lgan doimiy e’tibori hamda g’amxo’rligi, kombinatimiz uchun yangi istiqbollarni ochib bergani uchun ko’pmingsonli jamoamiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildirib qolaman.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan barcha rejalarimizning doimiy qo’llab-quvvatlanishi, uning kombinatimiz faoliyati bilan shaxsan tanishuvi va jamoamizning bunyodkorlik ishiga bergan yuksak bahosi bizga alohida mas’uliyat yuklaydi.

OKMKni rivojlantirishning davlat dasturini bajarishimizda yirik kapital qo’yilmalar, fidoiy mehnat, kasb mahorati va mas’uliyat, jipslik hamda bor imkoniyatni baxsh etish talab etiladi. Men ishonamanki, biz shunday salohiyatli xodimlarga egamiz, ko’pmillatli jamoamiz bu vazifalarni sharaf bilan bajaradi va yuksak ishonchni oqlaydi.

Buyuk ayyom arafasida Sizlarga vijdonan va munosib mehnatingiz, barcha rejalarimizni amalga oshirishdagi kasbiy mahoratingiz va kuch-quvvatingiz uchun chin yurakdan minnatdorchilik bildiraman.

Aziz hamkasblar, do’stlar!

Eng ulug’ bayram - jonajon Vatanimiz mustaqilligi muborak bo’lsin!

Barchaga yangi mehnat yutuqlari, ravnaq va farovonlik tilayman.

Sizlarga va yaqinlaringizga mustahkam sog’lik va baxt hamroh bo’lsin!

Aleksandr FARMANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech