http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Har bir yangi yil avvalgilaridan yaxshi bo’lishi kerak

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yangidan rivoj topishi, shahrimizda muhim yangilanishlar yo’lida dastlabki qadam qo’yilgan yil bo’lib qolgan 2017 yil ham poyoniga yetdi. Doimiy an’anaga asosan, “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi Aleksandr Farmanov kombinat axborot xizmatining muxbirlariga intervyu berdi.

- Aleksandr Kasimovich, an’anaga ko’ra har bir korxona yakunlangan yilni sarhisob qiladi. 2017 yil kombinatimizda voqeliklarga boy, sermazmun yil bo’ldi. Sizning nazaringizda OKMK o’tgan yilda nimalarga erishdi?

- 2017 yil kombinat uchun tarixiy yil bo’lib qoldi, deb hisoblayman. Bizning jamoamiz o’z oldiga qo’ygan barcha vazifalarni amalda deyarli hal qildi. Bu ham asosiy ishlab chiqarish ko’rsatkichlari, ham ijtimoiy-iqtisodiy masalalardir. Nima uchun 2017 yil tarixiy yil bo’lib qoldi? Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurdi. Tashrif yakunida, bizning kombinatimiz rivoji uchun kuchli turtki bo’lgan qator hujjatlar imzolandi. Bu nafaqat ikkinchi kombinatning bunyod etilishi, balki uning qayta tug’ilishi hamdir. Birinchidan, ikkita yirik “Yoshlik I” va “Yoshlik II” konlarini o’zlashtirish boshlab yuborildi. Ko’pchilik buni yangi konlarning rivojlanishi deb o’ylaydi. Tabiiyki konlar qo’shimcha rudalar qazib olinishi uchun rivojlantiriladi. Biroq bu hammasi emas: kombinat kon ishlaridan tortib tayyor mahsulot olgunga qadar bo’lgan to’la ishlab chiqarish tsikli bilan shug’ullanadi. Mamlakatimiz rahbarining Qarorida yangi istiqbollarimizni moliyalashtirishning barcha manbalari o’z aksini topgani, yanada ahamiyatlidir. Chunki bugungi kunga kelib jahon moliyaviy-iqtisodiy krizisi yakuniga yetmagan dunyoning ko’plab mamlakatlarida iqtisodiyot beqaror. Shunday bir vaziyatda Respublikamiz bunday yirik ob’ektlarni qurish uchun mablag’larni topmoqda.

Kombinatning har bir ishchisi buni tushunishi kerak, deb o’ylayman. Shu o’rinda men bir qator raqamlarga to’xtalib o’tmoqchiman: mazkur loyihalarning amalga oshirilishi yiliga 500 million dollardan ortiq mahsulotlarni sotish imkonini beradi. “Yoshlik I” konini o’zlashtirish uchun 1 milliard 700 million dollarga yaqin, “Yoshlik II” koni uchun 400 million dollardan ortiq mablag’ ajratildi. Bundan tashqari, biz 2018 yilda Surxondaryo viloyatida 1,5 mln. tonna miqdorida sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lgan yangi sement zavodini qurishdek yirik investitsion loyihani yakuniga yetkazib, 200 million dollarli investitsiya mablag’larini o’zlashtirishimiz zarur bo’ladi. Yana bir loyiha - Qalmoqqir konini kengaytirish, bunga 100 mln. dollardan ziyod mablag’ yo’naltiriladi. Bu qo’shimcha rudalar qazib olishga va shunga mos ravishda tayyor mahsulotlar hajmi oshishiga xizmat qiladi. Ammo mamlakatimiz rahbariyati tomonidan nafaqat ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, balki yangi ish o’rinlarini ochish vazifasi ham qo’yilmoqda. Yuqorida ta’kidlab o’tilgan loyihalar amalga oshirilganidan so’ng biz 15 mingga yaqin yangi ish o’rinlarini yaratamiz. Bundan tashqari, boshqa korxonalar ham paydo bo’ladi va tabiiyki, bu raqamlar yana ham oshib boradi. Pirovardida, mintaqadagi aholi bandligi masalasiga biz sezilarli darajada barham beramiz.

Yangi qurilayotgan konlar masalasiga qaytib, aytib o’tishim lozimki, “Yoshlik II” konida uchta og’ishli tepalikdan tushish va bitta yotiq kon qudug’i bunyod etiladi. Yangi konlarni qazib olishga jalb etish butun bir yaxlit yangi infratuzilmalarni vujudga kelishini nazarda tutadi: konveyrlari bo’lgan ikkita tunnel, yillik ish quvvati 28 mln. tonna bo’lgan yangi mis boyitish fabrikasi, yangi podstantsiyalar, chiqindilarni to’plash ombori, o’z tizimiga ega bo’lgan suv ta’minoti, Mis eritish zavodida - yangi pech, havo taqsimlash blogi, misni elektroliz qilish sexi quriladi. Bir so’z bilan aytganda, ikkinchi kon-metallurgiya kombinati vujudga keladi. Tabiiyki, bu yerda hammasi eng zamonaviy bo’ladi. Biz buning ustida ish olib borayapmiz va yuqori sifatli mahsulotlar chiqarish imkonini beradigan eng ilg’or energiyasamarador texnologiyalarni tanlab olayapmiz. Men yuqorida aytib o’tganimdek, ruda qazib olishni yiliga 28 mln. tonnaga oshirishimiz zarur.

Taqqoslash uchun: 2018 yilda kombinatga 70 yil to’ladi, qazib olish hajmining mavjud quvvatlariga kombinat ko’plab o’n yilliklar davomida chiqib bordi, endilikda esa biz bu raqamlarga 7-8 yil davomida chiqishimiz kerak! Bizning oldimizda mana shunday vazifalar turibdi va biz uni amalga oshirishga kirishganmiz. Ekskavatorlar, buldozerlar, yonilg’i quyuvchi, yuklagich, ko’p tonnali “BelAZ”lar olindi...

2017 yilda 2,5 mln. kubometr hajmda ustki qatlamlarni olib chiqish vazifasi rejalangan edi. Lekin biz ilgarilab ketdik: bu raqam 3 mln. 200 ming kubometrni tashkil etmoqda. Joriy yilda ham mana shu sur’at saqlanib qolishiga ishonaman. Belgilangan jadvalga ko’ra, biz 2022 yilda ruda qazib olishni boshlashimiz kerak. Ammo bu ishni 2021 yilda boshlay olamiz, deb o’ylayman. Shu sababli ham men o’tgan yilni biz uchun alohida ahamiyatga molik bo’ldi, deb hisoblayman.

Mamlakatimiz rahbariyatining topshirig’iga asosan, Olmaliqda o’ziga xos infratuzilmaga ega bo’lgan yangi mikrorayon qurilishi olib borilmoqda. Shuningdek, kombinat 10 ta turar-joy uylari, bolalar bog’chasi, istirohat bog’i, do’kon, FHDYo, marosimlar zali ham bunyod etadi. Shunisi aniqki, mamlakatimiz Prezidentining Olmaliqqa tashrifi nafaqat OKMK uchun, balki shahrimiz uchun ham muhim tarixiy bosqich bo’ldi. Bu nafaqat kombinatning ikkinchi tug’ilishi, balki shahrimizning ham qayta dunyoga kelishidir. 2017 yil mana shu jihatlari bilan ham yodda qoladigan bo’ldi, deb o’ylayman.

- 2018 yilda OKMK oldida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning qanday vazifalari turibdi?

- Bu haqda men yuqorida qisman to’xtalib o’tdim. Bundan tashqari, kombinat shahrimizdagi barcha maktablarni o’z otalig’iga oldi, ulardagi barcha isitish tarmoqlari ta’mirlab berildi. Shuningdek, shahar yoki kombinat bog’chasi, deb toifalamagan holda barcha maktabgacha ta’lim muassasalariga ham yordam berib kelmoqdamiz. OKMK tomonidan quriladigan uylar hududida xususiy mini-bolalar bog’chalarini ochish va ularni xususiy mulk egalariga ijaraga berish rejalanmoqda. Bu kabi yaxshi amaliyot Toshkent shahrida sinovdan o’tkazilgan. Mazkur uylar hovlilarida bolalar maydonchalari qad rostlaydi. Mahallalarda “Xalqlar do’stligi” xiyoboni hamda “Vesna” mehmonxonasi oldidagi ommalashgan sport maydonchalari kabi sun’iy qoplamali 21 ta mini-maydonchalarni qurish rejaga kiritilgan. Bularning barchasi farzandlarimizni sport bilan shug’ullanishlari uchun amalga oshirilayapti. Shahar yo’llarini asfaltlashtirish ishlarini davom ettiramiz. Joriy yilda nafaqat shahar, viloyat, balki Respublika miqyosidagi tadbirlar o’tkazib kelinayotgan “Metallurg” madaniyat saroyi, kombinat boshqarmasi binosini ham kapital ta’mirlash rejalangan. Ayni vaqtda Olmaliq shahar hokimi bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritib kelayapmiz, shaharga yirik moliyaviy yordam beramiz, bu ishlarni odamlarning yanada farovon yashashlari uchun davom ettirib boramiz.

- 2018 yil mamlakatimizda "Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalar" yili deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan siz o’zingiz va uning jamoasi oldiga qanday vazifalar qo’ymoqdasiz?

- Men o’zimni jamoadan ayri tutmayman, zero men ham boshqalar kabi OKMKning oddiy mehnatkashi va olmaliqlikman.

Davlat korxonalari deyarli qolmadi, yalpi ichki mahsulotning yarmidan ko’prog’ini bugun xususiy biznes ta’minlamoqda. Shu sababli ham mazkur sohani rivojlantirish kerak. Mamlakatimiz rahbari xususiy biznes korxonalari raqobatbardosh bo’lishi zarurligini ta’kidlab keladi. Tabiiyki, yangi innovatsiyalar va texnologiyalarsiz maqsadga erishib bo’lmaydi. Jahon bozorida katta raqobat ketmoqda. OKMK kabi shunday yirik korxonalar uchun bozor iqtisodiyotida faoliyat yuritishning o’zi murakkab bo’lgan bir paytda kichik xususiy biznes korxonalari haqida nima ham deyish mumkin?! Fikrimni asoslash uchun quyidagi misolni keltirib o’taman. Faqat 2017 yilga kelibgina biz birinchi marta mis quvurlarini eksport qilish bo’yicha rejani bajarishga muvaffaq bo’ldik! Bunga bizning to’rt yil vaqtimiz ketdi. Eksportni bosqichma-bosqich oshirib borgan holda 3300 tonna mis quvurini Rossiya, Bolgariya, Qozog’iston kabi mamlakatlarga sotdik. Joriy yilda yetkazib berish bozorlarimizni yanada kengaytiramiz. Ammo yana bir bor shuni ta’kidlamoqchiman, sifatli mahsulotlarsiz jahon bozorida raqobat qilish imkonsiz, sifatli mahsulot bilan ham baribir qiyin.

Prezidentimiz tadbirkorlarning oldiga sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi texnologiyalarni joriy etish va mahsulot tannarxini tushirib borish kabi vazifalarni qo’ymoqda. Shu sababli ham tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash va innovatsiyalar, yangiliklar, ilg’or texnologiyalarni joriy qilishlarida yordam berish zarur. Bu kombinatga va barcha korxonalarga ham taalluqli, chunki mahsulot tannarxi - muhim omildir. U qancha past bo’lsa, daromad shuncha yuqori bo’ladi.

Respublikamiz Prezidentining Parlamentga murojaatnomasi mamlakatimiz uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi. Shundan so’ng, kombinatda bo’linmalar rahbarlari bilan ochiq yig’ilish o’tkazildi, hozirda ratsionalizatorlik, OKMKda yangi texnologiyalarni joriy etish bilan shug’ullanuvchilarni rag’batlantirish bilan bog’liq Nizom ishlab chiqilmoqda. Kombinatda mazkur masalalar bilan shug’ullanuvchi bo’lim yana ham kengaytiriladi. O’z korxonalarida yangi texnologiyalarni joriy etgan bo’linma rahbarlari rag’batlantirib boriladi. Agar ushbu masalaga har bir korxonada yetarli darajada e’tibor qaratiladigan bo’lsa, Respublika miqyosida u juda katta iqtisod va ahamiyatli daromad olinishiga omil bo’ladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish yo’lida davlatimiz rahbariyati tomonidan ko’plab imtiyozlar belgilangan. Yaqin vaqt ichida ushbu yangiliklarning mevasini ko’rishimizga astoydil ishonaman.

Suhbatimizni yakunlar ekanman, OKMK mehnatkashlari va hamshaharlarimizni Yangi yil bilan muborakbod etaman, ularga sog’lik, omad, farovonlik va baxt tilayman!

Har bir oilada to’kin-sochinlik, yurtimizda tinchlik-omonlik hukm sursin! Har bir yil avvalgisidan ham yanada yaxshiroq bo’lishi uchun biz barcha ishlarni amalga oshirishimiz zarur.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech