Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Bahor, muhabbat va nafosat ayyomi muborak bo’lsin!!!

on .

Munis ayollar, qadrli mehnatkash opa-singillarimiz, kombinat faxriylari!

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining erkaklari nomidan sizlarni - muhtarama onalarimiz, dilbar opa-singillarimiz, qadrli qizlarimizni betakror bahoriy shodiyona 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Bizning kombinatimizda minglab ayollar mehnat qilishadi va ularning o’z vazifalariga vijdonan yondoshishlari korxonamiz ravnaqini belgilaydi. Siz o’zingizning ishonchli qo’llaringizda - iqtisodiyot, moliya, buxgalteriya hisoboti kabi asosiy yo’nalishlarimizni tutib, erkaklar bilan yelkadosh bo’lgan holda ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etib kelayapsiz, OKMKning maktabgacha ta’lim muassasalarida o’sib kelayotgan avlodlarimizni tarbiyalashdek eng yuksak vazifa sizning zimmangizga yuklatilgan. Sermahsul va shijoatli mehnatingiz bilan kundalik hayot tashvishlarini uyg’unlikda olib borib, xonadonlarimizda huzur-halovat, mehr taftini yaratib, farzandlar tarbiyasiga yurak qo’ringizni baxsh etgan holda kombinat va jonajon Vatanimizning gullab-yashnashi yo’lida munosib hissangizni qo’shib kelmoqdasiz.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtidorlarini namoyon etishlari uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish, onalik va bolalikni himoya qilish borasida ulkan ishlar olib borilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning fevral oyining boshida qabul qilgan “Xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni aynan ana shu maqsadlarga yo’naltirilgan. Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ular orasida tadbirkorlikni rivojlantirish, manzilli qo’llab-quvvatlash belgilangan bo’lib, Farmonga asosan, jamiyat va davlat hayotida faollik hamda tashabbuskorlik ko’rsatgan, o’zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo’shgan xotin-qizlarga “Mo’tabar ayol” ko’krak nishonini ta’sis etish ko’zda tutilmoqda.

Mehnatkash xotin-qizlarning ish sharoitlari va turmush tarzini yaxshilash borasida kombinatda ham ko’plab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. 2017 yilda 2135 ish joylari attestatsiyadan o’tkazildi va 3010 nafar xodim, shu jumladan 500 nafar xotin-qizlarning ish sharoitlari yaxshilandi.

Kombinat mehnatkashlari va shahrimiz aholisi oilalarida onalik va bolalikni har tomonlama qo’llab-quvvatlash doirasida o’nta ko’p qavatli uylarni qurish ishlari ketmoqda. Jizzax viloyatining Zomin tumanida dam olish pansionatini bunyod etish ishlari ham davom ettirilayapti. Bo’stonliq tumanining eng so’lim manzilida bu yil yana bir bolalar sog’lomlashtirish oromgohi foydalanishga topshiriladi.

Kombinat rahbariyati xotin-qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida maxsus yangi ish o’rinlarini ochish bo’yicha rejali ishlarni davom ettirib bormoqda. Birgina o’tgan yilning o’zida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish hisobiga 639 nafar xotin-qizlar ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, Olmaliq shahrida ikkita - “Chevar tekstil” va “Hamkor tekstil” qo’shma korxonalari tashkil etilib, 500 nafardan ziyod xotin-qizlarimiz ish bilan ta’minlanishadi. Joriy yilning aprel oyida kombinatning Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasida xotin-qizlar uchun qo’shimcha 80 ta yangi ish o’rinlari ochiladi. Bundan buyon ham biz hamkasb mehnatkash xotin-qizlarga e’tibor va e’zoz bilan munosabatda bo’lib, mehnatlarini yengillashtirish, munosib hayot sharoitlarini yaratish maqsadida bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Muhtarama mehnatkash xotin-qizlar, ishlab chiqarish faxriylari!

Siz mehr va muhabbatingiz, sadoqat va vafodorligingiz, mislsiz shijoatingiz bilan bizning hayotimizni yoritib kelmoqdasiz. Aynan sizning sharofatingiz tufayli oilalarimizda tinchlik, xotirjamlik, halovat va farovonlik xukm surayotgani uchun biz sizdan minnatdormiz.

Oilada tinchlik, bolalar salomat, xonadonda to’kinlik bo’lganida ayol xotirjam, - bu uning uchun haqiqiy bayram bo’ladi. Shu bois men oilalaringizda hamjihatlik, farovonlik va to’kinlik doim hukmron bo’lishini chin dildan tilab, har bir bayram haqiqiy shodu-hurramlik tantanasi bo’lsin, deb qolaman.

Erkaklar doimo go’zallik va nafosat bayrami - 8 martni katta hayajon bilan kutishadi. Chunki bu ayyom siz jonkuyar onalarimiz, munis opalarimiz, nazokatli qizlarimizga bo’lgan cheksiz hurmatimiz, muhabbat va ehtiromimizni yana bir bor chin yurakdan izhor etish imkoniyatini yaratadi. Biz esa siz muhtarama xotin-qizlarning betakror go’zallik, nafosat timsoli bo’lib qolishingiz, o’z hayotingiz va taqdiringizdan rozi bo’lib, chehrangizdan baxt nur sochib turishi uchun barcha vazifalarni uddalashga tayyormiz.

Yana bir bor barchangizni ushbu betakror bayram bilan qutlab, sizlarga oilaviy baxt va farovonlik, farzandlaringiz va nabiralaringizning yorqin kelajagini ko’rish quvonchini tilab qolaman.

Aleksandr FARMANOV,

“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruvi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech