http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Yaratuvchanlik ruhiyati bilan navro’zni qarshi olmoqdamiz

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qadrli mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, hamshaharlar!

Bahor kirib keldi, butun chor-atrofda va borliqda yangilanish, yangi hayotga hamohanglik yuz ko’rsatmoqda: mamlakatimizga bahorning eng qadimiy bayrami, go’zallik, xayr va saxovat timsoli - Navro’zi olam qadam ranjida qildi.

Navro’z - inson va tabiatni bog’lovchi abadiy rishta, asrlar davomida olijanob qadriyatlar va xalqimizning ajoyib an’ana, udumlari va intilishlarini o’ziga singdirgan, ulug’ ajdodlarimizning bebaho merosi hamdir. Biz uni samarali mehnat, kelajakka intilish, yaratuvchanlik kayfiyatida qarshi olmoqdamiz.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining oldiga yuksak vazifalar qo’yilgan, ularning hal qilinishi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga, yurtdoshlarimiz farovon turmushini yuksaltirishga, bizning ko’p ming sonli jamoamiz istiqbollariga yo’naltirilgan.

Yangi “Yoshlik 1” va “Yoshlik 2” konlari maydonini o’zlashtirishga kirishilishi yangi kon-metallurgiya kombinati bunyod etilishiga asos bo’ldi. 2018 yilda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida sement zavodi foydalanishga topshirildi. Joriy yilda Jizzax viloyatida “Uch-quloch” kon maydonini o’zlashtirish investitsion loyihasini amalga oshirish, yangi ohak zavodi qurilishi, temir-beton konstruktsiyalari ishlab chiqaruvchi zavodni qurish ishlari rejalangan.

Bugun kombinat tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli investitsion dasturlar nafaqat rudalarni qazib olish, qayta ishlash va yakuniy mahsulotlar hajmini oshirishga xizmat qiladi, balki kelajak uchun zamin hozirlash, o’z mehnat faoliyatini sharaf bilan boshlashi zarur bo’ladigan minglab yoshlarimizni ish bilan ta’minlash imkonini ham yaratadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning tashabbusi ostida ishlab chiqilgan mamlakatimizni rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasi doirasida “Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili” Davlat dasturini bajara borib, kombinatda ratsionalizatorlik va ixtirochilikni rivojlantirish harakati yangi bosqichga chiqdi, yonilg’i-energetika manbalarini iqtisod qilish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnologiyalarni rivojlantirish bo’yicha ishlar tizimli davom ettirilyapti. Yuqorida sanab o’tilgan omillar hisobiga 2018 yilda mahsulot tannarxini 7,5%ga tushirishni, mahsulotlar ishlab chiqarishda o’sishni 102%ga chiqarishni rejalashtirganmiz.

OKMKning faol ijtimoiy siyosati kombinatning zafarli ishlab chiqarish ko’rsatkichlarining amaldagi davomiyligi bo’lib qoldi.

An’anaga muvofiq, Navro’z arafasida korxonamiz mehnatkashlari bu kunning quvonchini barcha hamshaharlarimiz bilan baham ko’radi. Shu jumladan, maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Murruvat” uylaridagi insonlar uchun xayr-saxovat tadbirlarini o’tkazib, o’quv-muassasalari va mahallalarga beg’araz amaliy ko’maklar berib, ishlab chiqarishimiz faxriylari uchun bayramlar tashkil etib, shahrimizda obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlarini davom ettirgan holda barchamizga, shahrimizning har bir fuqarosi uchun obodlik, farovonlik, go’zallik yaratishni o’z burchimiz deb bilamiz.

Shu yilning o’zida qayta rekonstruktsiyadan so’ng bolalar kasalxonasini foydalanishga topshirdik, Navro’z bayramiga tez tibbiy yordam binosi, qon quyish punkti, oilaviy va ko’p tarmoqli poliklinikalarda ishlar yakunlanadi. Yangi kichik nohiyani bunyod etish, ikkita to’rt qavatli umumiy yotoqxonalarni rekonstruktsiya qilish davom etayapti, Jizzax viloyatida kombinat mehnatkashlari hordiq chiqaradigan yangi pansionat qad rostlamoqda. Yozgi sog’lomlashtirish mavsumiga yana bir bolalar oromgohi Bo’stonliq tumanida ochiladi.  

Nafaqat Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlarining ijtimoiy muammolari, balki barcha olmaliqliklar uchun dolzarb bo’lgan masalalar yechimi ham hal etilgan holda, yangi chorvachilik kompleksi va parrandachilik fabrikalari bunyod etilayapti, bu aholini maqbul narxlarda go’sht mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini beradi. O’quv markazi ta’miri, shahrimizda Rossiya milliy tadqiqot texnologik universiteti (MISiS) filialini ochishga hozirlik ishlari yosh mutaxassislarimiz oldida yangi ufqlarni ochishi shubhasiz. Bir so’z bilan aytganda, OKMK jamoasi respublikamiz va shahrimizdagi xayrli ishlarning faol ishtirokchisidir.

Imkoniyatdan foydalanib, men korxonamizning barcha mehnatkashlarini va barcha hamshaharlarimizni xayr-saxovat, mehr-oqibat, do’stlik va birodarlik xislatlariga uyg’un holda ehtiyojmandlarga amaliy ko’mak berish, keksa qarindoshlarimiz va hammaslak birodar qo’ni-qo’shnilarimiz, sobiq hamkasblar va ishlab chiqarish faxriylari holidan xabar olishga, ularning ko’ngillarini xush etishga chaqiraman. Shu qutlug’ kunlarda hech bir inson bizning e’tibor va mehrimizdan chetda qolmasin.

Sharq yilnomasi bo’yicha yil boshlanishi, tabiatning uyg’onish timsoli bo’lgan umumxalq Navro’z ayyomi bilan qutlar ekanman, barchangizga chin yurakdan salomatlik, tinchlik, omonlik, hayot zavqi va bahoriy ko’tarinkilikni tilayman. Bugun, ertaga va doimo yaxshilik, qadrdon insonlaringizning mehr-muhabbati, rohat-farog’at va muvaffaqiyat hamrohingizga aylansin. Shu kunlarda boshlagan barcha ezgu ishlaringizga ravnaq yo’ldosh bo’lsin. Kirib kelgan yil barchamiz uchun, kombinatimiz va buyuk Vatanimiz uchun saxovatli va baxt-iqbolli bo’lsin!

Aleksandr FARMANOV,

“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruvi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech