http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Yangi qonunlar - yurt ravnaqiga xizmat qiladi

on .

2018 yilning 29-30 mart kunlari O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o’n to’rtinchi yalpi majlisi bo’lib o’tdi. Majlis davomida 20 ta masala, shu jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil ijro etishga qaratilgan 13 ta qonun ko’rib chiqildi.

Mamlakatimiz ahli bugun ulkan o’zgarishlar, betakror bunyodkorlik, yirik investitsion loyihalar ijrosining samaralariga guvoh bo’lib bormoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning ravnaq va taraqqiyotiga zamin yaratmoqda

Biz senatorlar ham o’n to’rtinchi yalpi majlisda Vatanimiz tinchligi, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan qonunlarni ma’qullab, ovoz berdik.

Majlisning birinchi kuni ishni yangi tahrirdagi “Davlat mukofotlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonunini ko’rib chiqishdan boshlandi. Ta’kidlanganidek, davlat mukofotlari rag’batlantirishning oliy shaklidir. Qonunda davlat mukofotlarining turlari belgilab berilgan, “O’zbekiston Qahramoni” unvoni, O’zbekiston Respublikasining 34 ta faxriy unvoni, 11 ta orden, 4 ta medal va O’zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig’i shular jumlasidan. Davlat mukofotlariga taqdim etish huquqiga ega bo’lgan sub’ektlar doirasi kengaytirilgan.

So’ngra “Jamoatchilik nazorati to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonuni ko’rib chiqildi. Qonunda jamoatchilik nazoratining sub’ektlari, ob’ekti, uning asosiy tamoyillari belgilangan. Har tomonlama o’rganib chiqilgan ushbu Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so’ng senatorlar “Davlat xaridlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonunini ko’rib chiqdilar. Qonunning maqsadi ushbu sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarining normalarini tartibga solish va yanada takomillashtirishdan iborat. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “O’zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonunini ko’rib chiqdilar. Qonunning maqsadi O’zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining faoliyatini tartibga solishdan iborat. Qonunda Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatining asosiy yo’nalishlari belgilab qo’yilmoqda. O’zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo’lgan tajovuzlarning oldini olish, aniqlash hamda ularga barham berish bo’yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish, O’zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo’riqlash va himoya qilish, O’zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari va mudofaa-sanoat kompleksini davlat xavfsizligiga bo’ladigan xavf-xatarlar hamda tahdidlardan himoya qilish, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog’, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi, milliy, etnik va diniy adovatni targ’ib etishga qaratilgan buzg’unchilik faoliyatining oldini olish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlariga hamda xavfsizligiga tahdid soluvchi korruptsiya holatlariga qarshi kurashish va boshqalar shular jumlasidandir.

Davlat xavfsizlik xizmati o’z faoliyatini amalga oshirishda O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo’ysunadi va bevosita unga hisobot beradi. Shuningdek, Xizmat O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo’mitasini o’z faoliyatining asosiy yo’nalishlari yuzasidan muntazam xabardor qilib boradi. Shu bilan birga, Xizmatning faoliyatida qonunlarning aniq hamda bir xilda ijro etilishi ustidan nazorat O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo’ysunuvchi prokurorlar tomonidan o’z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So’ngra senatorlar yangi tahrirdagi “O’rmon to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonunini ko’rib chiqdilar. Ushbu Qonunda o’rmonlar muhofaza qilinishini ta’minlash va ulardan foydalanishda fuqarolar o’zini o’zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar ishtirokining huquqiy mexanizmi mustahkamlab qo’yilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so’ng senatorlar “O’zbekiston Respublikasi uy-joy-kommunal xizmati sohasi xodimlari kunini belgilash to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar. Kommunal xizmat ko’rsatish sohasi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, vijdonan qilinadigan mehnatni rag’batlantirish maqsadida Qonun bilan 18 aprel kuni O’zbekiston Respublikasi uy-joy-kommunal xizmati sohasi xodimlari kuni etib belgilanmoqda. Senatorlarning fikricha, bu kommunal xizmatlar sifati va samaradorligini yanada oshirishga ko’maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo’yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi va “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonunlarini ko’rib chiqdilar. Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, senatorlar xalqaro huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilish to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasining bir qator Qonunlarini ko’rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Shundan so’ng O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo’yicha vakilining (ombudsman) 2017 yildagi faoliyati to’g’risidagi hisoboti tinglandi. Muhokama yakunlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o’n to’rtinchi yalpi majlisining ikinchi ish kunida Senatorlar O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2017 yildagi faoliyati to’g’risidagi hisobotini eshitdilar. Senatorlar hisobot muhokamasi davomida O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar va tavsiyalar berdilar. Muhokama yakunlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2017 yilda huquqiy targ’ibot va ma’rifatning holati haqidagi axboroti ham eshitildi. Axborot muhokamasi davomida senatorlar Adliya vazirligining ushbu sohadagi faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan takliflar va tavsiyalar berdilar. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

So’ngra senatorlar bugun xalqimiz uchun eng dolzarb bo’lgan to’y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag’ishlangan tadbirlar o’tkazilishini tartibga solish masalasini ko’rib chiqdilar. To’y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag’ishlangan tadbirlar milliy ma’naviyatimizning ajralmas qismi hisoblanib, xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o’zida aks ettiradi. Biroq keyingi paytlarda oilaviy tadbirlarni o’tkazishda shuhratparastlik, o’zini ko’z-ko’z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko’zga tashlanmoqda.

Oilaviy tadbirlar bilan bog’liq juda katta ortiqcha sarf-harajatlar oilalarning nafaqat ijtimoiy ahvoliga, balki butun hayotiga, qolaversa, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Tahlillarga qaraganda, yosh oilalar o’rtasidagi aksariyat ajralishlar to’y-hashamlar bilan bog’liq holda kelib chiqayotgan mojarolar oqibatida yuz bermoqda.

Senatda “To’y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag’ishlangan tadbirlar o’tkazilishini tartibga solish to’g’risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi va joriy yilning 5-25 mart kunlari keng jamoatchilik muhokamasidan o’tkazildi. Bu davrda teleradiokanallar va davriy bosma nashrlarda yuzga yaqin materiallar e’lon qilindi. Yetakchi internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan materiallar 1,6 mln. marotaba o’qildi. Keng umumxalq muhokamalari jarayonida faol ishtirok etgan 400 mingdan ortiq fuqaro qarorni yanada takomillashtirish bo’yicha ko’plab taklif va fikrlarni bildirdi.

Oilaviy tadbirlarni tartibga solish jamiyat uchun ham muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligi bois, aholi tomonidan bildirilgan taklif va fikrlarni inobatga olib, mazkur masalani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni mukammal ishlab chiqish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati “To’y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag’ishlangan tadbirlar o’tkazilishini tartibga solish to’g’risida”gi qarorni qabul qildi.

Ushbu qaror bilan to’y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag’ishlangan tadbirlar o’tkazilishini tartibga solishga oid jamoatchilik fikrini o’rganish bo’yicha Respublika ishchi guruhi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.

Yalpi majlisda O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi tarkibiga o’zgartishlar kiritish va Oliy Majlis Senati vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko’rib chiqildi hamda tegishli qarorlar qabul qilindi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati senatorlari tomonidan ma’qullanayotgan yangi qonular, huquqiy hujjatlar fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlash, xalqimiz farovonligi, ularning turmush-tarzini yanada yaxshilash uchun xizmat qilishi shubhasiz. Men shuni alohida ta’kidlashni istardimki, har bir fuqaromiz chiqayotgan yangi qonunlar, qonunlarga kiritilayotgan o’zgarish va qo’shimchalar bilan tanishishi, o’rganishi, huquqiy savodxonligini oshirishi lozim. Shu bilan birga fuqarolarimiz mana shu qonunlarda nazarda tutilgan va belgilangan tartib, me’yor va qoidalarga qat’iy amal qilishi ham maqsadga muvofiqdir.

Aleksandr FARMANOV,

“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruvi raisi,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech