Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Biz oldimizga qo`yilgan barcha vazifalarni bajarishga tayyormiz

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qadrli mehnatkashlari va faxriylari!

Barchangizni kasb bayrami - O`zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bilan chin dildan tabriklayman!

Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlashim joizki, bugun men jamoamiz, kombinatimiz uchun cheksiz faxr-iftixor tuyg’ularini his qilmoqdaman. So`nggi yillarda amalga oshirilgan ishlarni baholagan holda shuni qat’iy ishonch bilan bildirish kerakki, bularning barchasi haqiqiy professionallar, chin ma’nodagi o`z ishining ustalari, ko`zlangan maqsadlarga yetish yo`lida hamjihat bo`lganlarga xos xislatlardir. Va faqat shunday jamoa mamlakatimiz hukumati tomonidan topshirilgan vazifalarni bajarishga qodir, biz esa ular ijrosi uchun qizg’in kirishganmiz. Kombinatning ulug’ yorqin kelajagi bor, istiqbollar uchun ko`plab maqsadlarimiz bor, kundalik mehnatlarimiz bilan ularni tobora yaqinlashtirmoqdamiz.

O`tgan yili korxonamiz rivoji yo`lida yangi marralarga start berildi. 2017 yil avgustida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan “Yoshlik I” va “Yoshlik II” kon maydonlarining o`zlashtirilishiga asos qo`yib berildi. Ushbu olamshumul investitsion loyihalar nafaqat mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, balki minglab insonlarning ish bilan ta’minlanishiga imkon yaratadi. Ular zimmasiga rudalarni qayta ishlash uchun qurilgan yangi korxonalarda mehnat qilish mas’uliyati tushadi. Loyihaga ko`ra yangi boyitish fabrikasi, ohak zavodini qurish, Mis eritish zavodini rekonstruktsiya qilish, mavjud yordamchi bo`linmalarni kengaytirish va yangilarini bunyod etish nazarda tutilgan. Rejalangan ishlarning ijrosini Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ikkinchi tug’ilishi sifatida nomlash ham mumkin.

Joriy yilda yana bir yirik ob’ekt bo`yicha ishlarni yakunlashimiz zarur bo`ladi. Yillik quvvati 1,5 million tonna miqdoridagi sement ishlab chiqarishni tashkil qiladigan Sherobod sement zavodini foydalanishga topshirish yaqin muddatlarga belgilangan. Kombinatning ko`pming kishilik jamoasi safi yana bir korxona hisobiga kengayadi, bu korxonada mingga yaqin ishchi-xodimlar mehnat qilishlari kutilmoqda. Jizzax viloyatidagi Uch-quloch koni bo`yicha investitsion loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Kombinat rivojlanmoqda, u bilan bir vaqtning o`zida shahar ham ravnaq topib borayapti, yangi ish o`rinlari yaratilayapti va olmaliqliklar yana-da shinam yashashlari uchun sharoitlar shakllantirilayapti. Mamlakatimiz hukumati tomonidan korxonamiz uchun kadrlar tayyorlash masalalariga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Kuni-kecha Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan Olmaliq shahrida “MISiS” (Rossiya federatsiyasi) Milliy texnologik tadqiqotlar universitetining filiali faoliyatini tashkil qilish to`g’risidagi Qaror imzolandi. Bu nafaqat shahrimiz, balki butun respublikamiz yoshlarining mamlakatdan tashqariga chiqmagan holda maxsus oliy ma’lumot olishlariga imkon yaratadi. Respublika Prezidentining tashabbusi bilan Toshkent davlat Texnika universiteti filialining o`tgan yili tashkil etilgani kombinat mehnatkashlarining ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy ma’lumotli bo`lishlariga zamin hozirlaydi.

Faoliyatimizning asosiy sohasi ijtimoiy ob’ektlarni rekonstruktsiya qilish va qurishga yo`naltirilgan. So`nggi 5-6 yil bilan solishtirganda, joriy yilda kombinat tomonidan ushbu yo`nalishda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Kapital rekonstruktsiyadan keyin shahar bolalar shifoxonasida bemorlar qabuli yo`lga qo`yildi, OKMKning yordamchi xo`jaligida parrandachilik fabrikasi va chorvachilik komplekslari, Jizzax viloyatining Zomin tumanida dam olish pansionati qurilmoqda, Bo`stonliq tumanidagi “Gulzor” bolalar sog’lomlashtirish oromgohi rekonstruktsiya qilinmoqda, aniqroq aytadigan bo`lsak, qaytadan bunyod etilayapti, shahrimizdagi ko`p qavatli uylarga yaqin hududlarda bolalar va sport maydonchalari soni tobora ortib borayapti. Salkam so`nggi qirq yil ichida Prezidentimiz tashabbusi bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan yangi kichik nohiyada ko`p qavatli uylar qurilmoqda, uni obodonlashtirish bilan ham bizning korxonamiz shug’ullanadi. Shu o`rinda yana ta’kidlab o`tishim lozimki, kombinat o`z bo`linmalari joylashgan shahar va tumanlarning ijtimoiy masalalarini hal etilishida salmoqli hissa qo`shib kelmoqda.

Biz amalga oshirayotgan barcha xayrli, saxovatli amallar - faxriylarga yordam ko`rsatish, sog’liqni saqlash va xalq ta’limi ob’ektlari, ixtisoslashtirilgan ijtimoiy muassasalarni rekonstruktsiya qilish va ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari - bu Olmaliq kon-metallurgiya kombinati barcha ishchi-xodimlarining beqiyos xizmati mahsulidir. Bugunga kelib, “Olmaliq KMK” AJ jamoasi ishlab chiqarish faoliyatidagi barcha bashorat ko`rsatkichlarining barqaror bajarilishini, respublikamiz uchun ahamiyatli bo`lgan investitsion loyihalar ijrosini ta’minlab, shu bilan birga Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yilida mamlakatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ijobiy o`zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylangan. Men barchaga fidoyilik va halol mehnatlari uchun, mamlakatimiz rahbariyatining bizga bo`lgan ishonchi uchun o`z tashakkurimni bildiraman va biz o`z oldimizga qo`yilgan vazifalarni albatta bajaramiz!

Sizlarga kasb bayrami, Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni muborak bo`lsin! Sizga va oilangizga salomatlik, baxt, muvaffaqiyat, farovonlik hamroh bo`lsin!

Aleksandr FARMANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech