http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Istiqbolli rivojlanish yo’lida

on .

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, olmaliqliklar!

Bugun mamlakatimizda barchamiz, ya’ni biz O’zbekiston fuqarolari uchun eng buyuk va eng aziz bayram sanalgan Mustaqillik kuni nishonlanmoqda! Mustaqillik qo’lga kiritilgan kundan boshlab 27 yilning har yili tanlangan yo’lning to’g’riligini tasdiqlaydi va davlatning iqtisodiy qudratini mustahkamlaydi, uning dunyo hamjamiyatidagi siyosiy ahamiyatini oshiradi.

Xoh iqtisodiyot, xoh qonunchilik, fuqarolik jamiyati qurilishi yoki aholi farovonligining o’sishimi, yoxud madaniy va ma’naviy merosni tan olish bo’lsin, hayotimizning deyarli barcha sohalarida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning tashabbusi bilan mamlakatning rivojlanishiga yangidan ichki turtki berildi, turmushimizning barcha sohalarida keng miqyosli yaratuvchanlik faoliyatini amalga oshirish ishlari ketmoqda. Biz bunda, eng avvalo inson xotirjamligini ta’minlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilishga yo’naltirilgan islohotlarning aql bovar qilmaydigan ko’lamini ko’ramiz.

O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga mamlakatimizning yetakchi korxonalaridan biri, hatto sarhadlarimizdan olis manzillardayam taniqli bo’lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi ham o’z hissasini qo’shib kelmoqda.

Istiqbol ko’rsatkichlarining har yili bajarilishi, chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi va turlarining oshishi, ishlab chiqarishning kengayishi, eksport ulushining ortishi va yangi ish o’rinlarining tashkil etilishi nafaqat Olmaliq uchun, balki butun mamlakatimiz uchun ham muhim ahamiyatga egadir. Bugungi kunda kombinatda amalga oshirilayotgan ko’p sonli investitsion loyihalar yanada ahamiyatliroq istiqbol yo’llarini ochib bermoqda. Bular qatoriga “Yoshlik I” konining o’zlashtirilishini, Uch-quloch konining qayta tiklanganligini ham kiritish mumkin.

Mustaqillik bayrami arafasida amaldagi korxonalar safiga yiliga 1,5 million tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lgan Surxondaryo viloyatidagi Sрerobod sement zavodi ham ishga tushirish uchun topshirildi. Eng zamonaviy texnologiyalar qo’llanilgan holda qurilgan ushbu zavod ichki bozorni sement bilan to’ldirish masalasini hal qilib beradi, shu bilan birga kombinatning eksport salohiyati ortadi. Hozirda Surxondaryo viloyatida yashovchi 1000 nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlandi. Mazkur ishlab chiqarish ob’ekti mustaqil davlatimizni rejali rivojlanishi va olg’a qarab harakatlanishining yana bir tasdig’i bo’ldi.

Hozirgi kombinatimiz qazib olishdan boshlab to tayyor mahsulot olishgacha bo’lgan ishlab chiqarishning har bir bosqichida yanada malakali yondoshuvni talab qiladi.

Shuning uchun ko’p qirrali sanoat gigantiga kadrlar tayyorlash masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Olmaliqda shu yildan boshlab respublikaning kon-metallurgiya sanoatini mutaxassislar bilan ta’minlashga mo’ljallangan Moskva po’lat va qotishmalar institutining filiali o’z ishini boshladi.

Bugungi kunda “Olmaliq KMK” AJ mintaqadagi rangli metallar ishlab chiqarishdagi yetakchi korxona hisoblanadi. Biroq mamlakatimiz hukumatining ko’magi bilan uning holatini mustahkamlash siz-u bizning qo’limizda.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan OKMK davlat ulushi “SFI Management Group” xorijiy korxonasining ishonchli boshqaruviga berildi.

Ushbu korxona “O’zmetkombinat” AJda qisqa vaqt ichida o’zining menejmenti, jalb qilingan investitsiyalari bilan respublikamizda ahamiyatli muvaffaqiyatga ega bo’ldi, ishlab chiqarishning keskin oshishi ta’minlandi, mahsulotning turlari kengaytirildi va sifati, mehnatkashlarning ish haqi, ularning farovonligi oshirildi.

OKMK ishlab chiqarishining joriy holatini o’rganish va ish samaradorligini yanada oshirish uchun “SFI Management Group” xorijiy korxonasi yetakchi olimlari va ekspertlar tarkibidagi xalqaro maslahat guruhi jalb qilindi.

Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish zavodi, Rux zavodi, Angren kon boshqarmasi va boshqa asosiy sexlarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish dasturi amalga oshirilgan ishlarning natijasi bo’ladi.

Uni amalga oshirish uchun, ya’ni ma’naviy va jismoniy eskirgan quvvatlarni almashtirish, yangi energiya samaradorligiga ega va dunyo miqyosida sinovdan o’tkazilgan uskunalarni o’rnatishga sezilarli investitsiyalar jalb qilinadi.

Nafaqat rangli va qimmatbaho metallar hamda boshqa turdagi mahsulotlar chiqarilishining oshishi, tarkibiy bo’linmalarning bir maromda ishlashi va barqaror faoliyat yuritilishining ta’minlanishi, balki mehnat sharoitlarining, ekologik vaziyatning yaxshilanishi ishlarning sarhisobida ahamiyat kasb etadi.

Oldimizda katta hajmdagi qurilish, montaj qilish, ishga tushirish-sozlash ishlari turibdi. Biroq yakuniy maqsadga erishishda inson omili, ya’ni siz bilan biz muhim ahamiyat kasb etamiz. Mehnat va ijro intizomiga benuqson rioya qilish, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga amal qilish, o’z xizmat majburiyatlariga vijdonan yondoshish, uskunalardan to’g’ri foydalanish - ko’plab jabhalarda muvaffaqiyatga erishishning kafolati sanaladi. Axir barcha muvaffaqiyatlar, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining barcha yutuqlari birinchi navbatda mehnat jamoasiga, ya’ni maslakdoshlar va professionallarga asoslanadi.

Kombinatning barqaror ishlashi - bu mehnatkashlar farovonligini oshirish, ishlab chiqarish faxriylarini qo’llab-quvvatlash, Olmaliqni obodonlashtirish bilan bog’liq bo’lgan ko’p sonli ijtimoiy vazifalarni hal qilishni ta’minlash deganidir.

Bayram arafasida yangi qurilayotgan kichik nohiyadagi yoshlar bog’i ochiladi, ko’p qavatli uylarning qurilishi tugatilmoqda.

Oldimizda yangi ishlab chiqarish quvvatlarining qurilishini davom ettirish istiqboliga hamda amaldagi ishlab chiqarishni modernizatsiyalashga yo’naltirilgan ulkan rejalar turibdi.

Men ishonaman, bizning mehnat jamoamiz ko’zlangan barcha rejalarni bajarishga muvaffaq bo’la oladi!

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ko’p ming sonli jamoasini, ishlab chiqarish faxriylarini, barcha olmaliqliklarni mamlakatimizning asosiy bayrami bilan qutlar ekanman, chin ko’ngildan sog’lik, baxt, omad, ko’zlangan maqsadlarga erishishlarini tilayman!

Tinchlik, osoyishtalik va ravnaq topish mustaqil O’zbekistonimizni yanada rivojlantirishning garovi bo’lsin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech