Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Keng ko'lamli o'zgarishlar yo'lida

on .

Qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, hamshaharlar!

Mana, o’ziga xos rejalar qilingan, vazifalar belgilangan yana bir yil ham o’z poyoniga yetib bormoqda. Bu bizning ko’pming kishilik jamoamiz faoliyati yakunlarini baholashning mavridi hamdir.

Joriy yil Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimiz barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va olamshumul bunyodkorlik faoliyatiga boy bo’ldi. Bizning jamoamiz oldiga ulkan vazifalar qo’yildi.

Shuni ta’kidlab o’tish joizki, biz eng asosiysini uddaladik - davlatimiz tomonidan yuklatilgan barcha vazifalar nafaqat bajarildi, balki ko’pchiligi ortig’i bilan amalga oshirildi. Xususan, asosiy mahsulotlarimizdan biri bo’lgan - katodli mis ishlab chiqarish bo’yicha bashorat ko’rsatkichi ancha barvaqt, ya’ni 16 dekabr kuni bajarildi!

Eksport bo’yicha yetkazib berishlar faollashtirildi. Biz eksport bo’yicha istiqbolli ko’rsatkichlarni ikki barobarga oshirib bajardik.

Ushbu yilda kombinat tomonidan yiliga 1,5 million tonna portlandsement ishlab chiqarishni tashkil etuvchi Sherobod sement zavodi qurilishi yakunlandi. Hozirgi kungacha 150 ming tonna sement ishlab chiqarishga erishildi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining deyarli 70 yillik tarixi davomidagi faoliyatini bir nechta bosqichlarga bo’lib ko’rsatish mumkin. Va to’liq mas’uliyat bilan shuni ta’kidlash lozimki, joriy yil ham korxonamiz uchun tub burilishlar yasagani bilan farqlanadi. Ustav kapitalining davlat ulushi konchilik sohasida davlat va xususiy sektor hamkorligi borasida muvaffaqiyatli tajribaga ega bo’lgan “SFI Management Group” kompaniyasiga ishonchli boshqaruv uchun berildi. Buning evaziga, ko’zda tutilgan investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan bir qatorda, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini kengaytirishga yo’naltirilgan amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash ishlari boshlandi, kombinat mehnatkashlari va Olmaliq shahrining ijtimoiy masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning tashabbusi bilan O’zbekiston-Rossiya forumi kunlarida 150 nafar talaba ta’lim oladigan “MISiS” Milliy tadqiqotlar texnologik universiteti Olmaliq filiali ochildi, shuningdek, shahrimizda “Mustaqillikning 27 yilligi” yangi mikrorayoni qad rostladi. Ushbu mikrorayonda kombinat tomonidan o’z ishchi-xodimlari uchun 10 ta ko’p qavatli uy va  yoshlar bog’i bunyod etildi. 

Mamlakatimizning eng go’zal binolaridan biriga aylangan, yosh ijodkorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan “Metallurg” madaniyat saroyini mukammal ta’mirdan chiqarish ishlari yakuniga yetkazildi.

Kombinat tomonidan ko’rsatilgan har tomonlama ko’mak tufayli bu yil sportchilarimiz ham jiddiy muvaffaqiyatlarga erishdilar. “AGMK” futbol klubi O’zbekiston kubogini va Osiyo chempionlar Ligasiga yo’llanmani qo’lga kiritdi. Futzal bo’yicha jamoamiz ham mamlakat chempioni bo’ldi. Gandbolchi qizlarimiz 10 karra, basketbolchi qizlarimiz 7 karra respublika chempioni bo’lishdi. Gandbol bo’yicha erkaklar jamoasi ham respublika chempioniga aylandi.

Bularning barchasi ishlab chiqarish yutuqlarining natijasidir.

Korxonamizning ishlab chiqarish va texnologik jarayonlariga jahon ilmu fan yutuqlari, konchilik-metallurgiya sanoatining yetakchi korxonalari tajribasini chuqur tatbiq etgan holda, biz yangicha ishlashni, dinamik o’sish asosida ishlashni o’rgana boshladik.

Kuni-kecha O’zbekiston-Koreya nodir metallar va qotishmalar ilmiy-texnologik markazini tashkil etish to’g’risidagi bitim imzolandi. Ushbu bitim nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha IICHM rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishi uchun yo’l ochadi.

Ma’lumki, shahrimizda Rossiya, Qozog’iston, Xitoy va Germaniyadan tashrif buyurgan ishlab chiqaruvchilar va olimlar ishtirokida “Vanyukov jarayoni muammolari, ularni hal etish yo’llari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o’tkazildi. Mazkur anjuman 2016 yilda Mis eritish zavodida qurilgan pechning ishlash samaradorligini oshirish hamda xuddi shunday ikkinchi pechni qurish uchun bizning sharoitlarimizga mos keladigan yanada maqbul usulni tanlab olishga yordam beradi.

Shuni alohida ta’kidlab o’tishim kerakki, jamoamiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimiz rahbariyatining doimiy diqqat markazida.

Yangi yil arafasida 2018 yilning 25 dekabrida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 4077-sonli Qarori qabul qilinib, “Olmaliq KMK” AJni kelgusida takomillashtirishning “Yo’l xaritasi” tasdiqlandi, unga ko’ra korxonamiz ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta qurollantirishni  jadallashtirish uchun qulay imkoniyatlar yaratildi - bu esa yuqoridagi fikrimizning yana bir isbotidir.

Oldinda bizni yana ham keng qamrovli vazifalar kutib turibdi, uning yakuniy natijasi esa kombinatning har bir mehnatkashi, har birimizga uzviy bog’liq.

Qadrli do’stlar!

“Olmaliq KMK” AJ ma’muriyati va “SFI Management Group” kompaniyasi rahbariyati nomidan Sizlarga va Siz orqali kombinat mehnat jamoasiga halol, fidokorona mehnatingiz va belgilangan rejalar ijrosi yo’lidagi shijoatingiz uchun o’z tashakkurimni bildiraman.

Kirib kelayotgan 2019 yil arafasida barchangizga, oila a’zolaringizga salomatlik, baxt-saodat, omad tilayman. Yangi yil barchamiz uchun yana ham muvaffaqiyatli va samarali bo’lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ

boshqaruvi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech