http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Oldinda bizni keng qamrovli ishlar kutmoqda

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov Yangi yil arafasida an’anaga muvofiq Axborot xizmati muxbirlariga 2018 yil yakunlari borasida intervyu berdi.

- 2018 yil ham poyoniga yetmoqda. O’tib borayotgan yil Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi uchun qay jihati bilan o’ziga xos ahamiyatga ega bo’ldi?

-  Avvalambor, 2018 yil Prezidentimiz Mirziyoev Shavkat Miromonovichning tashabbusi bilan mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik, shu bilan birga barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarga boy bo’ldi.

Xorij mamlakatlari bilan xalqaro aloqalarda yangi ufqlar ochildi. Ikki tomonlama manfaatli va keng qamrovli hamkorlik o’rnatilmoqda. Tovarlar aylanmasining hajmi dinamik tarzda o’sib borayapti.

Milliy iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlarida zalvorli ishlar boshlanib ketdi. Strategik ahamiyatga ega bo’lgan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bizning jamoamiz oldiga ham juda katta vazifalar qo’yilgan edi.

Shuni ta’kidlashni istardim - eng asosiysi, biz hukumatimiz tomonidan oldimizga qo’yilgan barcha vazifalarni bajaribgina qolmay, balki ko’plarini ortig’i bilan uddaladik.

Birgina misol keltirsam, asosiy mahsulotlarimizdan biri bo’lgan katod misi ishlab chiqarish rejasi 109,5 ming tonna edi. Biz uni 117 ming tonnaga bajardik.

Eksportga mahsulot jo’natish faollashdi. Eksport rejasini ikki baravarga oshig’i bilan bajardik.

2018 yilda 1,5 million tonna portlandtsement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lgan Sherobod sement zavodining qurilishi yakunlandi. Hatto bugungacha 150 ming tonna tsement ishlab chiqarildi ham.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 70 yillik tarixini bir necha bosqichlarga bo’lish mumkin. Katta mas’uliyat bilan shuni ta’kidlash joizki, yakuniga yetayotgan yil ham bizning korxonamiz uchun keskin o’zgarish yili bo’ldi. Chunki, ustav kapitalining davlat ulushi “SFI Management Group” kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berildi.

- Siz Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ustav kapitalining davlat ulushi “SFI Management Group” xorij kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berildi, deya ta’kidlab o’tdingiz. Bu o’zgarish kombinatga nima berdi? Shu qisqa vaqt ichida qanday ijobiy o’zgarishlar kuzatildi?

- Ichki va tashqi bozorda muvaffaqiyatli ish olib borish doimiy ravishda harakatda bo’lish, investitsiyalar va yangi texnologiyalarni jalb etishni talab etadi. Shu bois ham hukumatimiz tomonidan mana shunday dadil qadam qo’yildi. Ya’ni, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ustav kapitalining davlat ulushi “SFI Management Group” xorij kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berildi.

O’z-o’zidan ma’lumki, bunday qarorga kelish oson bo’lmagan. Shunga qaramay, xorijlik strategik hamkor sifatida “SFI Management Group” kompaniyasi bekorga tanlanmagan. Mazkur kompaniya davlat va xususiy hamkorlik borasida muvaffaqiyatli tajribaga ega. U qisqa fursatda respublikamizdagi yetakchi korxonalardan biri bo’lgan “O’zmetkombinat” korxonasidagi vaziyatni tubdan yaxshilay oldi.

Birinchi qadam sifatida “SFI Management Group” kompaniyasi kon-metallurgiya sohasidagi yetuk olimlar, akademiklar, yetakchi xalqaro mutaxassislardan bir guruhini jalb qilib, korxonaning barcha muammolarini tahlil qildi hamda mahalliy yetakchi ekspertlar bilan birgalikda kombinatni yanada rivojlantirish bo’yicha o’z fikr-mulohazalarini taqdim etdi.

Barcha rejalar, loyihalar va fikrlarni umumlashtirish natijasida kombinatning mavjud tuzilmaviy bo’linmalarida modernizatsiya va rekonstruktsiya qilishning yangi dasturi ishlab chiqildi. Va bu Dastur O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish quvvatini rekonstruktsiya qilish bo’yicha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorida o’z aksini topdi.

Ushbu Dasturga Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish va Rux zavodlari, Angren kon boshqarmasi hamda boshqa asosiy sexlarning ishlab chiqarish samaradorligini oshirish kiritilgan. Bu ma’nan va jisman eskirgan mavjud quvvatlarni chuqur modernizatsiya qilish deganidir.

Ekspertlarning xulosasiga ko’ra, ushbu Dasturning bajarilishi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida rangli va qimmatbaho metallarni hamda boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshishini ta’minlaydi.

Shuni alohida ta’kidlamoqchiman, bu yerda gap shunchaki hajmlarni oshirish haqida ketayotgani yo’q. Bizning mutaxassislarimiz oldiga qo’yilayotgan vazifa - rudani qazib olish, qayta ishlash va metallarni ishlab chiqarish ham samarali, ham kamxarjli bo’lishi kerak. Bu yo’nalishda tegishli ishlar olib borilmoqda.

OKMKni rivojlantirishning yangi strategiyasida kombinat va shahar mehnatkashlarining ijtimoiy masalalarini hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O’zbekiston-Rossiya forumi kunlarida Prezidentimiz tashabbusi bilan Olmaliqda “MISiS” Milliy tadqiqot texnologik universiteti filiali ochildi. Va bu oliy dargohda 150 nafar talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, shahrimizda “Mustaqillikning 27 yilligi” yangi kichik nohiya bunyod etildi. Ushbu kichik nohiyada kombinat o’z ishchi-xodimlari uchun 10 ta ko’p qavatli uy va yoshlar bog’ini qurdi.

Mamlakatimizning go’zal binolaridan biri hisoblanmish “Metallurg” madaniyat saroyida ham kapital ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari yakunlandi. Bu yerda yoshlar ijodi uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Kombinatning har tomonlama qo’llab-quvvatlashi tufayli bu yil bizning sportchilarimiz ham jiddiy muvaffaqiyatlarga erishdi. “AGMK” futbol klubi O’zbekiston kubogi sohibiga aylanib, Osiyo chempionlar ligasiga yo’llanmani qo’lga kiritdi. Futzalchilarimiz 4 karra, gandbolchi qizlarimiz 10 karra, basketbolchi qizlarimiz 7 karra O’zbekiston chempionlari bo’lishdi. Gandbol bo’yicha erkaklar jamoasi ham respublika chempioni bo’ldi.

- Prezidentimiz tomonidan 2019 yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nom oldi. Kirib kelayotgan yangi mazkur yilda nimalar rejalashtirilmoqda?

- Oldinda bizni keng qamrovli ishlar kutmoqda. Eng avvalo men, kombinatimiz faoliyatiga qaratayotgan doimiy e’tibori va qo’llab-quvvatlashi uchun mamlakatimiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Fikrimning tasdig’i sifatida, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 dekabrda, ya’ni yangi yil arafasida 4077-sonli Qarori chiqdi. Ushbu Qarorda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining keyingi takomillashuvi bo’yicha “Yo’l-xarita” tasdiqlandi. Shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta qurollantirishni jadal sur’atlarda olib borish uchun keng va qulay sharoitlar yaratildi.

2019 yil rejasiga asosan, ishlab chiqarish quvvatini barqarorlashtirish bo’yicha investitsion loyihalar amalga oshiriladi. Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish va Rux zavodlari modernizatsiya qilinadi. Qalmoqqir va Sariq-cho’qqi konlarida xom ashyoni qazib olish va qayta ishlash bo’yicha ishlab chiqarish quvvatlari kengaytiriladi. “Yoshlik” konini o’zlashtirish, “Samarchuq” va “Mejdureche” yer osti konlarini qurish bo’yicha katta ishlar davom ettiriladi.

Biz o’zimizning ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarimizga dunyo ilm-fan yutuqlarini, kon-metallurgiya sanoati sohasidagi yetakchi korxonalarning tajribalarini yanada chuqurroq kiritib, yangicha ishlashni o’rganishda davom etamiz.

Dekabr oyida Nodir metallar va qotishmalar bo’yicha O’zbekiston-Koreya ilmiy-texnologik markazining ochilishi haqida bitim imzolandi. U Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi rivojini yangi darajaga ko’tarish imkonini beradi.

Rossiya, Qozog’iston, Xitoy va Germaniyadan tashrif buyurgan ishlab chiqaruvchilar va olimlar ishtirokida “Vanyukov jarayoni muammolari, ularni hal etish yo’llari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o’tkazildi. Mazkur anjuman 2016 yilda Mis eritish zavodida qurilgan pechning ishlash samaradorligini oshirish hamda xuddi shunday ikkinchi pechni qurish uchun bizning sharoitlarimizga mos keladigan yanada maqbul usulni tanlab olishga yordam beradi.

Bajarayotgan ishlarimiz natijasida kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan mis katodi, metalli rux, oltin, kumush va nodir metallar kabi mahsulotlarning ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshadi.

- Kombinat mehnatkashlari va olmaliqliklarga Sizning Yangi yil tilaklaringiz?

- Amalga oshirilayotgan yangiliklarimizdan ko’zlangan asosiy maqsad - bu odamlarimizning turmush tarzini yaxshilash. Kombinat ishlab chiqarish quvvatlarini barqarorlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijtimoiy masalalarni hal etishga, faxriylar, kombinat mehnatkashlari va shaharning barcha aholisi uchun munosib shart-sharoitlarni yaxshilashga mustahkam poydevor bo’lib xizmat qiladi.

Yangi yil - bu eng avvalo oilaviy bayram. Men oilalaringizga ezgulik, sihat-salomatlik, baxt va omad tilayman.  Yangi yil hammamiz uchun muvaffaqiyatli kelsin!

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech