Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Bahor, ezgulik va go’zallik bayrami bilan!

on .

Munis ayollar! Muhtarama mehnatkashlarimiz - onalar, rafiqalarimiz, opa-singillar, qizlarimiz, hamkasblar!

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining barcha erkaklari nomidan Xalqaro xotin-qizlar bayrami - Bahor, Ezgulik va Go’zallik ayyomi bilan chin yurakdan muborakbod etaman!

Ushbu qutlug’ kunda sizga eng otashin va samimiy tilaklar bilan murojaat qilib, biz yana bir bor sizlarning eng muqaddas timsolingiz - Onalik saodatingiz oldida bosh egamiz. Nafislik va go’zallik, aql-zakovat va sadoqat, muhabbat, shijoat va faqatgina ayollarga xos bo’lgan boshqa betakror sifatlaringiz qadimdan bizga kuch-qudrat, jasorat, matonat, olijanob tuyg’ular manbai va olamshumul ishlarni amalga oshirishda ilhom sarchashmasi bo’lib kelgan. Bundan yuz, ikki yuz va ming yillar oldin ham shunday bo’lgan - eng sara noyob san’at asarlari, qasida va qo’shiqlar, dunyodagi jami bebaho san’at durdonlari aynan ayollarga bag’ishlangan.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqei va o’rnini oshirish, ularning tadbirkorlik bilan shug’ullanishlari, o’z iste’dod qirralarini namoyish etishlari, onalik va bolalikni himoya qilish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. 

Shuningdek, kombinatda ishlayotgan 7642 nafar mehnatkash ayollarimizning mehnat sharoitlarini yaxshilash, hayoti farovonligini yuksaltirish maqsadida o’ziga xos ishlar ham amalga oshirilmoqda.

O’tgan hisobot yili davomida sanatoriy-profilaktoriyda 1462 nafar xotin-qizlar, shu jumladan, mehnat faxriylari, ishlamayotgan pensionerlar o’z salomatliklarini tiklashga muvaffaq bo’lishdi, mamlakatimizdagi sanatoriylarda kombinat xodimalari bo’lgan 423 nafar ayollar davolanish imkoniga ega bo’ldilar. 

Ayollarning bandligini ta’minlash maqsadida maxsus rejali ishlar davom ettirilmoqda. Birgina o’tgan yilning o’zida 959 nafar xotin-qizlar doimiy ishga joylashtirildi. 

Bizning mehnat jamoamizda bugungi kunda 237 nafar ayol rahbarlik lavozimlarida ishlayapti. Chunonchi, ishlab chiqarish istiqbollarini belgilash, hisobxona, moliya masalalari, sanoat korxonalari hamda laboratoriyalar ularning ishonchli va umidli qo’llariga topshirilgan. 

Siz ishlab chiqarish uchastkalarida erkaklar bilan tengma-teng ishlash va maktabgacha ta’lim muassasalarida farzandlarimiz bilan shug’ullanish, ro’zg’or yumushlariga ham ulgurish, o’z oilalaringiz uchun mustahkam qo’rg’on yaratib, farzandlarni tarbiyalab, bebaho qadriyatlarimizni asragan holda siz kombinatimiz rivojiga salmoqli hissangizni qo’shib kelmoqdasiz. Bularning barchasi uchun Siz cheksiz ehtirom va tashakkurga munosibsiz.

Kombinatimizda 8-mart bayrami munosabati bilan hamkasb xotin-qizlarimizga “SFI Management Group” ishonchli kompaniyasi ma’muriyati va “Olmaliq KMK” AJ xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi nomidan munosib sovg’a hozirlash yaxshi an’anaga aylangan. Ushbu yil ham bundan mustasno emas. Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan barcha mehnatkash ayollarimizga 500 ming so’m miqdorida mukofot pullari to’lanadi. Biz ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti ishtirokchilarini ham e’tibordan chetda qoldirmaymiz, ularga g’amxo’rlik qilish bizning muqaddas burchimiz bo’lib qolaveradi. 

Kombinatda mehnat qilib kelayotgan har bir erkak onasi, oilasi, rafiqasi va farzandlari baxtli bo’lishi uchun harakat qilishiga va buning uchun bor kuch-irodasini sarflashiga ishonchim komil. Va bugungi bayram muhtarama xotin-qizlarimizga o’zimizning cheksiz muhabbatimiz va hurmatimizni izhor etish uchun bizga yana bir imkoniyatni beradi.

Qadrli xotin-qizlar!

Yana bir bor sizlarni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin yurakdan muborakbod etaman! Doim sog’ va baxtli bo’ling! Barchangizga oilaviy farovonlik, tinchlik va xonadoningizga to’kin-sochinlik tilayman. Sizlar doim yaqin hamda qadrdon insonlaringizning mehr-muhabbati va g’amxo’rliklari hamroh bo’lsin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech