http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Qayerdaki tinchlik-xotirjamlik bo’lsa, o’sha joyda hayot go’zaldir

on .

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, olmaliqliklar !

Dunyoda ajoyib va yorqin bayramlar juda ko’p. Biroq, ularning orasida bahor va yangilanish timsoli bo’lgan Navro’z bayrami o’ziga xos ahamiyatlidir. Ushbu bayramning qadimiyligi va ajoyib go’zalligi uni barcha bayramlardan ajratib turadi. Shuningdek, ushbu azaliy bayram bugungi kunimiz bilan hamohangdir. Uning chuqur mazmun-mohiyati xalqimizning mehr-oqibat va muruvvat, saxovatlilik va bag’rikenglik, atrofdagi odamlarga hurmat-ehtirom va ona- yurt tabiatiga cheksiz muhabbat kabi insoniy fazilatlarini, uning o’ziga xos xususiyatlari va mentalitetini to’laqonli aks ettiradi.

Navro’z ayyomi arafasida mamlakatimiz katta qurilish maydoniga aylandi. Prezidentimiz Mirziyoev Shavkat Miromonovichning tashabbusiga binoan iqtisodiyotning barcha sohalarida keng qamrovli bunyodkorlik ishlari davom etmoqda, xalq farovonligi va uning yanada sifatli turmush tarzini ta’minlovchi strategik ahamiyatga ega yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shaharlar va qishloqlarimiz qiyofasi tanib bo’lmas darajada o’zgarmoqda. Umumxalq hasharlarining o’tkazilishi bunday o’zgarishlarning sodir bo’lishiga imkon bermoqda. Zero, hashar davomida serquyosh O’zbekistonimiz aholisi mahallalar, istirohat bog’lari, ko’chalarni obodonlashtiradilar, shu tariqa mamlakatimiz yanada go’zallashadi. Shu kunlarda kombinat mehnatkashlari ham hasharlarda faol ishtirok etishmoqda, ishlab chiqarish hududlari, sanoat zonalari, o’zlariga biriktirilgan mahallalarda va uylar oldi hududlarini obodonlashtirmoqda. Obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida bir necha minglab gul ko’chatlari, mevali va manzarali daraxt ko’chatlari o’tqaziladi. Albatta, bu ishlar har yili olib boriladi, biroq, biz shahrimiz “yashil dunyo”sini, ekilgan daraxt va ko’chatlarni sug’orish tizimini ta’minlashda ishtirok etib, bu yil bayramga alohida tirishqoqlik bilan tayyorgarlik ko’rdik.

Kombinat mehnatkashlari bayramni barcha ishlab chiqarish ko’rsatkichlarini bajarib, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va uni kengaytirish borasidagi ulkan ishlarni davom ettirgan holda kutib olmoqdalar. Bugungi kunda biz “SFI Management Group” ishonchli kompaniya bilan o’z oldimizga ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini kamaytirish, mahalliylashtirish dasturini faollashtirish, eksport salohiyatini oshirish kabi katta vazifalarni qo’ymoqdamiz. Yuqorida sanab o’tilgan omillar hisobiga 2019 yilda mahsulot tannarxini 3,1 foizga kamaytirishga erishish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmining 117,5 foizga, shu jumladan, mahsulot eksporti qiymatining 883 million dollarga oshirilishini ta’minlashni rejalashtirayapmiz.

Fursatdan foydalanib, shuni ta’kidlamoqchimanki, kombinat mehnatkashlarining munosib hissasi respublika rahbariyati tomonidan e’tiborsiz qoldirilmaydi. Kuni-kecha, ya’ni Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Mis eritish zavodi suv eritmalari elektrolizchisi Sativaldiyeva Tanzila Mansurovna uzoq yillik samarali mehnatlari uchun “Do’stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

 Navro’z ayyomida xalqimizga xos bo’lgan ona-zaminga muhabbat, o’z yurtiga sadoqat, mehr-muruvvat, yordamga muhtoj insonlarni qo’llab-quvvatlash kabi xislatlar yanada yorqin namoyon bo’ladi. Ushbu kun korxonamiz mehnatkashlari bayram shodligini barcha olmaliqliklar bilan baham ko’radilar, shu jumladan, maktab-internatlar, “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari uchun xayriya tadbirlarini o’tkazadilar, urush va mehnat faxriylari, mehnat fronti qatnashchilari va sobiq OKMK ishchi-xizmatchilari bo’lgan yolg’iz qariyalarga moddiy va ma’naviy yordam ko’rsatadilar.

Joriy yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilindi.

Kombinat mehnatkashlari tomonidan “Yoshlik I” konini o’zlashtirish, xom ashyoni qayta ishlash bo’yicha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, “Samarcho’q” va “Mejdureche” yer osti konlarini qurish, ishlab chiqarishni rekonstruksiya qilish va mo’tadillashtirish bo’yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar Dasturini amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda. 

Bugungi kunda kombinatda olib borilayotgan keng qamrovli investitsiya dasturi nafaqat ma’dan qazib olish va uni qayta ishlash hajmini ko’paytirish hamda undan oxirgi mahsulotni olish, balki kelajakka ulkan xom ashyo zahirasini yaratish imkonini beradi, o’z mehnat faoliyatini boshlash bo’sag’asida turgan minglab yoshlar ish bilan ta’minlanadi.

Kombinat mehnatkashlarining oilalarini har tomonlama ijtimoiy qo’llab-quvvatlash doirasida Olmaliqda 10 ta ko’p qavatli uylar va yoshlar bog’idan tashkil topgan yangi kichik nohiya qurilishi yakunlandi.

Angren kon boshqarmasi ishchi-xizmatchilari ham rekonstruksiya qilingan ko’p qavatli uylardagi yangi xonadonlarga ko’chib kiradilar. Jizzax viloyati Zomin tumanida pansionat barpo etish ishlari davom ettirilmoqda, mukammal ta’mirlangan madaniyat saroyi nafaqat olmaliqliklar uchun, balki barcha Toshkent viloyati uchun ham ijod va madaniyat markaziga aylandi. Ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish ishlari kombinat tomonidan kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

Qadrli do’stlar!

“SFI Management Group” boshqaruvchi kompaniya va kombinat boshqaruvi nomidan barchangizni ushbu ajoyib bahoriy ayyom bilan tabriklayman. Sizlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat, ijodiy muvaffaqiyatlar, oilaviy farovonlik tilayman. Navro’z barchangizning oilangizga to’kin-sochinlik va gullab-yashnash, tinchlik-xotirjamlik va mehr-muruvvat olib kelsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech