http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Jasorat va matonat mangu barhayot

on .

Bizning hurmatli Ikkinchi jahon urushi faxriylarimiz, mehnat fronti ishtirokchilari, front orti mehnatkashlari!

Ulug’ bayramlar - Xotira va Qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida erishilgan G’alabaning 74 yilligi arafasida xalqimizning eng dahshatli va qonli urush yillarida ko’rsatgan jasorati va shijoati oldida bosh egib, tinchlik uchun, musaffo osmonimiz uchun, ishonch bilan oldinga ildam harakatlanishimizga yaratilgan imkoniyat uchun chuqur hurmat-ehtirom bildiramiz.

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli urush - Ikkinchi jahon urushi xalqimizga juda katta qayg’u, g’am va xalqimizning munosib farzandlarini yo’qotishimizga olib kelganligini doimo yodda tutamiz.

Bir yarim milliondan ortiq o’zbekistonliklar safarbar etilgan va frontga yo’l olgan. Ularning har uchinchisi jang maydonlarida jasorat ko’rsatib, mardonavor halok bo’lgan, 60 mingdan ortiq jangchilar o’z uylariga nogiron bo’lib qaytishdi.

Urush yillarida ona yurtida qolgan vatandoshlarimizning gardaniga tushgan uqubatlar, og’ir musibatlar, otalar, aka-ukalar, o’g’lonlardan ayriliq azobi va qayg’u-alamlariga qaramasdan, bizning xalqimiz bir milliondan ziyod qochoqlarni o’z oilalariga qabul qildi, ularga boshpana berdi, ular bilan oxirgi nonini bo’lishdi. Front va front ortidagi ushbu qahramonliklar barcha keyingi avlodlar uchun abadul-abad jasorat, metin iroda namunasi bo’lib qolishi zarur. Yoshlarimiz fashizmga qarshi mardonavor kurashgan ota-bobolarimizning qahramonliklari, ularning jasoratlariga sodiq qolishlari, ongu shuurlarida Vatanga muhabbat, milliy g’urur his-tuyg’ularini uyg’unlashtirgan holda o’z mehnatlari bilan o’sha mash’um urush dahshatlarining takrorlanishiga yo’l qo’ymaslik va ona Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishlari lozim. Bugungi kunda dunyoning turli hududlarida vaziyat keskin bo’lgan o’choqlar soni yanada ortib borayotgan hamda tinchlik uchun kurash eng dolzarb vazifa bo’lib turgan bir vaqtda biz xalqimizning buyuk jasoratini aslo unutmasligimiz darkor.

Muhtaram Prezidentimiz va mamlakatimiz hukumati tomonidan ona-Vatanimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, chegaralarimizni qo’riqlash, ularning dahlsizligini ta’minlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasida barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda: Qurolli Kuchlarimizning jangovar qobiliyati yanada mustahkamlanmoqda, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik rivojlanmoqda.

Ayni vaqtda har birimiz o’zimizning halol va fidokorona mehnatimiz bilan respublikamiz qudratini kuchaytirishga o’z hissamizni qo’shmoqdamiz. “Olmaliq KMK” AJ Vatanimizning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlash, istiqbollarini kengaytirish ustida doimiy ravishda ish olib bormoqda. Shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish hajmi va yakuniy mahsulotlar assortimentini ko’paytirgan holda o’z iqtisodiy ahvolimizni kuchaytirib, urush qatnashchilari, mehnat fronti ishtirokchilari, ishlab chiqarish faxriylariga ijtimoiy yordam ko’rsatish imkoniyatini yildan-yilga oshirib borayapmiz. Xotira va Qadrlash kuni - bu o’zining mehnat yutuqlari va qahramonliklari bilan davlatimiz mustaqilligining tarixiy solnomasiga yangidan-yangi zafar zarlavhalarini kiritayotgan yurtdoshlarimizning ham bayramidir. Ko’pgina kombinat mehnatkashlari hukumat mukofotlari bilan taqdirlanib kelmoqda. Bugungi kunda ishlab chiqarishni rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash ustida ish olib borayapmiz, korxonaning xom ashyo bazasini ko’paytirish, uning tarkibiy bo’linmalari geografiyasini kengaytirishga erishayapmiz.

Bu yil Xotira va Qadrlash kuni faxriylarimizga yanada katta hurmat va ehtirom bilan nishonlanmoqda. Prezidentimiz Sh. Mirziyoyevning Farmoniga binoan har bir urush faxriysi va nogironiga bayram munosabati bilan 7,5 million so’m miqdorida moddiy yordam ko’rsatildi, hukumat qarorlariga asosan urush yillari qahramonlari yashagan shahar va qishloq ko’chalari bundan buyon ularning nomi bilan ataladi, har bir urush qatnashchisi va nogironiga tibbiy va ijtimoiy yordam ko’rsatish bo’yicha doimiy patronaj xizmati tashkil etilmoqda.

Shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan urush faxriylariga 4 million so’m miqdorida, mehnat fronti qatnashchilariga 3 million so’m miqdorida moddiy yordam ko’rsatiladi. Afg’on urushi va Chernobil AES falokatlarini bartaraf etishda ishtirok etganlar hamda yolg’iz va kam ta’minlangan OKMK mehnat faxriylari ham e’tibordan chetda qolmaydi.

Hurmatli faxriylar!

“SFI Management Group” kompaniyasi, “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi, korxona mehnat jamoasi nomidan Sizlarning urush yillarida ko’rsatgan va urushdan keyingi yillardagi jangovar qahramonligingiz, fidokorona mehnatingiz uchun chuqur minnatdorchilik so’zlarini izhor etmoqchiman. Sizlarga, oilangizga, farzandlaringizga va nabiralaringizga mustahkam sog’lik, baxt-saodat va farovonlik tilayman!

Barchangizni qutlug’ bayram - Xotira va Qadrlash kuni bilan chin dildan tabriklayman. Sizlarga tinchlik- omonlik, mehr-muruvvat va ishlaringizga rivoj tilayman.

Ona Vatanimiz uzra osmonimiz doimo musaffo bo’lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech