http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Biz har joyda va har jabhada namuna bo’lishimiz kerak!

on .

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari!

“Olmaliq KMK” AJ va “SFI Management Group” boshqaruv kompaniyasi nomidan ko’pming sonli kombinat jamoasini, uning faxriylarini kasb bayramlari - konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bilan tabriklayman. Birinchi navbatda barchangizni halol, vijdonan, fidokorona mehnatingiz uchun, barchamizning yagona maqsadimiz - qayta ishlash va oxirgi mahsulotni chiqarish hajmlarini oshirishga erishishda ko’rsatayotgan fidoyiligingiz va birdamligingiz uchun minnatdorchilik bildiraman.

Yil boshidan biz qo’lga kiritgan to’rt oylik ko’rsatkichlar jamoamizning sermahsul va samarali faoliyat yuritayotganligidan dalolat beradi. Shuningdek, tovar mahsulot ishlab chiqarish 5 trln. 93 mlrd. 777 mln. so’mni tashkil etdi, ushbu ko’rsatkich bo’yicha o’sish sur’ati o’tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 128,7 foizni tashkil etdi. 44160 tonna katodli mis(o’sish sur’ati - 120,8 foiz), 29810 tonna rux metalli chiqarildi(o’sish sur’ati 120,2 foiz). Qimmatbaho metallar ishlab chiqarish bo’yicha ham ko’rsatkichlar yuqorida keltirilgan natijalardan kam emas: affinajlangan oltin ishlab chiqarish bo’yicha o’sish sur’ati 106,1 foizni, affinajlangan kumush ishlab chiqarish bo’yicha o’sish sur’ati 130,6 foizni tashkil etdi. Birinchi chorakda qiymati 285 mln. dollarga teng bo’lgan mahsulot eksport qilindi, o’sish sur’ati bu borada 152,8 foizni tashkil qildi.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bugungi kunda korxonamiz o’zining yangi rivojlanish bosqichida turibdi.

Amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar yuksak istiqbollarga asoslangan, loyihalarning maqsadli mezonlari ko’zda tutilgan buning natijasida qayta ishlanayotgan rudalar hajmi va kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan asosiy mahsulotlarning ishlab chiqarish quvvatlari ortib boradi. “Yoshlik I” konini o’zlashtirish va uning “Qalmoqqir” koni bilan birlashtirilishi hisobiga rudalarni qayta ishlash hajmi 2028 yilga borib 100 mln. tonnaga yetadi, bu esa ayni kunga kelib kombinat tomonidan qayta ishlanayotgan rudalar miqdoridan 3 marta ko’pdir. Amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar doirasida mis boyitish fabrikasi(3-MBF) yangi suyuq vannada eritish pechini qurish, anod va konverter bo’limlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish, yangi misni elektroliz qilish sexini bunyod etish, mis eritish va rux zavodlarida yangi ikkita sulfat kislotasi sexlarining qurilishi yiliga 250 ming tonna miqdorida katod mis ishlab chiqarish ko’rsatkichini zabt etish imkonini beradi, shu tahlitda kombinatning ishlab chiqarish quvvatlarini 2 barobarga oshirish uchun zamin yaratiladi. Kombinatni rivojlantirish dasturiga yuqori istiqbollar qo’yilgan, uning birinchi bosqichida - 2023 yilga qadar boyitish fabrikasi, 2-suyuq vannada eritish pechini qurish, anod va konverter bo’limlarini, misni elektroliz qilish sexini qayta jihozlash va kengaytirish, ikkita sulьfat kislotasi sexini qurish ko’zda tutilgan.

Ayni damda bizda nafaqat miqdoriy o’zgarishlar, balki sifat borasida ham o’zgarishlar sodir bo’lmoqda. OKMKning investitsion jozibadorligini oshirish, salohiyatli investorlar va xalqaro moliya institutlari bilan samarali o’zaro hamkorlik qilish maqsadida kombinatning mineral resurslari istiqbolini hamda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash jarayonini JORS xalqaro kodeksi bo’yicha baholash uchun “SRK Consulting” kompaniyasi jalb qilindi. Bu OKMKning investitsion jozibadorligini oshirish imkonini beradi, potentsial investorlar va halqaro moliya institutlari bilan samarador hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlarni yaratadi.

Dunyo miqyosidagi texnologik qarorlar asosida ishlab chiqarish quvvatlari oshirilishini ta’minlash maqsadida OKMKda ikkita halqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar o’tkazildi. Ulardan birinchisi mis olish texnologiyalari orasida bugunga kelib eng samarador bo’lgan Vanyukov jarayoni - suyuq vannada eritish muammolari, ularni hal etish yo’llari va istiqbollariga bag’ishlandi. Ikkinchi ilmiy-amaliy konferentsiya ishi davomida korxonamizning texnogen kon maydonlarini qayta ishlashning dolzarb masalalari ko’rib chiqildi. Mazkur halqaro anjumanlar ikkinchi suyuq vannada eritish pechini qurish, 70 yil davomida kombinatda to’planib qolgan texnogen chiqindilarni yana ham to’liq samarali qayta ishlashga turtki bo’ldi, shuningdek, ularning ilmiy-amaliy va nazariy asoslari yaratilishiga zamin yaratdi.

Bugungi kunda nodir metallar va qotishmalar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nodir metallar va qotishmalar ishlab chiqarish xajmini ko’paytirish hamda NM va QQICH IICHBda nodir metallarning yangi turlarini o’zlashtirish Dasturi tayyorlandi, O’zbekiston-Koreya davlatlari hamkorligida nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy-texnologik markazi ochildi.

Sodir bo’layotgan o’zgarishlar haqida yana ko’p gapirish mumkin, chunki ular hech bir mubolag’asiz, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiga kiradigan har bir tarkibiy bo’linmaga taalluqlidir. Kombinatning moliyaviy barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan yana bir narsada to’xtalib o’tishni lozim deb hisoblayman. Bu - o’g’rilik sodir etilishi holatlarining kamayishidir, bu kabi holatlarning oldini olish va ularning profilaktikasiga katta ahamiyat berayapmiz. Buning evaziga juda katta miqdordagi mablag’lar korxonaning o’zida qolmoqda. Shuningdek, bu boradagi ishlar korxonamizda bunday salbiy holatlar tag tugi bilan bartaraf etilgunga qadar albatta davom ettiriladi.

Hech kimga sir emaski, ishlab chiqarishdagi muvaffaqiyatlar ijtimoiy masalalarni hal etish uchun mustahkam negizni yaratadi. Bizda kundan kunga katta miqdorda mablag’lar shakllanib bormoqda, biz esa ularni ushbu yo’nalishni rivojlantirishga yo’naltirayapmiz, shu tariqa barcha tarkibiy bo’linmalarda sanitar-gigiyena sharoitlari yaxshilandi, oshxonalar tartibga keltirildi. Qisqa muddatlarda “Metallurg” madaniyat saroyi mukammal ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi, Olmaliq va Chirchiq shaharlaridagi profilaktoriylarni ta’mirlash ishlari boshlandi, Jizzax viloyati Zomin tumanida pansionat qurish ishlari yakunlanmoqda, yangi ko’p qavatli uylar foydalanishga topshirildi. Rejada esa - 2500 o’ringa mo’ljallangan o’rta ta’lim maktabini qurish, shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi, OKMK IOB tasarrufidagi 35-sonli maktabgacha ta’lim muassasasini mukammal ta’mirlash kabi vazifalar oldimizda turibdi.

Kadrlar tayyorlash, ishlayotgan yoshlarning malakasini oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ushbu yo’nalishga yo’naltirilayotgan mablag’lar miqdori ortib borayotganligidan, shu jumladan, yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlarning yetakchi turdosh korxonalari tajribasini o’rganish, Yoshlar ittifoqi va uning tashabbusi bilan tashkil etilgan yosh mutaxassislar birlashmalari faoliyatining faollashayotganligidan dalolat beradi. Kelgusida 3-MBF va loyihalashtirilayotgan, ammo yaqin yillarda foydalanishga topshirish ko’zda tutilgan boshqa ob’ektlarda ishlashi kutilayotgan ishchilarni o’qitish boshlandi.

Hozirgi kunda respublikamizda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning tashabbusi va bevosita rahbarligida olamshumul islohotlar olib borilmoqda, “Olmaliq KMK” AJni ham mazkur islohotlarning asosiy bo’g’inlaridan biri deb ta’kidlash o’rinlidir. Bizning fidokorona mehnatimiz - bu mamlakatimizning iqtisodiy quvvatini mustahkamlash va kombinat ishchi-xizmatchilari hamda ularning oila a’zolarining moddiy farovonligini yanada yaxshilashning asosi hamdir. Oldimizda ulkan o’zgarishlarni amalga oshirish vazifasi turibdi va har birimiz bularning barchasi birinchi navbatda kombinat mehnatkashlari uchun, xalqimiz uchun, jonajon ona Vatanimiz uchun ekanligini anglashimiz lozim.

Barcha ko’zlagan maqsadlarimizga erishaylik, barcha o’ylagan orzu umidlarimiz ro’yobga chiqsin!

Mehnat jamoamizni kasb bayramlari bilan tabriklar ekanman, Sizlarga va Sizlarning oila a’zolaringizga yangidan yangi zafarlar, rejalarimizni amalga oshirish uchun kuch-quvvat va yangi bilimlar, sog’lik-omonlik, baxt-saodat, farovonlik va sermahsul mehnatdan qoniqish va shukronalik his-tuyg’usini tilayman!

Abdullo XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech