http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Ustozlarga qutlov!

on .

  - Qadrli ustozlar!

  - Hurmatli murabbiylar!

  - Dunyoda shunday kasb borki, bu kasbni men jannatiy odamlar kasb-kori degan bo’lar edim. Bu shubhasiz ustoz va murabbiylardir. O’zidagi bor bilim, mahorat va tajribani bolalarga, yoshlarga o’rgatish, ular uchun kecha-yu kunduz fidoiy bo’lib yashash, hayotini, sog’ligini bolalarga ilm, tarbiya berish uchun baxshida etish - bu faqat o’qituvchilarga, murabbiylarga xos xususiyatdir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o’qituvchi va murabbiylar mehnatini alohida e’tirof etib, “Haqiqatan ham, biz o’zimizdagi jamiki yaxshi fazilatlar, hayotda erishayotgan barcha yutuqlarimiz uchun siz, aziz ustoz-murabbiylardan umrbod qarzdormiz”, degan edilar. 

Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan pedagog kadrlarni qo’llab-quvvatlash borasidagi qarorlar chiqayapti, ko’plab imkoniyatlar, imtiyozlar yaratilayapti.  Ayniqsa, ta’lim va tarbiya maskanlari kapital ta’mirlanib, eng ilg’or o’quv uskunalari, laboratoriyalar bilan jihozlanmoqda.

Darhaqiqat, ustoz-murabbiylar kasbi, zahmati, shubhasiz abadiyatga dahldordir. Zero, buyuk ajdodlarimiz Ibn Sino, Amir Temur, Termiziylar-u Farg’oniylar, Ulug’bek-u Farobiylarni ham ustozlar yetishtirgan. Bugun samoda parvoz qilayotgan uchuvchilar-u fan yutuqlarini qo’lga kiritayotgan, madaniyat, san’at, sportdagi g’alabalari bilan  vatanimizni sharaflayotgan minglab yoshlar, ishlab chiqarish yutuqlari bilan yurt iqtisodiyotiga tirgak bo’layotgan mutaxassislarni ham siz aziz ustoz-murabbiylar tarbiyalagansiz.

Xalqimizning buyuk ma’rifatparvari Abdulla Avloniyning “Inson tafakkurining quvvati va kengligi avvalo muallim tarbiyasiga bog’liq”, degan so’zlari Siz ustoz-murabbiylarning zalvorli, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizga berilgan munosib bahodir.

Bizning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham ulkan murabbiylar maktabi shakllangan. Ustoz-shogird an’anasi doirasida tajribali ustozlar pand-nasihati bilan yosh mutaxassislarimizning malaka hamda ko’nikmalari tezkor va sifatli shakllanib borayapti. Qolaversa, Ijtimoiy ob’yektlar boshqarmasida 300 nafardan ziyod pedagog-tarbiyachilar uchinchi ming yillikning zukko bolajonlarini tarbiyalab kelishayapti. Shuningdek, “MISiS” hamda TDTUning Olmaliq filiallaridagi fidoiy ustozlarimiz OKMK kelajagi bo’lgan yoshlarga konchilik va metallurgiya sanoatining ilg’or ilm-fanidan saboq bermoqda.

Aziz ustozlar, murabbiylar!

Men fursatdan foydalanib, kombinatdagi barcha murabbiylarga, pedagog-tarbiyachilarga, “MISiS” va TDTUning shahrimizdagi filiali professor-o’qituvchilariga, olmaliqlik barcha pedagoglarga, shuningdek, bevosita Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan mamlakatimizdagi oliy ta’lim o’quv yurtlari va Fanlar Akademiyasi fan arboblari, ilmiy xodimlariga olijanob pedagoglik faoliyatlarida sihat-salomatlik, xondonlariga tinchlik-xotirjamlik, dasturxonlariga qut-baraka, ezgu kasb-korlarida omad va farzandlar kamolini tilayman.

Cheksiz ehtirom bilan,

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati

Boshqaruvi raisi Abdulla XURSANOV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech