http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 70 yoshda!

on .

Qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari!

Barchangizni jonajon korxonamizning 70 yillik yubileyi munosabati bilan chin qalbdan tabriklayman. 70 yillik faoliyati davomida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mis-molibden, polimetall, oltin tarkibli ma’danlarni qazib olish va qayta ishlash bo’yicha yetakchi korxona sifatida nafaqat O’zbekistonda, balki jahonda ham mustahkam o’rinni egalladi.

Bugungi kunga kelib korxona - konlarni ochiq usulda ishlash va yerosti usulida ma’danlarni qazib olish, boyitish fabrikalari, metallurgiya zavodlarini birlashtiruvchi yirik sanoat kompleksi hisoblanadi. Uning Toshkent, Namangan, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan 45 ta tarkibiy bo’linmalarida 36 mingdan ortiq kishi mehnat qilib keladi.

Jonajon korxonamizning yubileyini yuqori mehnat ko’rsatkichlari bilan  kutib olayapmiz.

Joriy yilning 9 oyi mobaynida kombinat tomonidan qiymati 1 mlrd. 400 mln. dollardan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi, o’sish sur’ati o’tgan yilning shu davriga nisbatan 131,5 foizni tashkil etdi. Katodli mis (o’sish sur’ati 127,2%), rux metalli (122,5%), oltin (106,5%), kumush (164,9%) ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajaga ortdi.         

OKMK mis eritish zavodida ushbu yilda yangi rekord o’natildi - 16 sentyabr holatiga ko’ra, 100 ming tonna katodli mis olindi. Korxona tarixida hali bunaqasi bo’lmagan edi. Eksport hajmi 2018 yilga nisbatan 1,5 baravar ortdi va 655 mln. dollarni tashkil etdi.

Ishlab chiqarish yutuqlari mehnatkashlar farovonligini oshirish, ijtimoiy masalalarni hal etish uchun zamin yaratmoqda. 1 sentyabrdan kombinat ishchi-xizmatchilarining oylik ish haqi miqdori 15 foizga oshdi. 408 nafar ishchi-xodimlarning oilalari shahrimizning kichik nohiyasida qurilgan ko’p qavatli yangi uylarning shinam xonadonlariga ko’chib o’tdilar. Bularning barchasi - kombinatning 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish hamda muhandis-texnik xodimlarning kasbiy mahorati va OKMK ko’pmillatli jamoasining uyushqoqlik bilan bajarayotgan  fidokorona mehnati natijasidir.

Bugun bizning korxonamiz O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning Olmaliq shahriga, shu jumladan kombinatga tashrifidan so’ng boshlangan o’z rivojlanish bosqichining yangi davrida turibdi.

2018 yilning avgust oyida “Olmaliq KMK” AJning davlat ulushi “SFI Management Group” xorij kompaniyasiga davlat-xususiy hamkorlik asosida ishonchli boshqaruvga berildi. Kombinatning ish faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida yetakchi chet el va mahalliy olimlar, ekspertlar jalb qilindi, ular ishtirokida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash dasturi ishlab chiqildi va ushbu Dastur hozirgi kunda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.  

Bundan tashqari, keng qamrovli investitsion Dastur - nodir va qattiq metallar ishlab chiqarish hajmini oshirish, shuningdek nodir metallarning yangi turlarini o’zlashtirish bo’yicha Dastur ishlab chiqilgan. Zamonaviy energiyatejamkor, samarador texnologiyalarni joriy etishga kombinatda katta e’tibor berilmoqda.

Joriy yilning aprel oyida Koreya Respublikasi Prezidentining respublikamizga davlat tashrifi davomida Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi negizida respublikamizda betakror bo’lgan O’zbekiston-Koreya nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy-texnologik markazi ochildi

Mahsulotlarimizni yangi tayyor mahsulotlar bozoriga olib chiqish bo’yicha xorijiy hamkorlar bilan faol ish olib borilayotgani ham diqqatga sazovordir. Eksport assortimenti va geografiyasi sezilarli kengaydi, joriy yilda an’anaviy mahsulotlar qatorida palladiy, ruxli kek, vismutli shlam, portlandsement eksport qilindi. Shuni ishonch bilan aytish lozimki, bugungi kunda kombinatimiz ham ichki bozorda, ham tashqi bozorda mustahkam o’rinni egallab turibdi.

Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda belgilangan vazifalarni bajarishga zamonaviy yondoshishga qodir bo’lgan kadrlarni tayyorlashga kombinatda alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Olmaliq shahrida Toshkent davlat texnika universitetining filiali faoliyat yuritmoqda. 2018 yilda OKMKning qo’llab-quvvatlashi tufayli Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti MISiSning Olmaliq filiali ochildi, u yerda kombinat uchun konchilar, metallurglar, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Demak bu, yosh avlod o’sib kelayotganligi va tajriba orttirayotganligidan dalolat beradi. Yosh kadrlar oqimi mavjud. O’quv muassasasini tamomlab kelgan yosh mutaxassislarga eng yangi uskunalarda ishlash imkoni berilib, ularni istiqbolli, kasbiy rivojlanish va lavozimda o’sish imkoniyati bor bo’lgan ishlar bilan ta’minlash amalga oshirib borilayapti. 

Bugungi kunga kelib biz o’z kelajagimizga ishonch bilan qaraymiz. Yaqin yillarda qiymati 3 mlrd. 349,8 mln. dollarga teng bo’lgan kombinat xom ashyo bazasini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini ko’paytirishga yo’naltirilgan investitsiyalarni o’zlashtirish rejalashtirilgan. 2023 yilgacha yillik ma’dan qazib olish hajmini 40 mln. tonnadan 100 mln. tonnagacha oshirish, katodli mis ishlab chiqarishni 106 ming tonnadan 250 ming tonnagacha, rux metalli ishlab chiqarishni 68 ming tonnadan 120 ming tonnagacha, affinajlangan oltinni 14,6 tonnadan 30 tonnagacha, affinajlangan kumushni 98,6 tonnadan 215 tonnagacha ko’paytirishni kombinat konchi-metallurglari o’z oldilariga maqsad qilib olishgan. 

Kelgusida 3-sonli mis boyitish fabrikasi, 5- va 6-sonli oltingugurt kislotasi sexlari, yangi Vanyukov pechi, anodli pechning kislorodli bloki, Mis eritish zavodida Misni elektroliz qilish sexi quriladi. Yangi zavodlar, sexlarni qurish hamda yangi ishlab chiqarishlar tashkil qilinishi bilan  minglab yangi ish o’rinlari yaratiladi.

Kombinat tomonidan “Metallurg” madaniyat saroyi rekonstruksiya qilindi, ushbu maskan Toshkent viloyati bo’yicha o’tkaziladigan madaniy tadbirlar markaziga aylandi. Kombinatning yosh mutaxassislari uchun yangi “Mustaqillikning 27 yilligi” nomli kichik nohiyada barpo etilgan 10 ta yetti qavatli ko’p xonadonli uylar qurildi va foydalanishga topshirildi, shuningdek, 2 ta bolalar maktabgacha ta’lim muassasasi ochildi, kombinat balansidagi turar-joy binolari va bolalar bog’chalarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yili OKMKning Olmaliq va Chirchiq shaharlarida joylashgan profilaktoriylarda rekonstruksiya ishlari boshlandi.

Joriy yilning 15 sentyabridan kombinatda mehnat haqi 15%ga oshirildi, yubiley munosabati bilan har bir ishchi-xodim 2 million so’m miqdorida mukofot pulini oladi.

Ikkinchi jahon urushi faxriylari, mehnat fronti ishtirokchilari, Afg’onistondagi cheklangan kontingent safida xizmat qilgan harbiylar, Chernobil AES falokatini bartaraf etishda qatnashgan shaxslar ham e’tibordan chetda qolmaydi.

Mamlakatimiz rahbariyati OKMKning har tomonlama rivojlanishiga doimo e’tibor qaratib keladi. Bayram arafasida bir guruh kombinat mehnatkashlari vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Jamoamiz mehnatiga berilgan bunday yuqori baho bizni yana ham murakkab vazifalarni yechish, keng qamrovli qayta qurollanish jarayonlarida, milliy va umuman mamlakatimiz iqtisodiyotini to’liq yangilash va modernizatsiyalash ishlarida faol qatnashishga undaydi.

Ishonchim komilki, OKMKning ahil, yuksak tajriba va mahoratga ega bo’lgan jamoasi zimmamizga yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan uddalashga qodir.  

Barchamiz uchun qadrli bo’lgan shonli sana nishonlanayotgan kunda ko’pming sonli jamoamizning barcha a’zolarini yubiley bilan muborakbod etaman. Muhtaram faxriylarimizga alohida tashakkur bildirgan holda ularga sihat-salomatlik va uzoq umr tilayman.  Yoshlarimizga esa ulkan yutuqlar va kamolot cho’qqilariga erishishda g’ayrat-shijoat yor bo’lishiga tilakdoshman. OKMKning shonli an’analari doimo bo’ladi va yuksalishda davom etishiga ishonaman.

Barchaga mustahkam sog’lik, baxt, yangi zafarlarni zabt qilishlarini tilayman! Yubiley muborak bo’lsin, do’stlar!

Abdulla XURSANOV,

"Olmaliq KMK" AJ boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech