http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga

on .

Qadrli do’stlar!

Siz, azizlarni O’zbekiston rangli metallurgiya sanoatining yetakchisi – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tashkil topganining qutlug’ 70 yillik sanasi munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Kombinat tarixi respublikamizda rangli, nodir va qimmatbaho metallarni qazib olish hamda ularni qayta ishlashga qaratilgan mutlaqo yangi tarmoqning yaratilishi hamda yirik ishlab chiqarish quvvatlari va zamonaviy Olmaliq shahrining paydo bo’lishi bilan bevosita bog’liqdir. Bu tarix zamirida shonli an’analarni munosib davom ettirayotgan, butun bilim va tajribasi, mahorati, qalb qo’rini o’z ishiga baxshida etib, fidokorona mehnat qilayotgan ming-minglab odamlarning juda katta mashaqqatli xizmatlari mujassam.

Korxonaning bunyod etilishi mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari uchun strategik ahamiyatga ega bo’lgan mineral boyliklarni keng ko’lamda o’zlashtirishga yo’l ochib berdi.

Sizlarga ma’lumki, bugungi kunda yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichida biz sanoat va iqtisodiy salohiyatimizni har tomonlama rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

Kombinat misolida oladigan bo’lsak, bu borada o’tgan yili qabul qilingan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaror korxona faoliyati uchun katta imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Ushbu ulkan majmuaning ko’p millatli va ahil jamoasi respublikamizda so’nggi yillarda amalga oshirilayotgan chuqur tarkibiy islohotlar jarayonida, butun mamlakatimizni, milliy iqtisodiyotimizni tubdan modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va cheksiz qadrlaymiz.

Hech shubhasiz, Vatanimizning kuch-qudrati o’sishida, O’zbekistonda qazib olinayotgan qimmatbaho va rangli metallarning yuksak sifati butun dunyoda alohida e’tirof etilishida iqtisodiyotimizning lokomotivi hisoblangan kombinatning 36 minglik jamoasi salmoqli hissa qo’shib kelmoqda.

Hozirgi vaqtda majmua tomonidan Toshkent, Jizzax, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi qimmatbaho va rangli metallar eng ilg’or texnologiyalar asosida, yetakchi xorijiy kompaniyalar hamkorligida jadal o’zlashtirilmoqda, xaridorgir mahsulotlar hajmi oshirilib, ularning 70 foizdan ortig’i eksport qilinmoqda.

Jahon bozoridagi keskin raqobat sharoitida ishlab chiqarishning o’sishi va samaradorligini ta’minlash maqsadida kombinatning uzoq muddatli modernizatsiya dasturi ishlab chiqildi.

Ayni paytda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish bo’yicha yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani ayniqsa e’tiborga loyiq. Xususan, “Angren” erkin iqtisodiy zonasida barpo etilgan Angren quvur zavodi, Jizzax viloyatida tsement zavodi foydalanishga topshirildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi mamlakatlari hududida eng yirik – bir yilda 60 million tonna rudani qayta ishlash salohiyatiga ega bo’lgan mis boyitish fabrikasi va boshqa zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarining qurilishi boshlandi.

Eng muhimi, olib borilayotgan jadal va tizimli bunyodkorlik ishlari natijasida mahalliy aholi uchun minglab qo’shimcha ish o’rinlari yaratilmoqda.

Yaqin yillarda kombinatni modernizatsiya qilish dasturi doirasida 2023 yilga kelib ishlab chiqarish hajmining 2,5 barobarga o’sishini ta’minlovchi to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni o’zlashtirish rejalashtirilmoqda.

Barchamiz yaxshi bilamizki, ishlab chiqarishni tubdan yangilash va ilmiy texnologiyalarni joriy etish masalalari yuqori malakali kadrlarni talab qiladi. Shu bois, belgilangan vazifalar ijrosini to’liq ta’minlashga qodir bo’lgan zamonaviy va yetuk mutaxassislarni tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Olmaliqda faoliyat yuritayotgan Toshkent davlat texnika universitetining filiali, shuningdek, o’tgan yili tashkil etilgan Rossiya Federatsiyasining Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti Moskva po’lat va qotishmalar instituti filiali ushbu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.

Korxonaning barcha ishchi-xodimlar uchun munosib hayot va mehnat sharoitlarini, ularga hamma qulayliklarni yaratib berish borasidagi ijobiy tajribasini alohida ta’kidlash lozim.

Bugun bu yerda zamonaviy uylar, madaniyat va sport maskanlari, ravon ko’chalar, ko’rkam va fayzli go’shalar, bir so’z bilan aytganda, zarur infratuzilmalar bunyod etilmoqda. Bu beqiyos rag’bat va e’tiborning yaqqol misolini – yildan-yilga rivojlanib, xorijiy mehmonlar va investorlar uchun jozibador bo’lib borayotgan Olmaliq shahrining obod va farovon qiyofasida ham ko’rish mumkin.

Hurmatli do’stlar!

Bugungi shiddatli davrning o’zi butun xalqimiz qatori kombinat jamoasi oldiga ham milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan muhim va strategik vazifalarni qo’ymoqda.

Majmua bazasida yuqori texnologik va qo’shimcha qiymatga ega xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, bu yo’lda yurtimizning tabiiy, mehnat va intellektual resurslaridan to’laqonli foydalanish masalalari g’oyatda dolzarb bo’lib turibdi.

Ishonchim komilki, kombinatning yuksak kasbiy mahoratga, boy bilim va malakaga ega mehnatkashlari bu muhim hamda dasturilamal vazifalarni sharaf va matonat bilan uddalaydilar.

Ushbu ayyom munosabati bilan sizlarni yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga mustahkam sog’lik, baxt-saodat, jonajon O’zbekistonimiz ravnaqi yo’lida olib borayotgan bunyodkorona mehnatingizda yangi zafarlar tilayman.


O’zbekiston Respublikasi Prezidenti                                            Shavkat Mirziyoyev

Manba: www.president.uz 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech