Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Yangi yilga - yangi maqsadlar, yangi rejalar bilan!

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qadrli mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, aziz hamshaharlar!

Barchangizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan chin qalbdan muborakbod etaman!

Poyoniga yetib borayotgan yil mamlakatimiz, shu bilan bir qatorda korxonamizning rivojlanishi va kelajagini belgilab beruvchi yorqin sanalar hamda voqealarga boy bo’ldi.

22 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari Toshkent viloyati va Olmaliq shahar Kengashlariga saylovlar bo’lib o’tdi. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlab o’tish lozimki, OKMKning ikki vakili viloyat Kengashiga va to’qqiz nafari Xalq deputatlari shahar Kengashi a’zoligiga saylandi. OKMKdan saylangan deputatlarning vazifasi - mamlakatimiz, har bir shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan pozitiv o’zgarishlarni qo’llab-quvvatlagan holda birinchi navbatda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirib, yuksak ishonchni oqlash bo’lib qoladi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati uchun 2019 yil o’zining 70 yillik faoliyatini yakuniy baholash yili bo’ldi. Ushbu shonli sana mehnat jamoalarida, shahar va respublika miqyosida keng ko’lamda nishonlandi. E’tiborlisi, yubiley yilida bir nechta ishlab chiqarish rekordlari ham qayd etildi. 16 sentyabrda Mis eritish zavodida 100 ming tonnalik xomaki mis quyildi! Korxonamizning tarixida hali bunday ko’rsatkichlar qayd etilmagan edi. Shuningdek, kombinatning barcha korxonalari tomonidan asosiy ishlab chiqarish ko’rsatkichlari muddatidan oldin bajarildi. Jumladan, kombinat tomonidan 16200 kg. oltin topshirildi! Bu ko’rsatkich o’tgan yilga nisbatan 1150 kg. ko’pdir. Yil yakuniga 148 ming tonna miqdorida mis ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu ham albatta, rekord nishonasidagi raqamdir.

Shuningdek, OKMK tomonidan yonilg’i-energiya manbalarini iqtisod qilish, mahsulot tannarxini tushirish, mahalliylashtirish Dasturi va mahsulot eksporti borasida ham tahsinga loyiq natijalar qayd etildi. Yakuniy natijalar sanoqli kunlardan so’ng aniq hisob qilinadi, biroq shuni ta’kidlash joizki, tovar mahsulotlari ishlab chiqarish 17,7 trln. so’mni, o’sish sur’atlari esa 2018 yilga nisbatan 120,8%ni tashkil etadi. 

Asosiy mahsulotlar turlari bo’yicha ham ko’rsatkichlar yuqori: 2018 yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’atlari katodli mis bo’yicha 128,6%, metalli rux 125,1%, affinajlangan oltin 107,6%, kumush 158,9%, tsement ishlab chiqarish deyarli ikki barobarga oshdi, eksport hajmi 900 mln. dollarni tashkil etishi kutilayapti, o’sish sur’atlari esa bu borada 120,8%ni ko’rsatmoqda. 

Byudjetga bashorat ko’rsatkichlari bo’yicha belgilangan 5,7 trln. so’m to’lov ortig’i bilan, ya’ni 6,9 trln. so’mga bajarildi. Bu esa o’qituvchilar, shifokorlar ish haqlari, pensionerlar uchun nafaqalar, ijtimoiy masalalarning yechimidir.

Mehnatdagi bu yutuqlarimiz - kombinatni rivojlantirish strategiyasining to’g’ri tanlangani, texnologik intizomning ta’minlanishi, barcha tsexlar va bo’linmalarda barqarorlashtirish, qayta jihozlash va modernizatsiyalash dasturlari amalga oshirilishining natijasidir. 

Albatta, yutuqlarimizning yana bir asosiy omillaridan biri - mehnatkashlarimizning matonatli mehnati va kasbiy mahoratidir. OKMKning har bir yutug’i - ko’pming kishilik jamoamizning xizmati hosilasidir. Bu O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning bayram tabrigida ham ta’kidlab o’tildi.

Mamlakatimiz rahbarining tabrigida yangragan samimiy so’zlar, kombinat muammolariga doimiy e’tibor korxonamiz kelajagini shakllantirishga xizmat qiladigan murakkab vazifalarni hal qilishga bizni ilhomlantiradi.

Bu birinchi navbatda “Yoshlik I” kon maydonini kompleks ravishda o’zlashtirish investitsiyaviy loyihasi bilan uzviy bog’liq. Biz bu yo’nalishda ulkan hajmdagi ishlarni amalga oshirdik: joriy yil uchun belgilangan 16 mln. kub miqdorida ustki qatlamlarni ochish rejasi 24 dekabrga kelib 21,4 mln. kubni tashkil etdi. Karyer ekspluatatsiya qilinishi boshlanganidan buyon ustki qatlamlarni ochish ko’rsatkichlari hajmi 37,9 mln. kubni tashkil etayotganini hisobga olsak, ustki qatlam ochish ishlarining hajmi o’tgan yillarga nisbatan olti barobar ko’p bajarildi.

Joriy yilda MDH davlatlarida eng yirik bo’lishi ko’zlangan hamda yiliga 60 mln. tonna rudani qayta ishlash imkoniga ega bo’ladigan 3-Mis boyitish fabrikasini bunyod etish ishlari boshlab yuborildi.

Ishlab chiqarish quvvatlari va metallurgiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish borasida oldimizga ulkan vazifalar qo’yilgan - yangi Vanyukov pechini qurish, konvertor sexini rekonstruksiya qilish, misni elektroliz qilish, ikkita sulfat kislotasi sexlarini, anod quyishli yangi anod pechlarini hamda yangi kislorod blogini qurish.

Investitsiyaviy Dasturlarning amalga oshirilishi 2023 yilga kelib kombinatning ishlab chiqarish quvvatlarini ikki barobarga oshirish, yiliga 250 ming tonna katodli mis, 120 ming tonna rux ishlab chiqarish, shu bilan birga nodir metallar olishni deyarli ikki barobarga oshirish imkonini yaratadi.

Joriy yil fan, ishlab chiqarishni integratsiyalash, kombinatda kadrlarni tayyorlash masalalari yo’lida yangi qiziqarli qadamlar qo’yilgani bilan ham ahamiyatli bo’lib qolayapti: Chirchiqdagi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida qattiq qotishmalar va nodir metallar bo’yicha bir vaqtning o’zida bir nechta dolzarb loyihalar amalga oshirilmoqda. Aynan shu yerda respublikamizda birinchi bo’lib bu yo’nalishdagi qo’shma O’zbek-Koreys ilmiy-texnik markazi ochildi.   Kon-metallurgiya sanoat korxonalari uchun kadrlarni tayyorlash, MTTU “MISiS” va ToshDTU filiallarining o’qituvchilar, olim va talabalarini jalb etgan holda bizning texnologik va ishlab chiqarish jarayonlarimizdagi eng dolzarb masalalar yechimi ustida izlanish va tadqiqotlar olib borilayapti. 

Kon-metallurgiya sanoat korxonalari uchun kadrlarni yana ham maqsadli tayyorlash yo’lida kombinat ta’lim klasterini tashkil qilish rejalangan. Mazkur klasterda maktab partasidan boshlab bo’lajak konchilar, metallurg, boyituvchi, kimyogar va boshqa mutaxassisliklar egalari tayyorlab boriladi. 2020 yilda Olmaliq shahrida tabiiy va aniq fanlarga chuqur yo’naltirilgan maktabni qurish ishlari boshlab yuboriladi. 

Bashorat ko’rsatkichlarining bajarilishi, o’sish sur’atlarining yuksalishi kombinat rahbariyati va “SFI Management Group” kompaniyasi ishonchli boshqaruvchisiga joriy yilda mehnatkashlarning ish haqlarini oshirish, korxona yubileyi va Yangi yilga mukofot pullari berish imkonini yaratdi.

Kombinatda mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida ham bu yil ko’plab ishlar amalga oshirildi. Bu nafaqat ishlab chiqarishni rekonstruktsiya qilish, balki maishiy xonalar, yuvinish xonalari va oshxonalar ta’mirini ham qamrab oldi. SHuni aytish kerakki, qilinayotgan e’tibor va g’amxo’rlikni his etgan ishchilar, yanada g’ayrat bilan mehnat qilishmoqda.

Shahrimizning ijtimoiy muammolarini hal etishda ham kombinat bir qator ishlarni amalga oshirdi. Yubiley arafasida OKMK tomonidan 10 ta ko’p qavatli uylar foydalanishga topshirildi. Uy to’ylarini nishonlagan kombinat mehnatkashlarining farzandlari uchun bu yerda 2 ta maktabgacha ta’lim muassasalari ham ochildi. Yangi kichik nohiyada “Yoshlik” bog’i qad rostladi.

Ko’p qavatli uylar oldi hududlarini obodonlashtirish, ko’chalarni ko’kalamzorlashtirish, yo’llarga asfalt yotqizish ishlari hali ham davom ettirib borilayapti. Keyingi yilda kombinat shaharda savdo, maishiy-ko’ngilochar markazni bunyod etishni rejalashtirgan.

Biz bugunning o’zida keyingi yil uchun asosni, tamal toshini o’rnatayapmiz. Yaqin vaqtlar ichida “Yoshlik I” konida ustki qatlamlarni ochish hajmlarini oshirishga xizmat qiladigan ko’p tonnali o’ziag’dargich avtotransport vositalari keltirilishi boshlanadi, Mis boyitish fabrikasi va Rux zavodini modernizatsiyalash uchun uskuna-jihozlar yetkazilishi davom ettiriladi, Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi dastgohlar parki zamonaviy dastgohlar bilan boyiydi va yangilanib boradi.

Kombinatdagi bugungi yuqori sur’atlarni ta’minlash va kelajak uchun mustahkam asosni yaratish, shuningdek mehnatkashlar farovonligini oshirish va ular uchun munosib mehnat, hordiq hamda sog’lomlashtirish sharoitlarini yaratish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda va davom ettiriladi.

Qadrli hamkasblar va olmaliqliklar!

Yangi yil - eng quvonchli va intiqlik ila kutiladigan oilaviy shodiyona! Yaqin qadrdonlar bir davraga yig’ilib, samimiy suhbat qilish va kelajak uchun rejalarni bahamlashadigan tantanadir. 

Kirib kelayotgan 2020 yil yodda qolarli, yorqin va qiziqarli voqealarga, katta yutuqlar va baxtli onlarga boy bo’lsin.

“SFI Management Group” kompaniyasi va OKMK boshqaruvi nomidan Sizga va sizning yaqinlaringizga sihat-salomatlik, baxti komillik, tinchlik va farovonlik tilayman. Yangi 2020 yilingiz muborak bo’lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech