http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Ulug’ yo’lni yangi yutuqlar, izlanishlar bilan bosib o’tamiz...

on .

Prezidentimizning Oliy Majlisga yo’llagan Murojaatnomasi nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham tarixiy ahamiyatga ega bo’ldi.

Unda 2019 yilda qo’lga kiritilgan natijalar bilan bir qatorda joriy hamda keyingi yillar uchun istiqbolli reja va ustuvor yo’nalishlar belgilab berildi.

Darhaqiqat, biz ulug’ yo’l boshidamiz. Bu yo’lni barcha sohalarni isloh qilish g’oyalari atrofida jipslashib, aholi uchun qulay turmush sharoiti yaratish asosida bosib o’tishimiz lozim. O’zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanmoqda. Mamlakatimiz rahbari barcha mas’ullarga rivojlangan davlatlar qatoridan o’rin olish vazifasini qo’ydi. Ushbu maqsadlarga islohotlarni bosqichma-bosqich jadallashtirish, ilm-fan, ta’lim va innovatsiyaga tayangan holda erishish mumkin. Aynan shu sababli ham 2020 yil – Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilindi.  Murojaatnomada yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, o’sib kelayotgan avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida urg’u berildi. Davlatimiz bu borada iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlaydi, ularning o’z iqtidor va salohiyatini to’liq namoyon etishi uchun har tomonlama ko’mak beradi.  “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aktsiyadorlik jamiyati ko’p ming kishilik jamoasining asosiy qismini aynan yoshlar tashkil qiladi. Korxonamizda “ustoz-shogird” an’anasi izchil yo’lga qo’yilgan bo’lib, yoshlar katta avlodning tajribasini qunt bilan o’rganadi.

So’nggi yillarda kombinatni modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, mahsulotlar ishlab chiqarish nomenklaturasini kengaytirish borasida yirik loyihalarni amalga oshirayapmiz.  Kombinat kon maydonlarini ochiq o’zlashtirish va yerosti qazib olish, boyitish va oltin saralash fabrikasi, metallurgiya zavodi, yirik energetika va transport tizimi, rivojlangan infratuzilma va ijtimoiy soha ob’ektlarini o’zida mujassam etadi. Respublikamizning Toshkent, Namangan, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan 45 dan ziyod tarmoq bo’linmamizda 36 mingdan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilmoqda. Kombinat 17 xildan ortiq mahsulotlarini dunyoning 16 ta davlatiga eksport qilayotir.  Joriy yilda yangi Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek, ushbu yo’nalishda Mis eritish zavodida yangi zamonaviy oltingugurt (sulьfat) kislotasi sexi, Vanyukov pechi, kislorod blogi, anod pechi, misni elektroliz qilish sexini qurish kabi investitsiya loyihalarini amalga oshirish navbatdagi vazifalarimiz qatoridan o’rin olgan.

Kombinatni rivojlantirish dasturi ijrosi natijasida 2023 yilga kelib rudalarni qazib olish yillik 40 million tonnadan 100 million tonnaga, katodli misni ishlab chiqarish 106 ming tonnadan 268 ming tonnaga, metalli rux 68 ming tonnadan 128 ming tonnaga oshiriladi. Affinajlangan oltin va kumush ishlab chiqarishni 2 barobar oshirish ko’zda tutilgan.  Nodir, noyob metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda. Bu borada O’zbekiston-Koreya KIRAM ilmiy-texnologik markazi va “Olmaliq KMK” AJ ilmiy ishlab chiqarish markazi ishlanmalari asos bo’lib xizmat qilmoqda. Bu yerda volьfram, molibden, kobalt, titan kabi nodir metallarning nanokukunlarini tayyorlash ustida izlanishlar olib borilmoqda. Ushbu turdagi mahsulotlardan kelgusida turli sohalarda 3D nashri, energetika, tibbiyot, mashinasozlik va boshqa kelajagi yorqin bo’lgan zamonaviy, istiqbolli yo’nalishlarda foydalanish imkoniyati mavjud. Bu davlatimizning nafaqat eksport salohiyatini oshiradi, balki ko’p sonli yangi ish o’rinlarining yaratilishiga zamin yaratadi.  Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, ko’p ming sonli jamoamiz bilan oldimizga kombinat faoliyatini rivojlantirish bo’yicha qo’yilgan rejalarni ortig’i bilan bajaramiz. Zero, kombinat faoliyatini rivojlantirish bilan bog’liq tarixiy loyihalar mamlakat iqtisodiyoti rivoji, ertangi farovon kunimiz, kelajagimizga daxldordir.

Abdulla XURSANOV,

O’zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech