http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Muhim to’rt savolga to’rt javob

on .

Bugungi kunda mehnat bozoridan har qanday ish izlayotgan odam, taklif etilayotgan ishni tanlashda, oylik maoshi, mehnat sharoiti hamda ijtimoiy imtiyozlariga qiziqishi tabiiy hol.

Bilamiz, mamlakatimizda yirik sanoat korxonasi bo’lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mehnat qilish istagida bo’lgan talabgorlar ko’pchilikni tashkil etadi. To’g’rida, kim ham yaxshi oylik maosh to’laydigan, ishchilari uchun bir qator imtiyozlar yaratgan korxonada ishlashni xohlamaydi. Ammo kombinatga ishga kirishda ham me’yoriy hujjatlarga asoslangan tartib-qoidalar bor. Quyida ko’pchilikni bugungi kunda qiziqtirib kelayotgan kombinatga ishga joylashish to’g’risidagi, kombinatning bir korxonasidan boshqa korxonasiga o’tish tartibi va boshqa savollarga “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisining xodimlar masalalari bo’yicha o’rinbosari Azim Mirzajonov bilan uyushtirgan suhbatimizdan javob topishingiz mumkin.

- Azimjon Hakimjonovich, bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga ishga kirish istagida bo’lganlardan bizga juda ko’plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shu bois, kombinatga ishga kirish tartib-qoidasi to’g’risida batafsil ma’lumot bersangiz.

- Kombinat tizimiga ishga qabul “Olmaliq KMK” AJning 2017 yil 30 maydagi 512-sonli buyrug’i bilan tasdiqlangan qat’iy tartib shartlari talabida shaffoflik, ochiqlik, ob’ektivlik va kengashlilik tamoyillariga tayanilgan holda tanlab olish asosida qabul komissiyasi tomonidan bo’sh ish o’rinlari va ishchi-mutaxassislarga talab mavjudligida amalga oshiriladi. Komissiyaning ish vaqti, qabul joyi hamda ishga talabgorlarning ma’lumoti va ish stajiga oid talablar “Olmaliq KMK” AJning www.agmk.uz sayti hamda telegram messenjeridagi agmk va olmaliq7/24 kanallarida, Olmaliq shahar Aholi bandligiga ko’maklashish markazi va kombinat O’quv markazi binolariga ilinadigan e’lonlar orqali ma’lum etiladi. Shuningdek, kombinatning boshqa viloyat, shahar va tumanlardagi tarkibiy bo’linmalariga bo’ladigan qabullar bo’yicha e’lonlar, tegishliligi bo’yicha o’sha tarkibiy bo’linma binosiga osiladi.

Ishga talabgorlar mutaxassisligi yoki mutaxassislik talab etmaydigan kasblar bo’yicha qabul o’tkazilganda barcha talab etiladigan hujjatlar bilan komissiyaga o’rnatilgan tartibda murojaat etishlari va mavjud bo’sh ish o’rinlaridan biriga da’vogarlik qilishlari mumkin.

Qoida tariqasida xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori asosida har bir bo’sh ish o’rniga talabgor bo’lgan shaxslarga ish bo’yicha ma’lumoti va staji talabi qo’yiladi, shu bois tasdiqlangan Tartibga binoan lavozim va kasblar bo’yicha muayyan ma’lumoti va ish stajiga ega bo’lgan shaxslar ishga qabul jarayonida qatnashish huquqiga ega bo’ladilar, shuningdek, talabgorlarning nazariy bilimi hamda amaliy ko’nikmalari sinovdan o’tkaziladi.

- Ma’lumki, kombinatga biriktirilgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari har yili kombinatga ishga joylashtiriladi, ammo 100% barchasi emas, ular qanday qoidalar asosida ishga qabul qilinadi?

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 13 apreldagi 20a-sonli topshirig’iga muvofiq, “Olmaliq KMK” AJga 7 ta kasb-hunar kolleji (Olmaliq kon-metallurgiya KHK, Olmaliq konchilik KHK, Angren kimyo sanoat KHK, CHirchiq sanoat KHK, Pop kon-metallurgiya va xizmat KHK, G’allaorol “Lalmikor” sanoat KHK, Denov sanoat KHK) o’quvchilarni ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish hamda bitiruvchilarni korxona ehtiyojidan kelib chiqqan holda ish bilan ta’minlash belgilangan. Har yili may oyida “Olmaliq KMK” AJ tarkibidagi bo’linmalardan bo’sh ish joylari bo’yicha ehtiyoj olinib, kasb-hunar kolleji ma’muriyatiga yuboriladi va kollej ma’muriyati o’quvchilarning o’zlashtirish ko’rsatkichlaridan kelib chiqib, monitoring natijalarini OKMKga taqdim etadi. Taqdim etilgan monitoring natijalariga muvofiq, yuqori ko’rsatkichlarni egallagan bitiruvchilarga kombinat sex va bo’linmalarida ishchi kasblarga bo’lgan real ehtiyoj asosida, ularning mutaxassisliklari bo’yicha korxonalarga ishga joylashish uchun yo’llanma beriladi. 

Fursatdan foydalanib shuni aytmoqchi edimki, ota-onalar farzandlarimizning ta’lim olish jarayoni bilan doimiy ravishda qiziqib, o’zlashtirish ko’rsatkichlarini nazoratga olib borishsa, o’g’il-qizlarimiz ham o’z navbatida mas’uliyatni his etib, yurtimizning, qolaversa, kombinatimizning ravnaqi yo’lida yetuk mutaxassis bo’lib yetishishlari uchun o’zlarining bilim va ko’nikmalarini doimiy ravishda oshirib borishsa, o’ylaymanki, bitiruvchilarimizning barchasi hayotda o’z yo’llarini topishda qiyinchilikka uchrashmaydi. Zero, bilimli yosh mutaxassislar har joyda, har doim kerak bo’lishadi.

-  Oliy ma’lumotlilarga kombinatga ishga qabul qilish jarayonida qanday ustunlik beriladi? Qaysi oliygohlar bilan ishga joylashtrish bo’yicha hamkorlik mavjud?

“Olmaliq KMK” AJ korxonalarining oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo’lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali,  Toshkent arxitektura va qurilish instituti, Toshkent avtomobilь yo’llarini qurish, loyihalash va ekspluatatsiyasi instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent temir yo’l muhandislari instituti va Rosssiya Federatsiyasining Moskva shahridagi MTTU “MISiS” va uning Olmaliqdagi filiallari bilan hamkorlik aloqalari o’rnatilgan.

Ushbu oliy ta’lim muassasalari talabalarining 1000 nafaridan ortig’i kombinat korxonalarida o’zlarining ishlab chiqarish amaliyotlarini o’tashlari yo’lga qo’yilgan. Amaliyot jarayonida talabalarga ishlab chiqarishdan malakali mutaxassislar biriktiriladi va amaliyot nihoyasida har bir korxonada faoliyat yurituvchi maxsus malakaviy komissiyada talabalar bilimlariga baho beradilar. SHuningdek, oliy ta’lim muassasalari maxsus fan o’qituvchilarining kombinat korxonalarida stajirovka o’tashlari ham belgilangan jadval asosida tashkil qilinadi.

Kombinat ijtimoiy hayotida olib borilayotgan tadbirlarda Toshkent davlat texnika universiteti va MTTU “MISiS” Olmaliq filiallarining ishtiroklari, konchilar va metallurglar kasb bayramlari, Mustaqillik bayramiga bag’ishlangan ko’rgazmalarda o’zlarining innovatsion g’oyalari asosida tayyorlangan ishlanma namunalari(maketlar) bilan faol qatnashib keladilar va kombinat rahbariyati tomonidan rag’batlantirib kelinadi.

OKMK korxonalarining ishlab chiqarish zaruriyati tufayli tizimli tartibda oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlash maqsadida hozirgi kunda juda katta mablag’lar yo’naltirilgan. Jumladan, kombinat mablag’i hisobidan ishlab chiqarishning 26 ta yo’nalishi bo’yicha oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar soni 453 nafarni tashkil etadi. Ulardan 112 nafari kunduzgi bo’limlarda o’qiyotgan talabalar bo’lsa, 341 nafari sirtqi va kechki bo’limlarda ta’lim olayotgan ishchi-xodimlardir.

Bundan tashqari, kombinat korxonalarining oliy ma’lumotli yosh mutaxassislarga bo’lgan qo’shimcha ehtiyojlarini qoplash maqsadida har yili aprelь-may oylarida tegishli mutaxassislar ishtirokida maxsus kerakli oliy ta’lim muassasalarida bitiruvchilar bilimini sinovdan o’tkazib, sinovdan muvaffaqiyatli o’tgan yosh mutaxassislar bilan uch tomonlama shartnomalar tuziladi.

- Kombinat tarkibidagi bir korxonadan boshqasiga o’tish, ya’ni ish joyini almashtirish qanday amalga oshiriladi?

Amaldagi mehnat qonunchiligi me’yorlariga asosan, mehnat vazifalarini o’zgartirish orqali boshqa doimiy ishga o’tkazish uchun talabgor korxonada bo’sh ish o’rni mavjudligi shartida, talabgorning mutaxassisligi, malakaviy ko’rsatkichlari va tomonlarning roziligi asosida, tomonlar o’rtasida kelishuvga erishilgan taqdirda, boshqa ishga o’tkazish o’rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.

Boshqa doimiy ishga o’tish istagidagi ishchi-xodimlar bo’sh ish o’rinlari haqidagi ma’lumotlarni talabgor tarkibiy bo’linma xodimlar bo’limidan bilishlari mumkin.

- Azimjon Hakimjonovich mazmunli suhbatingiz uchun rahmat, sog’ bo’ling.

- Rahmat.

Sherzod TILOVBERDIYEV suhbatlashdi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech