http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Bugun navro’z

on .

“Olmaliq KMK” AJning qadrli mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, aziz olmaliqliklar!

Tabiat o’zining uyg’onish fasli bilan ko’zlarimizni quvontirayotgan ushbu kunlarda butun xalqimiz uchun ardoqli va sevimli bo’lgan Navro’z ayyomi - yangilanish, shodu xurramlik, mehr va saxovat bayramini qarshi olamiz.

Navro’z bahorgi teng kunlik, bahorning ilk kuni tantanasi hisoblanadi. U yil boshi sifatida nishonlanadi, bu natijalarni tahlil qilish va istiqbolli rejalarni yana bir karra belgilab olish pallasi hamdir. Mazkur bayram arafasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati barqaror va natijakorlikda faoliyat yuritgan holda barcha bashorat ko’rsatkichlarni bajarib borib, rekonstruksiya qilish loyihalari ijrosi va ishlab chiqarishni barqarorlashtirish hisobiga ish quvvatlarini oshirib bormoqda, shu bilan birga yangi sanoat ob’ektlarini bunyod etish borasida keng faoliyatni yo’lga qo’ygan. Mutaxassislarimizning samarali mehnati va yuqori kasbiy mahoratlari o’z ishlab chiqarish quvvatlarimizni kengaytirish borasidagi murakkab vazifalar yechimini OKMKga ishonib topshirgan mamlakatimiz rahbariyati tomonidan yuksak baholanib kelmoqda.

Joriy yilning fevral oyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ikki kunlik davlat tashrifi bilan Turkiya Respublikasida bo’lib qaytdi. Ikki davlat rahbarlari muloqotlarining bosh mavzusi - hamkorlikda yirik loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan, “Olmaliq KMK” AJning “Yoshlik I” kon maydonini o’zlashtirishda Turkiyaning yetakchi “Renessans Xolding” injiniring va qurilish kompaniyasining ishtirokiga qaratildi.

3-MBF qurilish maydonida o’nlab yuqori quvvatli o’zi ag’daruvchi transport vositalari, ekskovatorlar va boshqa texnikalarning ayni shu kunlarda keng quloch bilan faoliyat olib borayotgani, tog’-kapital isharining jadal boshlanishi o’zaro hamkorlik bitimlarining amaldagi ko’rinishidir. Iyun oyidan boshlaboq “Renessans Xolding” kompaniyasi keng qamrovli qurilish-montaj ishlariga kirishishga shay. 

2020 yilning 4 martida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasida fosforli o’g’itlar ishlab chiqarish hajmini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 120-sonli qarori qabul qilindi, unga ko’ra “Ammofos-Maksam” AJning davlat aksiyalari paketi OKMKning ishonchli boshqaruviga berildi, shu bilan birga “Qizilqum fosforit kompleksi”ning 100% aksiyalari ham kombinatga topshirildi. Respublikamizda ilk marotaba tog’-konchilik - sulfat kislotasi - mineral o’g’itlar tizimining mukammal ishlab chiqarish zanjiri yo’lga qo’yilmoqda.

Bugunga kelib kombinat tomonidan ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish borasida jadal qadam tashlandi, ayni davrda biz nafaqat rangli va nodir metallarni ishlab chiqarmoqdamiz, balki noyob metallar ishlab chiqarilishini rivojlantirayapmiz, shu bilan birga qurilish materiallari - sement ishlab chiqarish barobarida kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishga ham kirish arafasidamiz.

Qadimdan meros bo’lib kelayotgan an’anaga muvofiq insonlar o’z go’shalari, yashash manzillariga yangicha husn, sayqal berishga, xiyobonlar va mahallalarda ozodalik hamda tartibni muhayyo etishga intilishadi. Kombinat mehnatkashlari ham bu ezgu an’anadan chetda qolmagan holda bayram arafasida mamlakatimiz bo’ylab tashkillashtirilgan hasharda munosib ishtirok etishdi: sanoat zonalari va ularga chegaradosh hududlar tartibga keltirildi, korxonalar o’zlariga biriktirilgan mahallalar va ko’chalarda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishdi. Shaharni ko’kalamzorlashtirish borasida ishlar davom ettirilib, minglab tup xushmanzara va mevali daraxtlar o’tkazilmoqda, o’nlab navdagi xushmanzara gullardan gulzorlar barpo etilmoqda.

Bayram kunlarida barcha ijtimoiy muassasalar - maxsus maktab-internatlar, “Mehribonlik” va “Saxovat” uylarida xayriya tadbirlari o’tkazildi, ikkinchi jahon urushi faxriylari va mehnat fronti ishtirokchilariga oziq-ovqatlar jamlamalari tarqatildi.

Shu bilan bir qatorda keng rejali ijtimoiy masalalar yechimiga qaratilgan ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda bir qator ishchilar oshxonalarida ta’mir ishlari, Olmaliq va Chirchiq shahridagi profilaktoriylarda rekonstruksiya ishlari yakunlanadi, mehnatkashlarimiz istiqomat qilib kelayotgan Angren shahrida “Delfin” cho’milish havzasini qurish, Jizzax viloyati Zomin tumanida sanatoriyni foydalanishga topshirish, tabiiy fanlar chuqur o’qitiladigan va uning bitiruvchilari MTTU “MISiS”ning Olmaliq filialida o’qish imkonini beradigan yangi ixtisoslashtirilgan maktabni bunyod  etish rejalashtirilgan.

Navro’z - tinchlik, birodarlik va himjihatlik kabi qadriyatlar, avlodlar, oilalar o’rtasida mehr-oqibat, qo’shnichilik va do’stona munosabatlar keng quloch yozadigan umumxalq bayramdir. Aynan mana ju jihatlar bizning O’zbekiston deya nomlanadigan ko’p millatli, mehmondo’st va saxiy halqlar yashaydigan mo’’tabar zaminda yana ham ahamiyatlidir.

Mamlakatimizda ko’plab dunyo davlatlarini qamrab olgan koronavirus balosi hurujidan aholini himoya qilish maqsadida aniq choralar ko’rilayotgani munosabati bilan biz o’z sevimli bayramimizni unga xos bo’lgan ko’tarinkilik va qamrovlarda nishonlay olmaymiz, shunga qaramay biz oilaviy yig’ilamiz, yaqin qon-qarindoshlarni ziyorat qilamiz - Navro’z bizning yuragimiz, qalbimizda, bizning saxovatli, xayrli amallarimiz va oqibatli odamlarimiz orqali yuz ko’rsataveradi.

Men chin yurakdan barchangizni Navro’z ayyomi bilan samimiy muborakbod etaman: mustahkam sog’lik, baxt, iqbol, oilalarimizga ko’zlangan maqsad va rejalar ro’yobini, jonajon yurtimiz gullab-yashnashini tilayman! Barcha ezgu niyatlarimiz va intilishlarimiz amalga oshsin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech