Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

O’zingiz va yaqinlaringizni asrang! Uyda qoling!

on .

Bugun insoniyat sinovli davrni boshidan kechirmoqda. Xitoy davlatida boshlangan koronavirus infeksiyasi xavfi bugunga kelib deyarli butun dunyoni qamrab oldi. Kasallik tarqagan davlatlar pandemiyani bartaraf etish yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlarni ko’rishmoqda. Shu jumladan, mamlakatimiz hukumati  tomonidan ham o’z vaqtida kasallikni bartaraf etish bo’yicha muhim chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib,  tatbiq etilmoqda.

Kuni-kecha muhtaram Prezidentimiz tomonidan pandemiya oqibatlarining oldini olishga qaratilgan dolzarb Farmon imzolandi. Ushbu farmon ijrosi  yurtimizda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda olib borilayotgan keng miqyosli islohotlarimizni davom ettirishga, qolaversa, tibbiyot sohasini tubdan qo’llab-quvvatlashga xizmat qilishi, shubhasiz. Biz iloji boricha pandemiya bilan bog’liq qaltis vaziyatlarda yurtdoshlarimiz aziyat chekishining oldini olishimiz va buning uchun farmonda belgilangan barcha vazifalarni susaytirmasdan olib borishimiz kerak.

Jumladan, koronavirusining yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, ish joyida qulay sanitariya-epidemiologik muhitni ta’minlash va ishchi-xizmatchilar, aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida “Olmaliq KMK” AJ tomonidan zarur chora-tadbirlar ko’rilmoqda. Kombinatda maxsus komissiya tarkibi shakllantirildi. OKMK korxonalariaro hujjatlar bilan ishlash tizimi, imzolash, kelishish, tasdiqlash, ma’lumotlar, hisobotlarni qabul qilish va ularni yuborishni elektron shaklda amalga oshirilishi yo’lga qo’yildi. Jami 5131 nafar ishchi-xodimlar navbatdagi mehnat ta’tiliga chiqarildi, shuningdek, ishchi-xodimlarni virusga qarshi shaxsiy himoya va antiseptik vositalar bilan o’z vaqtida, zarur hajmda ta’minlash amalga oshirildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qisqa vaqt ichida poytaxtimizda uchta shifoxona qurilib, foydalanishga topshiriladi. Albatta, bu muassasalar aholini karantinga qabul qilish maqsadida amalga oshirilmoqda. Nasib etsa, ushbu muassasalar keyinchalik xalqimiz salomatligi uchun xayrli maqsadlar yo’lida xizmat qiladi. Shubhasiz, bu sa’yi-harakatlarning barchasi mamlakatimizda pandemiya holatini tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratilgan. Bizdan talab etiladigani, karantin bilan bog’liq barcha huquqiy hujjatlar ijrosini qat’iy ta’minlash va qo’llab-quvvatlashdir. Bu sinovli davrda, eng muhimi, belgilangan tartibni buzmaslik, karantin qoidalariga rioya qilishdir. Ming afsuski, yurdoshlarimizning ko’pchiligi buni hali hamon yaxshi tushunib yetmayaptilar. Shu bois, kuni-kecha o’z ishini yakunlagan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining videokonferens aloqa shaklida o’tkazilgan uchinchi yalpi majlisida  biz senatorlar tomonidan aynan koronavirus kasalligi profilaktikasi bilan bog’liq bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi.  Ya’ni, majlisda O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga qo’shimcha va o’zgartishlar kiritish to’g’risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Yangi  Qonunga va kodeksga kiritilgan o’zgartirishlarda  karantinli, inson uchun xavfli bo’lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo’lishi hamda tarqalishi sharoitida sanitariya va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan, tegishli tibbiy asoslar mavjud bo’lgan taqdirda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo’sindagi majburlov choralari qo’llanilishi belgilandi.

Epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kodeksining 54-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo’lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo’lishi va tarqalishi sharoitida jamoat joylarida niqobsiz yurish bazaviy hisoblash miqdorining o’n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’lishi belgilab qo’yildi.

Bunday keskin choralar ko’rilishining asosiy sababi, eng avvalo, yurtdoshlarimizni himoya qilish, ular bugungi vaziyatni chuqur anglab yetishlari, mas’uliyatni his etishlari uchun qabul qilindi.

Aziz yurtdoshlar!

Bugungi sinovli kunlarda o’zimizni, yaqinlarimizni asrab-avaylaylik. Karantin qoidalariga amal qilaylik. Kasallik profilaktikasi uchun nima zarur bo’lsa, barchasini so’zsiz bajarish har birimizning fuqarolik va insoniy burchimizdir. Xalqimiz bundan ham og’ir kunlarni hamjihatlikda, mardonavor yengib o’tgan.

El salomatligi uchun bugun vaqtincha o’z uylarida o’tirgan xalqimiz bunyodkor. Ular sinov davridagi shu imkoniyatdan shubhasiz, unumli foydalanadilar. Ayniqsa, farzandlari bilan birga bo’lgan onalarimiz dilbandlariga eng qiziqarli ertaklarni aytib, til o’rgatib, kitob o’qib, ularning dunyoqarashini har doimgidan ko’proq boyitadi. Qolaversa, respublikamizda oziq-ovqat zahiralari yetarli. Xonadonda o’tirgan opa-singillarimiz turli pishiriqlar pishirib, yaqinlariga ulashadi, hatto daromad qilish imkoniga ham ega bo’ladi. Xonadonlari va ko’chalariga har yilgidan ko’proq gul hamda daraxt nihollari ekishadi. O’g’il-qizlarini yonlariga olib, ularni ona yerga va mehnatga muhabbatini oshirib, o’z mahallalarini yana-da obod etishib, ko’chalaridagi ochiq maydonlarda bog’lar barpo etib, yurtimizni chamanzorga aylantirib yuborishadi. Ertaga bugungi sinov kunlar  tarixga aylanadi. O’zbek xalqi dunyoni larzaga solgan virus balosini ana shunday obodlik, bag’rikenglik bilan yengib o’tgani tarix zarvaraqlarida bitilishi shubhasiz. Axir biz o’tmishi buyuk, ertasi nurafshon, kelajagi boqiy xalqmiz!

Buyuk ajdodlarimizning “O’zini asraganni Alloh asraydi” degan purma’no hikmatlariga amal qilib, o’zingizni va yaqinlaringizni asrang. Uyda qoling! Uyda bo’ling!

Abdulla Xursanov,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori,

“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech