Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Olg’a intilish - muvaffaqiyatlar garovi

on .

Qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, hurmatli olmaliqliklar!

Yangi yilni kutib olishga  tayyorgarlik ko’ra turib, o’tib borayotgan yilni sarhisob qilish  odat tusiga kirgan. Mamlakat miqyosida ushbu yil mustaqil davlatimizning dunyo hamjamiyatida tutgan o’rnini  yanada mustahkamlanishiga imkon beruvchi ko’pgina voqea-hodisalarga boy bo’ldi.

Katta ahamiyatga ega bo’lgan siyosiy tadbir - O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi aholi fuqaroviy faolligining yuqori darajada ekanligini namoyish etdi va kelgusi rivojlanish yo’li to’g’ri tanlanganligining tasdig’i bo’ldi. Siyosiy partiyalarning roli ortdi, ularning dasturlari respublika va jamiyatimizni istiqbolli rivojlantirishga yo’naltirilgan. Barcha o’zgarishlar  birinchi navbatda, mamlakat aholisining manfaatlariga va ularning turmush tarzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

"Olmaliq KMK" AJning o’tgan 12 oy davomidagi ish faoliyatini tahlil qila turib, e'tirof etish joizki, o’tib borayotgan yil kombinatimiz uchun oson bo’lmadi. Buning asosiy, yagona sababi  dunyo iqtisodiy inqirozi hisoblanib, bu belgilangan rejalarimizni qayta ko’rib chiqish va ularga muayyan tuzatishlar kiritishni talab etdi. Ammo, ishlab chiqarishni rekonstruksiya va modernizasiya  qilish, texnik qayta jihozlashga oid barcha ahamiyatli masalalarda ko’zlagan chora-tadbirlarimiz bajarildi, loyihalarni amalga oshirish davom ettirildi va istiqbolli yangi loyihalar ustida ishlash boshlandi. Moliyaviy holatimiz murakkablashuviga qaramasdan, Mis eritish zavodida yangi oltingugurt kislotasi sexi, "Qayrag’och" yer osti uchastkasi foydalanishga topshirildi, Mis eritish zavodi havo taqsimlash sexi kislorod stansiyasi va Sement zavodini texnik qayta jihozlash yakunlandi... Bir so’z bilan aytganda, ma'dan qazib olish, uni qayta ishlash hajmlarining o’sishini ta'minlashga imkon beruvchi muayyan ishlar olib borildi, pirovardida tayyor mahsulot chiqarish hajmi ortdi. Hukumatimiz va shaxsan yurtboshimiz Islom Abdug’anievich Karimov ish faoliyatimizga katta ko’mak berib kelmoqda. Ham moliyaviy, ham tashkiliy masalalarni hal etishda bizga hukumat darajasida yordam ko’rsatilmoqda. "Qalmoqqir" koni balans orti rudalarini ishlashga jalb etish investisiya loyihasining amalga oshirilishi bunga misol bo’la oladi. O’tib borayotgan yilning avgust oyida mamlakatimiz Prezidenti tomonidan tegishli qaror imzolandi, endilikda biz nafaqat mis mahsuloti ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki, mintaqada ekologik vaziyatni ham yaxshilash imkonini beruvchi ishlarni boshladik.

Iqtisodiy qiyinchiliklar, jahon bozorida narxlarning tushib ketishi ishlab chiqarishga munosabatimizni qayta ko’rib chiqish, yanada tejamkor va  e'tiborli bo’lishimizni, ortiqcha harajatlarga yo’l qo’ymaslikka intilishimizni talab etmoqda. Kombinatimizda yoqilg’i-energetika resurslari, yoqilg’i-moylash materiallari, ehtiyot qismlarni iqtisod qilish bo’yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. "2015-2019 yillarda energiya sarfini qisqartirish va energiyatejamkor texnologiyalarni joriy etish dasturi"da belgilangan chora-tadbirlarni bajarish evaziga o’tib borayotgan yilning 11 oyida 46 milliard so’mlik mablag’ tejaldi.  Ortiqcha turib qolishlarga yo’l qo’ymaslik maqsadida, olib borilayotgan ta'mirlash ishlari va uskunalardan samarali foydalanish ustidan nazorat kuchaytirildi, sarf-harajatlarni yanada kamaytirish va tayyor mahsulot tannarxini pasaytirish uchun qo’shimcha imkoniyatlarni qidirish davom etmoqda.

Rahbariyat va mehnat jamoasi tomonidan ko’rilayotgan barcha chora-tadbirlar tovar mahsulotlari ishlab chiqarishning o’sish sur'atini o’tgan yilga nisbatan qiyosiy narxlarda 107,5 foizga  bajarishni ta'minladi. Konchilik, qayta ishlash, metallurgiya, transport tarkibiy bo’linmalari jamoalari yaxshi ishladilar, Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi mutaxassislari tomonidan mahalliylashtirish bo’yicha istiqbolli ko’rsatkichlarni bajarish yuzasidan katta ishlar amalga oshirildi, bunda zavodning quyish ishlab chiqarishini rekonstruksiya  qilinganligi ham ma'lum darajada o’z ta'sirini ko’rsatdi. Shuni ta'kidlash joizki, kombinatning barcha sex va tarkibiy bo’linmalari to’liq quvvatlarda ishladi va  bu bilan  oldimizga qo’ygan  vazifalarimizni  o’z vaqtida hal etdik, bunda har bir mehnat jamoasining  xizmati tahsinga sazovordir.

Kombinat o’z ishlab chiqarish topshiriqlaridan tashqari unga biriktirilgan maktabgacha ta'lim, o’rta, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining ham muammolarini hal etdi, kombinat balansida turgan  turar-joylar ta'mirlandi, shahar  va shahardan tashqarida obodonlashtirish ishlari davom ettirildi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, shuningdek uning har bir tarkibiy bo’linmasi 2015 yil davomida turli yo’nalishlarda amalga oshirilgan xayrli va savob ishlar bilan to’laqonli faxrlanishi mumkin. Bu ishlar orasida Olmaliq va Piskent shaharlaridagi memoriallarning rekonstruksiya  qilinganligini alohida ta'kidlamoqchiman.

Yoshlar bilan ishlash lozim darajada olib borildi,  yoshlar mehnat jamoamiz qatoridan o’rin oldi va kelgusida ham ular jamoamiz tarkibini to’ldiradi. Kombinat tarkibiy bo’linmalariga kollejlarni tamomlagan 1100 dan ortiq bitiruvchilar ishga joylashtirildi, kombinatga biriktirilgan kasb-hunar kollejlarinig 1062 nafar o’quvchilari uchun ishlab chiqarish  amaliyoti tashkil etildi. OKMK yosh mutaxassislarini tayyorlash va tarbiyalash ishlari davom ettirilmoqda, shu munosabat bilan kombinatning tajribali ishchilaridan iborat murabbiylari soni ko’payib bormoqda.

Yil davomida "Olmaliq KMK" AJ ma'muriyati va Kasaba uyushmasi kengashi jamoa shartnomasida ko’zda tutilgan, o’ziga  yuklatilgan  barcha vazifalarni to’liq bajardi. Shu jumladan, ishlamaydigan kombinat pensionerlari hamda Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilarini qo’llab-quvvatlashga yo’naltirilgan jamoa shartnomasidagi bandlar ham to’liq amalga oshirildi. "Keksalarni e'zozlash yili"da kombinatda  qariyalarni sog’lomlashtirish, ularga yordam ko’rsatish va ularning mazmunli dam olishlarini tashkil etishni ko’zda tutuvchi chora-tadbirlar rejasi tuzildi. Ushbu rejalar bajarildi va bu ishlar kelayotgan yilda ham davom etadi. Biz ular oldida umrbod qarzdormiz, shuning uchun ularning yordam so’rab qilgan murojaatlarini hech qachon chetga surmaymiz, nuroniylarimiz nafaqat bayram kunlarida, balki hamisha e'tiborimizda bo’ladi.

Kirib kelayotgan yil "Sog’lom ona va bola yili" shiori ostida o’tadi. Biz allaqachon bu borada tegishli dastur tuzishni boshladik, unda o’z imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda, kombinatda ishlaydigan ayollar, maktabgacha ta'lim muassasalarimiz tarbiyalanuvchilari bilan bir qatorda shahar sog’liqni saqlash va xalq ta'limi bo’limlari uchun ham keng qamrovli chora-tadbirlarni belgilashga harakat qilamiz.

O’tib borayotgan yilda turli yo’nalishlarda salmoqli ishlarni bajardik, qaysidir jabhalarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati uchun bu yil hal qiluvchi yil bo’ldi. Barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, ushbu yilda yangiliklar, novatorlik, mehnat yutuqlarining ham o’rni bor. Bir nechta loyihalarni amalga oshirdik,  ular  kelajakda  sezilarli mahsul va natijalarni olib keladi. Bu sa'yi-harakatlarning barchasida kelgusi muvaffaqiyatlarga va yutuqlarga intiluvchi ko’pmingsonli kombinat jamoasining xizmati katta.   

Barchangizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabriklagan holda, o’z mehnati, o’z tajribasi, bilimlari bilan korxonaning yanada rivojlanishiga imkon  beradigan har bir ishchi-xizmatchilarga chin dildan rahmat deyman, o’z vazifasiga sidqidildan, halol va vijdonan yondashgan holda Vatanimiz ravnaqi va gullab-yashnashiga hissa qo’shayotganlarning barchasiga minnatdorchilik bildiraman.

Sizlarga tinchlik, baxt-saodat, muvaffaqiyat, orzu-umidlaringizning ushalishiga tilakdoshman va eng asosiysi, o’zingizga va oila a'zolaringizga mustahkam sog’lik tilayman. Yangi yil barchamizga yangi yutuqlar, shodlik keltirsin, o’ylagan rejalarimizni ro’yobga chiqarsin, ko’zlagan maqsadimizga erishish uchun omil bo’lsin! 

Kirib kelayotgan Yangi yil bilan  samimiy tabriklarimni qabul eting!

Aleksandr FARMANOV,

"Olmaliq KMK" AJ Bosh direktori,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech