A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Ustozlarga tabrik

on .

Aziz ustoz va murabbiylar!

Barchangizni Yangi O’zbekistonning ta’lim-tarbiya sohasidagi munosib mehnatingiz uchun - O’qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

Sizning bedor tunlaringiz, halovat bilmas kunlaringiz, qalb qo’ringiz, ko’z nuringiz baxshida etilgan pedagoglik sohasidagi zahmatingiz, jasoratingiz har qanday tahsinga munosibdir.

Bugungi o’ta murakkab bir davrda yosh avlodni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni sog’lom va barkamol insonlar bo’lib voyaga yetkazish, dunyoviy ilm cho’qqilarini zabt etishi, sport sohalarida hamda zamon talabi bo’lgan raqamli iqtisodiyot, til o’rganishda sizning zakovatingiz, salohiyatingiz va sabru-irodangiz o’ta ahamiyatlidir. Shu bois ham mamlakatimiz Prezidenti va hukumatimiz tomonidan ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo’nalishi darajasiga ko’tarildi.

Yangi O’zbekiston milliy yuksalishga erishish yo’lida bormoqda. Bu yo’lda xalqimiz kelajagini tarbiyalayotgan Siz muhtaram ustoz va murabbiylar zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklandi. Zero, el-yurtimizning eng katta boyligi - millionlab o’g’il-qizlarimizning buguni, kelajagi, mamlakatimiz istiqboli, O’zbekistonning shon-u shavkati sizlarga ishonib topshirilgan. Sizlar ana shu yuksak ishonchni sharaf bilan ado etib kelayotgan fidoiy insonlar, jannatiy kasb egalarisiz. Har birimiz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsolisiz.

Aziz ustoz va murabbiylar!

Bizlarga harf o’rgatgan, ezgulikdan saboq bergan, hayot va kasb yo’llarimizni topishda yo’lchi yulduzga aylangan Siz azizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, pedagoglik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, oilangizga farovonlik, dasturxoningizga fayz-baraka tilayman. Har biringizga farzandlar kamoli, shogirdlar iqbolini ko’rish saodati nasib etsin.

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech