http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Ertangi istiqbollarga ishonch bilan

on .

Yangi yilga qadam qo’yar ekanmiz, har birimiz o’tgan yilning sarhisobini qilamiz, kelgusi yil uchun maqsadlarimizni belgilab olamiz. Bu albatta, har bir korxona, tashkilot va muassasalarga ham taaluqli. 2015 yil "Olmaliq KMK" AJ hayotida qanday iz qoldirdi, kirib kelayotgan yilda qaysi masalalarni hal etish  va qanday rejalarni tuzish zarur bo’ladi? Kombinat Axborot xizmati jurnalistlarining "Olmaliq KMK" AJ bosh direktori Aleksandr Farmanov bilan suhbati aynan ana shu mavzularga bag’ishlandi.

- Aleksandr Kasimovich, navbatdagi yil ham poyoniga yetdi, an'anaga ko’ra gazetamiz sahifalarida unga yakun yasaymiz. Aytingchi, 2015 yil Olmaliq kon-metallurgiya kombinati uchun qanday yil bo’ldi?

- 2015 yilni yaxshi natijalar bilan yakunladik: deyarli barcha istiqbolli ko’rsatkichlar bajarildi.

Albatta, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi faoliyatimizga o’z ta'sirini o’tkazdi. Mazkur jahon inqirozidan nafaqat bizning kombinat, balki butun dunyodagi ishlab chiqarish va metallurgiya tarmog’i korxonalari aziyat chekmoqda. Jahon bozorida mahsulotlarning narxi tushib ketishi sababli, xususan bizning mahsulotimiz narxining ham pasayishi tufayli kutilganidek to’liq foyda ololmadik. Ammo daromad ololdik. Buning uchun mahsulotning tannarxini keskin kamaytirish ustida ko’p ishlashimiz, ter to’kishimizga to’g’ri keldi. Kombinat bu masalani uddaladi, deb ayta olaman.

Afsuski, inqiroz cho’zilib ketdi va uning hali-beri yakunlanishidan umid yo’q. Lekin biz bunga tayyormiz. Endilikda mahsulot tannarxini tushirish, ishlab chiqarish hajmi va turlarini oshirish borasidagi ishlarni davom ettirayapmiz. 

"Olmaliq KMK" AJda 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o’zgartirish, modernizasiyalash va diversifikasiyalashni ta'minlash bo’yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Dasturda yangi qurilishlar bo’yicha, shuningdek, mavjud ishlab chiqarishlarni modernizasiya va rekonstruksiya qilishni nazarda tutuvchi investision loyihalarni amalga oshirish belgilangan. 2015 yilda yangi Oltingugurt kislotasi sexi ishga tushirildi. Kislorod blogini texnik qayta jihozlash yakunlandi. Yiliga 7 mln. tonnaga yaqin ma'danni qayta ishlash imkonini beruvchi "Mis boyitish fabrikasi maydalash va yanchish bo’linmalarini qayta jihozlash" loyihasini amalga oshirish yakunlanmoqda. Bu salmoqli va diqqatga molik ob'ekt bo’lib, kelajakda energiya va inson resurslarini iqtisod qilish, saralashni oshirish, yakuniy mahsulot sifatini yaxshilashga imkon beradi. O’ylaymanki, biz bu borada jiddiy qadam tashladik.

O’tgan yilda eksportga mis sim o’ramasi (katanka)ni sotish hajmini oshirdik, ya'ni, shunchaki katodli mis emas, balki qo’shimcha qiymatli mahsulot sotishga erishdik. Jahon bozoriga o’zimizning mis quvurlarimiz bilan chiqdik. Bu yo’nalishdagi ishlar davom etmoqda va davom etadi. Yangi mahsulot, ya'ni mis simlarining eksporti yo’lga qo’yildi, xususan, 2015 yilda 1000 tonnadan ziyod mahsulot hamkorlarimizga yetkazib berildi. 2016 yilda bu raqamni kamida 2-2,5 baravarga oshirishni rejalashtirayapmiz.

2014 yilda foydalanishga topshirilgan kombinatning eng yosh korxonalaridan biri bo’lgan Sement zavodi ham kutilganidek samarali faoliyat olib bormoqda. Sement zavodi mahsulotining bir qismi eksportga sotildi. Kombinat tarkibiy bo’linmalarining faoliyatiga yakun yasagan holda, aytishim mumkinki, kombinat barqaror ishladi. Bu eng asosiysidir.

- Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bunyodkor korxonadir. Unda ishlayotgan mehnatkashlarning asosiy qismi Olmaliq shahrida yashaydi. 2016 yilda kombinat tomonidan biror-bir ijtimoiy ob'ektni qurish yoki rekonstruksiya qilish  rejalashtirilmoqdami?

- Biz har yili shaharda nimadir qilamiz. Obodonlashtirish va asfaltlash ishlari davom ettirilmoqda. 2015 yilda Xotira maydoni memorial majmuasi "Ona va bola" haykali bilan birgalikda rekonstruksiya qilindi. Men barcha qilingan ishlarni sanab o’tirmayman, chunki hamshaharlarimiz kombinat tomonidan qanday ishlar bajarilayotganiga o’zlari guvoh bo’lishmoqda. Ushbu savolga javob bera turib, shuni ta'kidlamoqchimanki, mazkur yo’nalishda biz o’z rejamizga ega bo’lganmiz, unga asosan ish olib borilmoqda va kelgusida ham bu davom ettiriladi. Olmaliq chiroyli shahar bo’lishini, aholi maroqli hordiq olishini istaymiz. Ekologiya sohasida ham keng miqyosda ishlar olib borilmoqda: atrof-muhitning gazdan zararlanishini kamaytirish borasida birmuncha ishlar yakuniga etkazildi, bu borada ko’pgina ob'ektlarni topshirdik. Bu yil eski yallig’ qaytarish pechi o’rniga yangi pechni ishga tushiramiz. Bu ekologiya borasidagi muhim qadamdir. Mis eritish zavodida konvertor pechlar rekonstruksiya qilinmoqda, ularning birida ishlar allaqachon yakunlandi, hozir ikkinchisini (jami to’rtta) rekonstruksiya qilish davom ettirilmoqda. Bularning barchasi kombinat rivoji, yurt sanoatining taraqqiyoti, shu bilan birga shahrimiz muhiti uchun qilinayapti. Bu kabi ishlar yana davom etadi. Inqirozga qaramasdan biz yaxshi yashash uchun mehnat qilayapmiz. O’ylaymanki, butun kombinat jamoasi buni tushunadi.

- 2015 yil Prezidentimiz tashabbusi bilan "Keksalarni e'zozlash yili" deb e'lon qilindi. Bu borada qanday ishlar amalga oshirildi?

- Menimcha, bu savol bilan nuroniylarimizga murojaat qilsak to’g’riroq bo’ladi. Chunki biz tomondan amalga oshirilgan ishlarga keksa avlod vakillari xolisona baho bera oladi. Shuni aytishim lozimki, kombinat o’z faxriylarini hech qachon unutmaydi. Barcha Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat fronti ishtirokchilari kombinat tarkibiy bo’linmalariga biriktirilgan, bu qariyalarimiz bilan doimiy aloqada bo’lib turish va ularning qanday yashayotganliklari haqida bilib borishimizga imkon yaratadi. Biz ularning turmush-tarzi, qanday muammolar, xususan maishiy va moddiy muammollarga duch kelayotganidan xabardormiz va ularni hal etishda yordam berishga harakat qilib kelayapmiz. Bu ishlar doim bo’lgan va bardavomdir.

Xalqimizda keksalarni e'zozlash, hurmat qilish qadim ildizlarga ega. Bu qadriyat tarixiydir va an'anaviy bo’lib qoladi. O’sib kelayotgan yosh avlodga ibrat ko’rsatgan holda, biz yashayotgan va ishlayotgan hozirgi hayot asosini qo’ygan insonlarga nisbatan e'zoz va ehtiromni davom ettirib boraveramiz.

- Bu yil "Sog’lom ona va bola yili" deb e'lon qilindi. Ushbu yo’nalishda qanday ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda?

- Biz hozir "Sog’lom ona va bola yili" Dasturiga kiritiladigan chora-tadbirlar rejasini tayyorlayapmiz. Ular tasdiqlangandan so’ng xalq e'tiboriga havola etamiz va amalga oshiramiz.

- Sizni tashkilotchi, ishbilarmon rahbar sifatida bilamiz. Agar Sizda Qorboboga murojaat qilish imkoni bo’lganida, undan qanday orzularingizning ijobatini so’ragan bo’lardingiz?

- Mening butun umrim ish bilan, ya'ni oddiy ish kunlari ham, dam olish kunlari ham, bayram kunlari ham men ishdaman, butun hayotim ishlab chiqarish bilan kechadi. Kombinatimizning bugungi hayoti jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi bilan uzviy bog’liq. Agar Qorbobo bor bo’lsa, inqirozni to’xtatsin. Men bundan mamnun bo’lar edim. Menga boshqa hech narsa kerak emas. Har qanday mashaqqatlarni yengib o’tish, maqsadlarga intiluvchi va istiqbollarni belgilashga qodir bo’lgan mehnatkash jamoamiz bor.

Shunday ekan, biz boshqa barcha qiyinchiliklarni yengib o’ta olamiz.

- Yangi yil endi ostona qatlada. Yil avvalidan kombinat mehnatkashlariga va hamshaharlarimizga sizning tilaklaringiz.

- Birinchi navbatda, mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, o’z oldimizga qo’ygan rejalar, barcha ko’rsatkichlarni bajarish, korxonamiz rivoji, demakki, shahrimiz, viloyatimiz, mamlakatimiz iqtisodiy qudrati yuksalishi yo’lida samarali mehnat qilgan kombinatning ishchi-xodimlariga o’z samimiy tashakkurimni bildiraman. Jamoamiz juda yirik, kombinatda katta istiqbol bor, ko’pgina ob'ektlarning qurilishi davom ettirilmoqda. Bular nihoyatda jiddiy ob'ektlar hisoblanib, ishlab chiqarishdan oladigan foydamizga salmoqli urg’u beradi, qo’shimcha ish o’rinlarini yaratadi. Qo’yingki, oldimizda ulkan rejalar turibdi va ularni biz albatta ro’yobga chiqaramiz.

Bayram tilaklarim juda samimiy. Odatda, Yangi yilda sog’lik, baxt tilaydilar. Men chin dildan jamoamizning har bir a'zosiga, barcha olmaliqliklarga va shahrimiz mehmonlariga sihat-salomatlik, omad, farovonlik, baxt-saodat tilayman va eng asosiysi, ona zaminimizda tinchlik bo’lsin!

Prezidentimiz Islom Abdug’anievich Karimov rahnamoligida mamlakatimiz rahbariyati biz tinch-osoyishta ishlashimiz va dam olishimiz uchun barcha say'i-haraktlarni amalga oshirmoqda. Har bir insonning kayfiyati yaxshi bo’lsin, bunday ko’tarinki ruh bilan butun yilni bosib o’taylik. Kelgusi yil bo’sag’asida ham yana bir bor barchaga yaxshi va barqaror mehnati uchun tashakkur bildirish nasib etsin.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech