Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Til-millat g’ururi, mustaqillik belgisidir!

on .

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, aziz olmaliqliklar!

Shu kunlarda yana bir qutlug’ ayyom - O’zbek tili bayrami kunini nishonlamoqdamiz. Ushbu bayramning mamlakatimizda har yili keng nishonlanishi ona tilimizga e’tiborni yuksaltirish, nafaqat o’zbek xalqi, balki boshqa millat vakillarini ham tilimiz va madaniyatimizni o’rganishga ilhomlantirishda xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Bundan o’ttiz bir yil muqaddam 1989 yil 21 oktyabrda qabul qilingan Qonun shubhasiz muhim tarixiy voqea, erk yo’lida tashlangan dadil qadam bo’ldi.

O’tgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo’ldi. O’zbek tilining xalqaro miqyosda obro’si oshdi.

O’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligini nishonlash arafasida 2019 yil 21 oktyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Shuningdek, 2020 yil 10 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan O’zbekiston Respublikasining “O’zbek tili bayrami kunini belgilash to’g’risida”gi Qonuni imzolandi. Unga muvofiq, 21 oktyabr sanasi yurtimizda “O’zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Bu bilan davlat ramzlaridan biri sanalgan ma’naviy qadriyatimiz - ona tilimiz qonun himoyasida ekanligi yana bir bor o’z isbotini topdi.

Hozirgi kunda o’zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida - davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, sanoat, madaniyat va san’at sohalarida faol qo’llanilib, xalqaro minbarlarda ham baralla yangramoqda.

Xabaringiz bor, joriy yilning 23 sentyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk bor o’zbek tilida nutq so’zladi. O’zbek tili dunyoning eng nufuzli minbaridan yangradi. Jahon xalqlari Ona tilimizning ovozini eshitdi, jarangini tingladi. O’zbek tilida so’zlangan bu nutq nafaqat 34 millionlik O’zbekiston ahlini, balki dunyodagi ko’plab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni chin ma’noda g’ururlantirdi.

Olmaliq kon metallurgiya kombinatida ham o’zbek tilini rivojlantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, barcha hujjatlarning davlat tilida yuritilishi yo’lga qo’yildi. Shuningdek, kombinat korxonalarida Mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’yicha yo’riqnomalar, barcha ichki texnik me’yoriy hujjatlar o’zbek tiliga tarjima qilindi. Bu o’z o’rnida mehnat samaradorligining o’sishiga va baxtsiz hodisalarning kamayishiga xizmat qilmoqda.  Shu bilan birga kombinatda mehnat qilayotgan rusiyzabon mutaxassislar va o’zbek tilini chuqur o’rganish istagida bo’lgan ishchi-xodimlar uchun kombinat O’quv markazida bepul mashg’ulotlar tashkil etildi.

E’tiborlisi, kombinat jamoasi nafaqat ishlab chiqarishda faol, balki xalqimizning milliy an’analarini rivojlantirishda va ma’naviy-madaniy taraqqiyotida ham peshqadam. Kombinat korxonalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning muntazam tashkillashtirilayotgani fikrimiz isbotidir.  Har bir bayramda bo’lganidek, Davlat tili bayrami munosabati bilan ham kombinatda “Til - millat ko’zgusi” shiori ostida turli tanlovlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.  Kombinat tasarrufidagi “OKMK” telekanali orqali o’zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan bir qator ko’rsatuvlar, dasturlar namoyish etilayapti.

Quvonarlisi, kombinatda ijodkor, iste’dodli yoshlar ko’pchilikni tashkil etadi.

Ijodkor yoshlarimizning adabiy salohiyatini rivojlantirish va iste’dodini qo’llab-quvvatlash maqsadida bugungi kunda ularning ijod namunalarini to’plab, kitob chiqarishni maqsad qilganmiz.

O’zbek tilini rivojlantirish borasidagi bunday xayrli ishlarni davom ettirish niyatidamiz.

Qadrli kombinat mehnatkashlari va hamshaharlar!

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati nomidan sizlarni iftixor ayyomi - O’zbek tili bayrami kuni bilan muborakbod etaman. Millatimiz faxri, g’ururi, ayni paytda orzu-umidlarimiz, maqsad-intilishlarimiz ko’zgusi bo’lgan - O’zbek tili ertangi kunimizni yanada nurafshon va kelajagimizni porloq etishiga tilakdoshman!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech