Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Kombinat Avtomobil transporti sohasi ishchi-xodimlari, aziz hamkasblar! 

on .

Mamlakatimizda har yili oktyabr oyining oxirgi yakshanbasi “Avtomobil transporti xodimlari kuni” sifatida nishonlanadi.

Kombinatning eng yirik bo’linmasi hisoblangan va o’zida 4000dan ziyod ishchi –xodimlarni birlashtirgan avtomobil va texnologik transport boshqarmalari ham ushbu sanada o’zining kasb bayramini nishonlaydi.

Aytish joizki, Olmaliq kon metallurgiya kombinati faoliyatida avtomobil va texnologik transport boshqarmalari o’ziga xos o’ringa ega hisoblanadi. Texnologik yuklarni tashish, konlardan tog’ jinslarini tashish hamda kombinat korxonalarini zarur texnik vositalar bilan ta’minlash, ishchi – xodimlarni ish joyiga eltish kabi vazifalarni bajarayotgan transportchilar xizmatini haqli ma’noda sanoatning qon tomiri desak adashmaymiz.  

Bugungi murakkab pandemiya sharoitida ham Olmaliq kon-metallurgiya kombinati fidokorona mehnati bilan yuqori natijalarni qo’lga kiritmoqda. Kombinat tomonidan joriy yilning 9 oyida 16,4 trln so’mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Reja 116,2% bajarilgan. Mis ishlab chiqarish hajmi 102,6%ni, oltin-104,6%ni, kumush-127% tashkil etdi. Investitsiya dasturi doirasida 183,7 mln dollar o’zlashtirilib, prognoz 107,1 foizga bajarildi, mahalliylashtirish doirasida 63 ta loyiha bo’yicha 110,1 mlrd so’m tovar mahsuloti ishlab chiqarildi.  

Bu mehnat yutuqlarida, albatta 55 yildan buyon uzluksiz faoliyat olib borayotgan kombinat avtotransport xizmatining munosib hissasi mavjud.  

Shu o’rinda aytish kerakki, yildan yilga kombinatda ishlab chiqarish quvvatlari oshib bormoqda. Yirik investitsiya loyihalari tadbiq etilmoqda. Bu o’z navbatida transport sohasini takomillashtirishni, yanada rivojlantirishni, yangi texnika vositalari bilan ta’minlanishini ham talab etadi. 

Kombinat rahbariyati tomonidan avtokorxonalardagi ish tizimini to’g’ri taqsimlanishiga, mehnat sharoitlarining yaxshilanishiga katta e’tibor qaratilib, zarur bo’lgan jihozlar va texnika vositalari xarid qilinmoqda.  

Xususan, “Yoshlik I konini o’zlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarga to’xtalsak. 

Qisqa muddatda kon ishlarini bajarish uchun 332 dona tog’-texnikasi yetkazib berildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 112 dona maxsus va transport texnikasi xarid qilindi. 

Quvonarlisi, ayni shu kunlarda kombinat tomonidan yana bir shartnoma imzolanib, avtotransport parkiga 220 tonna yuk ko’tarish quvvatiga ega 29 ta yangi “BelAZ” rusumli o’zi ag’daruvchi gigant transport vositalari keltirishga kelishildi. 

Shuningdek, kombinatda transport sohasini takomillashtirish va yanada rivojlantirish bo’yicha ham keng ko’lamli ishlar amalga oshirilayapti. 

Joriy yilda, ishlab chiqarish hajmining ortishi va kombinat bo’linmalarida amalga oshirilayotgan modernizatsiya, avtomobil va temiryo’l transportida yuk tashish hajmining oshishi inobatga olinib, kombinat transport xizmatining tashkiliy strukturasini o’zgartirishga qaror qilindi. 

Jumladan, OKMK boshqaruvi raisining transport va logistika bo’yicha o’rinbosari lavozimi joriy etildi. Ijro apparatida avtomobil transporti va logistikasi bo’limi hamda temiryo’l transporti va logistikasi bo’limlari o’z faoliyatini boshladi. 

Endilikda, kombinat tarkibida Avtomobil transport boshqarmasi hamda Texnologik transporti boshqarmalari faoliyat yuritadigan bo’ldi. Sohadagi bu o’zgarishlarning amalga oshirilishi samarali natija ko’rsatishi, shubhasiz. 

Kombinat avtotransportchilar jamoasi nafakat mexnatsevarligi, balki yuksak tashkilotchilik hislati bilan ham ajralib turadi. Jamoaning a’nanalar va qadriyatlarga hurmat, uzoq yillik tajriba va qat’iy intizomga rioya qilishilari ortidan belgilangan rejalar doimo yorug’ yuz bilan uddalanadi. Ishonamizki, bundan keyin ham bu jamoalar o’rtasidagi ahillik va birdamlik saqlanib, bundanda yuksak zafarlarga erishiladi. 

Fursatdan foydalanib, kombinat ishlab chiqarish zanjirida muhim ahamiyatga ega bo’lgan avtomobil va texnologik transport boshqarmalari mehnat jamoalarini kombinat boshqaruv apparati nomidan kasb bayrami bilan samimiy tabriklayman. 

Sizlarga oilaviy xotirjamlik, farovonlik, mustahkam sog’lik tilayman. Mehnatingiz ortidan hamisha yuzingiz yorug’ bo’lsin, kombinat, qolaversa, Vatanimiz ravnaqi uchun amalga oshirayotgan ishlaringizda zafarlar yor bo’lishini tilab qolaman.  

 Abdulla Xursanov, 

 “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech