A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Bayramingiz muborak bo’lsin, salomatligimiz posbonlari!

on .

Inson hayotini saqlab qolishdek eng oliyjanob ishga o’zini baxshida etgan qadrli tibbiyot xodimlari!

O’z halovatidan kechib, kunni tunga ulab, xalqimiz salomatligi yo’lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan bugungi kun qahramonlari!

Siz azizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman! 

Sizlarga cheksiz hurmat va ehtiromimizni har kuni, har lahzada izhor qilishga tayyormiz. Biz bilamizki, shifokorlik o’ta mas’uliyatli, mashaqqatli va sharafli kasb. Ayniqsa, bugungi murakkab Pandemiya sharoiti tibbiyot sohasi vakillari uchun yanada mas’uliyatli va sinovli davr bo’ldi. 

Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash, karantin zonalari va maxsus shifoxonalardagi jonbozliklaringizni hech ikkilanmay jasorat deb atashimiz mumkin. Sizlar bugungi tahlikali va sinovli kunlarda hayotingiz va sog’ligingizni xavfga qo’yib, mavjud xatarga tik boqib kurashmoqdasiz. 

O’z bilim va matonatingiz, bor kuch va imkoniyatlaringizni ishga solib, Yaratganning inoyati bilan ming-minglab yurtdoshlarimiz hayotini asrab qoldingiz. Bu bilan o’z burchingiz va qasamyodingizga sodiq qolib, zimmangizdagi vazifalarni jasorat va fidoyilik bilan bajarmoqdasiz.

Ma’lumki, Davlatimiz tomonidan bugun tibbiyot sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Shubhasiz, bu islohotlar tibbiyot tizimini yanada rivojlantirish, zamon talablari va jahon andozalariga mos bo’lishini ta’minlash bilan birga tibbiyot xodimlarining zalvorli va samarali mehnatlarini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan.

Ulug’ allomalarimizdan qolgan bir hikmat bor: “Tibbiyot barcha san’atlar ichida eng ulug’idir”. Shuningdek, Alisher Navoiy hazratlari “Shirin so’zli mohir tabib tan xastaligiga shifodur”, deb bejizga ta’kidlamaganlar. Buyuk ajdodlarimiz tomonidan alohida e’tirof etilgan shifokorlik shubhasiz, eng ulug’ va sharafli kasbdir.  

Aziz tibbiyot xodimlari, Ibn Sino izdoshlari! Biz hamisha sizlarning mehnatlaringizni qadrlaymiz. Barchangizga kasb bayramingiz muborak bo’lsin! Siz azizlarga mustahkam sog’liq, oilaviy xotirjamlik, mashaqqatli faoliyatingizda kuch-g’ayrat tilayman. 

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech