http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Halovatli elning har kuni bayram

on .

Qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, olmaliqliklar!

Shu kunlarda biz mehnatkash, samimiy, bag’rikeng va mehmondo’st xalqimizning ma'naviy hayoti va turmush tarziga aylanib, yasharish, yashnatish, saxovat va mehr-muruvvat ayyomi sifatida asrlar osha yashab kelayotgan Navro’zni keng ko’lamda nishonlamoqdamiz.

U mustaqillik yillarida ikkinchi bor dunyoga keldi va turfa millat vakillarining yagona diyori bo’lgan mustaqil O’zbekistonda chinakam qadriyat sifatida qayta qad tikladi. Qo’hna va navqiron ushbu ayyomda turmush-tarzimiz bilan bog’liq ko’plab an'ana va udumlar bor. Zero, bu an'analar tag-zamirini muhtojlarga g’amxo’rlik qilish, ularni qo’llab-quvvatlashdek xayrli ishlar tashkil etadi.

Navro’z - mehr-shafqat, muhabbat, xayr-saxovat bayramidir. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati shu kabi ezgu ishlardan hech qachon chetda qolmaydi.

Kombinatga biriktirilgan ijtimoiy muassasalarda ko’plab tadbirlar olib borilmoqda. Qaramog’imiz va vasiyligimizdagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda, "Mehribonlik" va "Muruvvat" uylarida nafaqat bayramona saxovat tadbirlarini o’tkazamiz, balki ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlab, ta'mirlash ishlarini ham olib boramiz. Bizning jamoamiz ko’p yillardan buyon Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga, mehnat fronti qatnashchilariga, kombinat faxriylariga, kam ta'minlangan va ko’p bolali, shuningdek, ishlab chiqarishda boquvchisini yo’qotgan oilalarga, kam ta'minlangan yolg’iz qariyalarga keng ko’lamli yordam berib kelmoqda. Nafaqat Navro’zda, balki har bir bayramda ko’makka muhtoj hech bir inson, hech bir nuroniy e'tiborimizdan chetda qolmaydi. Men fursatdan foydalanib shuni ta'kidlashni istardimki, har birimiz o’z imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda, yaqinlarimiz, sobiq hamkasblarimiz, qo’shnilarimizga ma'nan, moddiy, qolaversa, ularning qandaydir muammolariga yechim topishda qo’limizdan kelganicha  yordam berish uchun vaqt topaylik. Bu savob ishimiz ertaga albatta o’z mahsulini beradi. Agar biz farzandlarimizga keksa avlodga bo’lgan munosabatlarimiz bilan ibrat bo’la olsak, shubhasiz, ular bu ezgulikning davomchilari bo’lishadi.

Kombinat mehnat jamoasi saxovat tadbirlari bilangina ajralib turmaydi. Biz uchun eng asosiysi - bashorat ko’rsatkichlarini bajarish, ma'dan qazib olish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni oshirish. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida nafaqat oyoqqa turish, jamoani saqlash, ishlab chiqarish ko’rsatkichini tushirmaslik, kombinatning kelgusi faoliyatini ta'minlashga yo’naltirilgan investision dasturlarning to’xtab qolishiga yo’l qo’ymasligimiz kerak. Biz kombinat kelajagi, shuningdek, bizning ishimizni davom ettirish uchun bugun safimizga qo’shilayotgan va  ertaga kombinat ishchilari safiga keladigan yoshlar oldida mas'ulmiz. Ular muqaddas va sevimli Vatanimizning iqtisodiy barqarorligiga o’z ulushlarini qo’shadigan avloddir. Bugungi kunda  kombinat mehnat jamoasi yoqilg’i-energetika, xom-ashyo,  ehtiyot qismlar va materiallar, shuningdek, boshqa manbalarni iqtisod qilish hisobiga ishlab chiqarilayotgan mahsulotimizning tannarxini tushirish yo’lida muntazam ish olib bormoqda. Vaholanki bu juda zarur va ko’lami keng faoliyatdir. O’z vatani va korxonasining fidoyisi bo’lgan, davlatimizning kelgusida gullab-yashnashini hamda o’z oilasi farovonligi oshishini istagan har bir kombinat ishchi-xodimi bu faoliyatda ishtirok etishi shart.

Hozirgi murakkab bir sharoitga qaramasdan, biz o’z oldimizga qo’yilgan vazifalarni bajarib kelmoqdamiz. Shuningdek, sanoat hududlarimiz va shaharni obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirishda salmoqli ishlarni olib borayapmiz. Joriy yilda biz korxonalarimizga biriktirilgan ko’chalar, ko’p qavatli uylarning hududlarini tartibga keltirish ishlarini juda erta boshladik. Bu sa'yi-harakatlarimiz o’z mevasini berdi  -  bayramni orasta va ko’rkam shaharda kutib olayapmiz. Sex va bo’limlarimiz jamoasi tomonidan olib borilgan obodlik ishlarini hamshaharlarimiz, mahalla ahli ham doim qo’llab-quvvatlashini, hayrihoh bo’lib, uni davom ettirishini istardim, shundagina Navro’z bayramining shukuhi uzoq davom etadi.

Shu bahoriy yasharish, donishmandlik va ezgulik ayyomida barchaga salomatlik va baxt, yanada farovonlik, faoliyatlarida, tafakkur va harakatlarida zafar tilayman! Yaratish, yashnatishdek ezgu orzular ro’yobida kuch-quvvat yor bo’lsin!

Tinchligi barqaror, osmoni musaffo, quyoshi porloq buyuk mamlakatimiz va barakali o’lkamiz xalqining oldiga qo’ygan barcha orzu-maqsadlarida muvaffaqiyat hamroh bo’lsin!

Aleksandr FARMANOV,

"Olmaliq KMK" AJ bosh direktori,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech