http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Rahbaryatning chiqish va bayonotlari

Xotira aziz, qadr muqaddas!

on .

Qadrli Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilari! hurmatli ishlab chiqarish faxriylari, keksa avlod vakillari, OKMK mehnatkashlari va hamshaharlar!

Sizlarni Xotira va qadrlash kuni bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etaman!

Xotira va qadrlash kuni - bu kun biz, jonajon o’lkamizning ko’p asrlik tarixida xalqimiz manfaatlarini himoya qilib, vatanimiz uchun jang qilgan va uning gullab-yashnashi yo’lida kamarbasta bo’lganlarni, Ikkinchi jahon urushi janggohlaridan qaytmaganlarni, front ortida fidoyi mehnat qilganlar, bosib olingan hududlarda yashayotganlarni qutqarib, bizning mamlakatimizga evakuasiya qilganlarni, shuningdek, turli yillarda davlat manfaati yo’lida ko’ksini qalqon qilgan, tartib saqlash, bunyodkorlik va musaffo osmonimiz himoyasida sobit turganlarni xotirlaymiz. Bu kun mustaqil mamlakatimiz mustaqilligi va uni yanada mustahkamlash uchun o’zining munosib ulushini qo’shganlar sharaflanadigan mo’'tabar kundir.

Bugungi avlod va ertamiz vorislari uchun, eng avvalo, ertangi kunga bo’lgan ishonchimizni ta'minlaydigan, bunyodkorlik ishlarimiz uchun imkon beradigan, mamlakatimizning kelgusidagi istiqboli va farzandlarimiz iqbolini kafolatlaydigan tinchlik va xotirjamlik eng ustuvor vazifadir.

Ayni davrda yaqin va uzoq xorijda yuzaga kelgan holatlar xavfli va tahdidli ko’rinish olayotgan vaziyatning naqadar muhim va dolzarb ekanligini yaqqol ko’rsatmoqda. Shu bois ham hayotning o’zi har birimizdan ogoh va hushyor bo’lishni, loqaydlik va beparvolikka yo’l qo’ymasligimizni talab qilmoqda.

O’zbekistonda barcha davlatlar bilan o’zaro manfaatli hamkorlik va kelgusida do’stona munosabatlarni mustahkamlash, kelishmovchilik va qarama-qarshiliklarni faqat siyosiy, faqat tinchlik yo’li bilan hal etishga qaratilgan to’g’ri siyosat olib borilayotganini alohida ta'kidlash joiz. Mustaqil mamlakatimiz hukumati ma'lum bir harbiy-siyosiy bloklarga qo’shilmaslik, O’zbekiston hududida chet el davlatlarining harbiy bazalari joylashtirilishi va harbiylarimizning Vatanimiz tashqarisida bo’lishlariga yo’l qo’ymaslik siyosatini yuritayotgani nihoyatda muhimdir.

Bizning xalqimiz urush nima ekanligini yaxshi biladi. O’zbekistonlik har bir oila uning iztirobli yillarini boshidan o’tkazgan. Shu bois, ona zaminimizda o’sha dahshatlarni sodir etilishiga yo’l qo’ymasligimiz, farzandlarimiz hech qachon ota-bobolari qismatini boshidan o’tkazmasliklari uchun qo’limizdan kelgan barcha sa'yi-harakatlarni amalga oshirish har birimizning muqaddas burchimizdir. Bugunimiz asoschilari bo’lganlar, ya'ni  urush va mehnat fronti ishtirokchilariga, mehnat faxriylariga keng ko’lamli yordam berish borasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati jamoasi tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Biz o’z hayoti va beqiyos matonati evaziga bizga tinch-osuda hayotni tuhfa qilganlarni, o’tganlarni cheksiz ehtirom bilan yodga olishimiz va bugun biz bilan birga bo’lgan jasorat egalarining muammolarini hal qilish, zarur shart-sharoitlar bilan ta'minlash va ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlashimiz zarur.

Hurmatli faxriylar, kombinat mehnatkashlari, hamshaharlar!

Insoniyat tarixidagi eng shafqatsiz, qahrli, ayovsiz, qonli urushni yod etar ekanmiz, endilikda bunday fojea hech qachon takrorlanmasligining tarafdorimiz! Biz faqat ezgu bir tilak bilan yashaymiz - ertangi kunimiz yorug’, osmonimiz musaffo bo’lsin, oliyjanob orzu-maqsadlarimiz esa ushalsin.

Ushbu bayram kunida barchangizga chin dildan mustahkam sog’lik, baxt, tinchlik, quvonch, farovonlik, atrofingizdagilarning hurmati va yaqinlaringizning muhabbatini tilayman.

Saxiy va barakotli zaminimizda tinchlik va xotirjamlik hukm sursin. Vatanimiz osmoni musaffo bo’lsin!

Aleksandr FARMANOV,

"Olmaliq KMK" AJ bosh direktori,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech