http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Sport hayotidan

O’zbekiston superligasi 25-turi:  AGMK - “Qizilqum” uchrashuvi

on . Posted in Sport hayotidan

27-noyabr kuni O’zbekiston Milliy chempionatining 25-tur doirasida Olmaliq kon metallurgiya kombinati sport majmuasi maydonida superliga jamoalari — AGMK va “Qizilqum” o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi.

O’yinni bosh hakam Asker Najafaliyev, nazoratchi Noil Lutfullin hamda komissar Sardor Qudratullayevlar kuzatib borishdi.

Shu o’rinda, Superliganing 25-turi doirasidagi AGMK – “Qizilqum” uchrashuvi Olmaliqda o’tgan joriy mavsumdagi oxirgi o’yinga aylandi.

Havoning sovuq bo’lishiga qaramay mazkur uchrashuvda o’z jamoalarini qo’llab-quvvatlash uchun fidoiy hamda sadoqatli muxlislar tashrif buyurishdi.

O’yin qizg’in tarzda boshlandi. Uchrashuvning dastlabki – 8 daqiqasidayoq birinchi gol uchun zamin yaratildi. AGMKning faollaridan  Zohir Pirimovga  qarshi jarima maydonchasi ichida qo’pol o’ynagan Sherali Jo’rayev ogohlantirildi va penalti belgilandi. Bundan unumli foyladangan Elguja Grigalashvili jamoamizning dastlabki goli mallifiga aylandi. 1:0

Bahsning 14-daqiqasida esa AGMKning markaziy himoyachi Sardor Rahmonov jarohati tufayli o’yinni davom ettira olmadi va o’rniga Vladislav Kasminin maydonga tushdi. Oradan 1 daqiqa o’tgach “Qizilqum” a’zosi Mate Vatsadzening jarima maydonchasi atrofidan tepgan zarbasi golga aylandi va o’yinda muvozanat tiklandi. 1:1

Birinchi bo’lim so’nggida yana qo’pol xatolikka yo’l qo’ygan “Qizilqum” hujumchisi Sherali Jo’rayev maydondan chetlatildi. Shu tariqa birinchi taym durrang natija bilan yakuniga yetdi.

Tanaffusdan keyin AGMK jamoasi ustunlikni o’z qo’liga olib, hujumga zo’r berdi. Dastlab 56-daqiqada Zafar Polvonov Akmal Shorahmedovning uzatmasidan keyin boshi bilan darvozani ishg’ol qilgan bo’lsa, oradan 9 daqiqa o’tib Jasur Umarovning ajoyib “reyd”ini golga aylantirdi. O’yin tugashiga 13 daqiqa qolgach esa yana Zafar Polvonov uchrashuvdagi xet-trigini nishonlab, bellashuvdagi yakuniy hisobni o’rnatdi – 4:1.

Shu tariqa AGMK jamoasi Olmaliqdagi joriy mavsum hisobidan oxirgi o’yinida yirik hamda ishonchli g’alabani qo’lga kiritdi.

Xayrulla Karimov, “AGMK” PFK yordamchi murabbiyi — “Havo sovuq bo’lishiga qaramasdan yaxshi o’yin guvohiga aylandik. Dastlab futbolchilar qizib olishlariga qadar o’yin ritmiga kirish biroz mushkulroq kechdi. Ammo vaqt o’tishi bilan barchasini iziga tushirib, tashabbusni to’liq o’z qo’limizga oldik. Kerakli gollar urildi va o’yin nazorati ushlab turildi. Intilgan maqsadga erishib g’alaba qozondik. Jamoamizning joriy mavsum Olmaliqdagi oxirgi o’yinda g’alaba qozonishi, muxlislarni xursand qilishi yoqimlidir. O’z o’rnida noqulay ob-havoga qaramasdan stadionga kelib sportchilarimizni qo’llab-quvvatlagan ishqibozlarga, o’yinda yaxshi harakat qilgan futbolchilarga rahmat”.

Hamidjon Aktamov, “Qizilqum” PFK bosh murabbiyi: — “Ikkala taymda ikki xil o’yin namoyish etdik. Farq yer bilan osmoncha bo’ldi. Birinchi taymda yaxshi o’ynadik. Penaltidan gol o’tkazgan bo’lsak ham hisobni tenglashtirdik, yana gol urish uchun imkoniyatga ega bo’ldik. Agar shu vaziyatlardan foydalanganimizda barchasi boshqacha bo’lardi. Keyin esa kutilmagan chetlatish, jamoani qiyin ahvolga tushirib qo’ydi. Agar qizil kartochka bo’lmaganda hisob boshqacha bo’lardi. Nima ham derdim, AGMK yaxshi jamoa, keyingi o’yinda ham omad tilayman. Barchasini maydonda ko’rdik”.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech